Ovora bo‘lma, baribir Husanovning o‘rnini ololmaysan!
“Manchester Siti”da bosh murabbiy Xosep Gvardiola kutgan vaziyat yuzaga keldi. Ya’ni, maydondagi har bir pozitsiyada o‘ynash maqsadida boshlang‘ich tarkibga kirish uchun bir necha futbolchi o‘zaro raqobatlasha boshladi.
Ko‘pchilikni “Manchester Siti”ning eng nozik nuqtasi – o‘ng qanot himoyasidagi vaziyat qiziqtirmoqda. Avvaliga Joau Kanselu, yanvar oyida Kayl Uoker ketganidan keyin bu pozitsiya haqiqiy boshog‘rig‘iga aylandi.
Hozir bu pozitsiyaga uch da’vogar – Abduqodir Husanov, Mateush Nunesh va Riko Lyuis bor. Angliya futbolini yoritib kelayotgan yirik manbalar “Manchester Siti” tarkibini tahlil qilish jarayonida o‘ng qanot himoyasidagi vaziyatga oydinlik kiritdi. Bu pozitsiyada muntazam o‘ynashga Husanov asosiy da’vogar ekanini inobatga olib, sports.uz portali ushbu maqolani o‘z o‘quvchilari e’tiboriga haqola qiladi.
- Abduqodir Husanov “Manchester Siti” himoya chizig‘ida o‘ng qanotni o‘ziniki qilib olgan bir pallada jarohat olib, safdan chiqdi. “Arsenal” bilan “Emireyts” arenasida bo‘lgan uchrashuvda yosh himoyachining oyog‘i shikastlandi. Durang bilan (1:1) yakunlangan o‘sha bahsning ikkinchi bo‘limida o‘zbek futbolchisi o‘rnini Mateush Nunbesh egalladi. Londondagi bahsda vazifalarini to‘g‘ri bajargan portugaliyalik futbolchi “Byornli” va “Brentford”ga qarshi keyingi ikki uchrashuvda ham yaxshi o‘ynadi.
Husanovning jarohati tufayli Nunesh o‘ng qanot himoyachisi o‘rnida o‘ynash imkoniga ega bo‘ldi. Oxirgi ikkita o‘yinda mustahkam himoyalanish bilan birga hujumlarda faol ishtirok etdi va “Brentford” darvozasini ishg‘ol qilishni ham uddaladi.
Shunga qaramay, Nuneshga barqarorlik etishmaydi. Uning asosiy kamchiligi muhim uchrashuvlarda qo‘pol xato qiladi va ko‘pincha, kontsentratsiyani yo‘qotib qo‘yadi. Bu jamoaga qimmatga tushgani o‘tgan mavsumda bir necha bor ko‘rindi. Agar portugaliyalik futbolchi so‘nggi ikki o‘yindagidek ishonchli o‘ynasa, “Siti” uchun kerakli o‘yinchi darajasiga ko‘tariladi.
Biz ekspertlarning fikricha, baribir o‘ng qanot himoyasi Abduqodir Husanovga tegishli. Asli markaziy himoyachi bo‘lgan o‘zbek legioneri bundan keyin o‘ng qanotda asosiy figuraga aylandigan ko‘rinadi. Mateush Nunesh esa, Xosep Gvardiolaga Abduqodir Husanovga dam berish kerak bo‘lgan vaziyatda yoki raqib o‘yinidan kelib chiqib, o‘ng qanotdan hujum uyushtirish ehtiyoji paydo bo‘lgan pallada rotatsiya o‘yinchisi sifatida kerak bo‘ladi xolos. Shunda ham, Mateush imkon berilgan paytda himoyani mustahkam ushlash barobarida hujumda samarali o‘ynashi talab etiladi, - deb yozmoqda esteemedkompany.com sayti eksperti Adam Marrett.
Yana bir manba – cityxtra.co.uk sayti mutaxassislari ham “Manchester Siti” imkoniyatlari tahlil qilingan materialida Abduqodir Husanov masalasiga alohida to‘xtaldi.
- Sport direktori Ugo Viana oldida yanvar oyidagi transferlar davrida “Manchester Siti”ning asosiy muammosini echib berish masalasi turibdi. Klub rahbarlari orasida o‘ng qanot himoyachisi pozitsiyasi ko‘p muhokama qilinmoqda. Xosep Gvardiola vaqtinchalik echimlarni qo‘llash orqali vaziyatdan chiqib kelyapti.
Joau Kanselu va Kayl Uokerdan keyin jamoada asli ampluasi o‘ng qanot himoyachisi bo‘lgan o‘yinchi qolmadi. Yozda bu pozitsiyani yopish uchun “Inter”dan Denzel Dyumfris va “Nyukasl”dan Tino Livramentoni olish masalasi ko‘rib chiqildi.
Klub bu joyda o‘ynab kelgan Riko Lyuis va Mateush Nuneshga tushayotgan bosimni kamaytirishga urindi. Ayniqsa, o‘ng qanotda Abduqodir Husanovning paydo bo‘lishi vaziyatni keskin o‘zgartirib yubordi. O‘zbek futbolchisining ketma-ket bir necha uchrashuvda o‘ng qanot himoyachisi vazifasini yuqori darajada uddalagi Xosep Gvardiolaning olqishlariga sayubab bo‘ldi. Afsuski, uning kutilmaganda jarohatga yo‘liqqani qo‘shimcha muammolarni keltirib chiqardi.
Taniqli ekspertlardan Jek Goganning ma’lum qilishicha, “Manchester Siti” o‘ng qanot himoyachisi transferini amalga oshirish uchun Abduqodir Husanovning jarohatdan keyingi ahvoliga qarab ish ko‘radi. Agar 21 yoshli himoyachi xalqaro tanaffusdan keyin maydonga tushganida yuqori sport formasini namoyish qilsa, “shaharliklar” o‘ng qanotga yangi himoyachi olish masalasini kamida kelasi yozgacha qoldiradi.
“Manchester Siti” fanatlari o‘ng qanot himoyasida Abduqodir Husanovning o‘ynashini kutmoqda. Riko Lyuis va Matush Nunesh esa, rotatsiya o‘yinchilari sifatida zarur paytda o‘zbek futbolchisining o‘rniga maydonga tushishi mumkin, - deb yozdi cityxtra.co.uk sayti mutaxassisi Freddi Pay.
Ta’kidlash joizki, Abduqodir Husanov 5 oktyabrga qadar safga qaytishi kutilgan edi. Biroq, davolanish muddati cho‘zildi. Shu bois, himoyachimiz O‘zbekiston milliy terma jamoasining yangi bosh murabbiy Fabio Kannavaro boshqarayotgan yig‘iniga kela olmadi.
Abduqodir Husanov FIFA kunlari munosabati bilan e’lon qilingan xalqaro tanaffus yakunlanganidan keyin, ya’ni 18 oktyabr kuni Angliya Premer-ligasining navbatdagi turida “Everton” bilan bo‘ladigan bahs oldidan safga qo‘shilishi kutilyapti.
O‘zbekiston yagonaligicha qoldi: Biz kutgan yana bir terma jamoa jahon chempionatiga chiqolmadi
Husanov “Manchester Siti”da o‘zgarish yasadi
O‘zbekiston va Urugvay uchrashuvi hisobi oldindan aytildi
O‘zbekistonga qarshi saf tortadigan Urugvay nimasi bilan kuchli?
Husanov mashhur futbolchining mundialga yo‘lini to‘sib qo‘ydi
Fikrlar