Oston O‘runovning yoshi o‘zgartirilmagan! O‘FA Yuranning ayblovi bo‘yicha rasmiy bayonot berdi

  • 19 dekabr, 2020, 20:59
  • Suhrob Xolbekov
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Xabaringiz bor, bir necha kun avval, sobiq futbolchi Sergey Yuran “Match Premer” telekanaliga bergan intervyusida O‘zbekiston milliy terma jamoa a’zosi Oston O‘runovning asl yoshi hujjatlardagidan ko‘ra kattaroq ekanligi haqida gapirgan edi.   

Tecno

O‘z navbatida, “SKA-Xabarovsk” futbol klubi bosh murabbiyining bu fiklari katta muhokamalarga sabab bo‘layotgan edi.

Biroz avval, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Oston O‘runov bo‘yicha rasmiy bayonotini e’lon qildi. 

"Oston O‘runov O‘zbekistonning o‘smirlar, yoshlar, olimpiya va milliy terma jamoalari safida xalqaro miqyosdagi uchrashuvlarda maydonga tushib kelmoqda. Qit’ada yosh kichraytirish bilan bog‘liq muammolarni oldini olish uchun Osiyo futbol konfederatsiyasi tomonidan qo‘yilgan talabga muvofiq, O‘runov bir necha bor Magnit-rezonans tomografiyasidan (MRT) o‘tkazilgan. Tahlil xulosasiga ko‘ra, futbolchining OFK tasnifiga kiruvchi musobaqalarda ishtirok etishiga ruxsat berilgan.

Sergey Nikolaevich, shubhasiz, haqiqatdan bexabar va o‘zbek futbolidagi hozirgi vaziyat to‘g‘risida umuman tasavvurga ega emas. Nafaqat O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, balki O‘zbekiston hukumati ham futbolchilarning yosh kichraytirish bilan bog‘liq muammolarga qarshi kurashishda barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirib kelmoqda. Istisnosiz, barcha futbolchilarning hujjatlari, ularning yoshligidan boshlab, shu jumladan Respublikaning vakolatli organlari tomonidan o‘rganiladi va tekshirib boriladi.

Oston O‘runov nafaqat mamlakatimiz, balki butun Osiyodagi iqtidorli va istiqbolli futbolchilardan bir hisoblanadi. Futbolchiga nafaqat Rossiyaning, balki Evropaning boshqa mamlakatlarida qiziqish katta. Ishonchimiz komilki, agar O‘runovning yoshi kichik qilib ko‘rsatilgan yoki Sergey Yuran fikr bildirganidek, “hamma bu haqda bilgan” bo‘lsa, chet elda mazkur futbolchiga bunday faol qiziqish bo‘lmagan bo‘lar edi.

Yuranning o‘ylamay aytgan so‘zlari Oston O‘runovning obro‘siga putur etkazadi hamda butun O‘zbekiston va Osiyodagi futbolchilarni tayyorlash tizimiga soya soladi. Sobiq futbolchi Sergey Yuran uning so‘zlari tufayli futbolchiga qanday ma’naviy zararni etkazib qo‘yganini anglolmasa ham kerak. Ko‘rinishidan odob-axloq, to‘g‘riso‘zlik va o‘zi kabi futbolchilar bilan birdamlik tushunchalari Yuran uchun begonaga o‘xshaydi.

Biz Sergey Yuranning bayonotini asossiz va mas’uliyasizlik, deb hisoblaymiz hamda Oston O‘runovning yoshi bo‘yicha aytgan ayblovlari uchun darhol aniq dalil-isbot keltirishini talab qilamiz. Bundan tashqari, ushbu mutaxassis Oston O‘runov, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi hamda butun o‘zbek futboli jamoatchiligidan rasmiy ravishda uzr so‘rashini talab qilamiz.

Shuningdek, Rossiya futbol ittifoqi (RFS) Etika qo‘mitasini ushbu holatni sinchkovlik bilan o‘rganishga hamda O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Oston O‘runovga, o‘z navbatida, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi obro‘siga putur etkazadigan ayblov bilan chiqish qilgan Sergey Yuranga chora ko‘rishga chaqiramiz." deyiladi O‘FA bayonotida.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Liverpool fan
19/12/2020 23:37
Искирт Юран