
O‘runov “qariyalar” ichida qolib ketdi
Asli Moskvaning “Spartak” klubiga tegishli bo‘lgan Oston O‘runov joriy mavsumni ijara asosida “Ufa”da o‘tkazayotganidan xabaringiz bor.
Ufaliklar tarkibiga qo‘shilganidan keyin atigi ikki marta maydonda ko‘rinish bergan legionerimiz keyinchalik ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Yaqinda “Ufa” bosh direktori Shamil Gazizov o‘zbekistonlik yarim himoyachining barmog‘i singani haqida ma’lumot bergandi.
Kuni kecha, O‘runov jarohatidan qutilib, yana umumiy guruh mashg‘ulotlariga qaytgani xushxabar sifatida e’lon qilindi.
Xalqaro sport tadqiqotlar markazi yaqinda Rossiya premer-ligasidagi jamoalarda o‘ynayotgan futbolchilarning o‘rtacha yoshini aniqlash bo‘yicha tadqiqot o‘tkazdi va natijalarini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, premer-liganing eng yosh jamoasi sifatida “Krilya Sovetov” futbolchilari tan olindi. Bu jamoa vakillarining o‘rtacha yoshi 24,84 ni tashkil qildi. Samaraliklardan keyingi o‘rinlar poytaxt klublari – Oston O‘runovga javob berib yuborgan “Spartak” (25,34 yosh) va “Dinamo” (25,83) jamoalariga nasib etdi.
Rossiya chempionatidagi eng yoshi katta futbolchilarni jamlagan jamoa “Sochi” bo‘lib chiqdi. Kurort shahar jamoasi sharafini himoya qilayotgan o‘yinchilarning o‘rtacha yoshi 29,12 yoshni tashkil qildi.
Ikkinchi o‘rindan mamlakat chempionligini hech kimga bermay kelayotgan “Zenit” joy oldi. Piterliklar tarkibining o‘rtacha o‘rtacha yoshi 28,51ga teng ekan.
“Ufa” bu borada kuchli uchlikdan joy oldi. Ufaliklar jamoasidagi futbolchilarning o‘rtacha yoshi 28,11 yosh bo‘lib chiqdi.
Boshqirdiston jamoasidagi eng yoshi katta futbolchilar darvozabon Aleksandr Belenov, himoyachilardan Boyan Yokich, Aleksandr Suxov va yarim himoyachi Oleg Ivanov ekan. Ularning barchasi 35 yoshni urib qo‘yibdi.
Oston O‘runov ufaliklar tarkibidagi eng yosh ikki futbolchidan biri. 20 yoshli hamyurtimiz jamoada faqatgina 17 yashar Danil Axatovdan katta ekan. Rossiya milliy terma jamoasidan taklif olgan “Ufa” to‘purari Gamid Agalov ham endigina 21 yoshni qarshi olgan umidli futbolchilardan hisoblanadi.
“Ufa” Rossiya premer-ligasida to‘qqizta uchrashuvdan ikkitasida g‘alaba qozongan, yana ikki marta durang o‘ynagan va besh bora imkoniyatni boy bergan. Hozircha, Oston O‘runov jamoasi 8 ochko bilan 12-o‘rinda bormoqda.
Ufaliklar 2 oktyabrga belgilangan o‘ninchi tur uchrashuvida o‘z maydonida chempionat autsayderi “Ural”ni qabul qiladi. Jarohatidan qutilgan Oston O‘runov bir necha haftalik tanaffusdan so‘ng, aynan mana shu bellashuvda maydonga tushishi kutilmoqda.
Fikrlar