
O‘zbekiston futbolchilarini BAAda nimalar kutyapti?
5 iyun kuni Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahridagi “An-Nahayyon” stadionida o‘tkaziladigan uchrashuv O‘zbekiston milliy terma jamoasi uchun tarixiy ahamiyat kasb etadi.
Timur Kopadze shogirdlari shu kuni mezbonlar bilan to‘qnashuvda har qanday ijobiy natija qayd etsa, o‘z tarixida ilk bor jahon chempionatiga yo‘l oladi.
2026 yilgi mundialning Osiyodagi saralash turniri uchinchi bosqichida uchta guruhdan ikkitadan terma jamoa to‘g‘ridan to‘g‘ri jahon chempionati final qismiga yo‘llanma olishi belgilab qo‘yilgan. O‘zbekiston joy olgan “A” guruhida Eron terma jamoasi birinchi bo‘lib maqsadiga erishdi.
Ikkinchi yo‘llanma uchun da’vogar bo‘lgan ikki terma jamoa – O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari masalaga 5 iyun kuni oydinlik kiritadi.
Hozircha, hamyurtlarimiz bo‘lajak raqibni to‘rt ochkoga ortda qoldirmoqda va Abu-Dabidagi durang natija ham bizni mundialga etaklaydi.
Ayni paytda futbol ekspertlari har ikki jamoaning imkoniyatlarini chamalash va tahlil qilishga e’tibor qaratgan.
Saralashning uchinchi bosqichida O‘zbekiston milliy terma jamoasi sakkizta uchrashuvdan beshtasida zafar quchdi, guruh peshqadami Eron bilan ikki bor durang o‘ynadi va Qatarga qarshi safar uchrashuvida so‘nggi soniyadagi gol evaziga bir marta mag‘lub bo‘ldi.
Umumiy hisobda futbolchilarimiz oxirgi 25 ta uchrashuvda faqat bir marotaba engilgani alohida tilga olinmoqda.
Guruh bahslarida BAA vakillari to‘qqizinchi turga to‘rtta g‘alaba, bitta durang va uchta mag‘lubiyat bilan etib keldi. Shu bois, amirlik futbolchilari ikkinchi yo‘llanmaga da’vogarlik qilish imkoniyatini saqlab qolish uchun faqat g‘alabani ko‘zlab o‘ynashga majbur.
Bu termalarning Toshkentda o‘tgan dastlabki uchrashuvida Otabek Shukurovning 11 metrlik belgidan kiritgan yagona goli g‘alabimizni ta’minlagan edi.
2026 yilgi jahon chempionati saralash turnirida samaradorlik bo‘yicha Eldor Shomurodov peshqadamlik qilayotganini eslatib o‘tish lozim. “Roma” hujumchisi xalqaro maydonda to‘rttadan gol va assist qayd etgan.
Kuni kecha Rossiya kubogini qo‘lga kiritgan Abbosbek Fayzullaev mundial yo‘lidagi bellashuvlarda to‘rtta gol urib, bir juft golli pas uzatdi.
Samaradorlik bo‘yicha Oston O‘runov (4+1), Otabek Shukurov (3+2) va Jaloliddin Masharipov (1+4) ham besh balldan to‘plaganini aytib o‘tsak bo‘ladi.
Statistikalarga ixtisoslashgan wildstat.ru portalida O‘zbekiston va BAA terma jamoalari o‘zaro 16 marotaba kuch sinashgani qayd etilgan. Bu bahslarda arablar etti bor, o‘zbeklar besh marotabadan g‘alaba qozongan. Yana to‘rtta uchrashuvda kuchlar teng kelgan.
Jami 16 ta uchrashuvdan beshtasi jahon chempionatlari saralash turnirlariga to‘g‘ri kelgan. Bu bellashuvlardan uchtasida raqib terma jamoaning qo‘li baland kelgan, bir bor tomonlar durangga rozi bo‘lgan. Yuqorida keltirilganidek, 2024 yilning oktyabriga to‘g‘ri kelgan so‘nggi rasmiy uchrashuvda omad “oq bo‘rilar”ga kulib boqdi.
Sports.uz portali ushbu sharh oxirida Birlashgan Arab Amirliklari va O‘zbekiston milliy terma jamoalarining o‘zaro raqobatiga oid qiziqarli faktlarni keltirib o‘tishni ma’qul topdi.
Marhamat tanishing:
BAA oxirgi beshta uchrashuvda faqat bir bor g‘alaba qozondi.
* * *
O‘zbekiston oxirgi 25 ta o‘yinda bir marta yutqazdi
* * *
O‘zbekiston BAAni oxirgi o‘zaro to‘rtta uchrashuvdan uchtasida mag‘lub etgan
* * *
BAA aprel oyida ruminiyalik bosh murabbiy Kozmin Olaroyuni bo‘shatib, o‘rniga Paulu Bentuni tayinladi.
* * *
BAA terma jamoasining eng zo‘r to‘purari Ali Mabxut xalqaro miqyosda 113 ta uchrashuvda 85 ta gol urgan.
* * *
O‘zbekiston milliy terma jamoasining eng zo‘r to‘purari Eldor Shomurodov xalqaro maydonda 80 ta o‘yinda 41 ta to‘p kiritgan.
Eslatib o‘tamiz, Birlashgan Arab Amirliklari va O‘zbekiston milliy terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv 5 iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 21:00 da boshlanadi.
Fayzullaev o‘ziga nega “yomon” baho berdi?
Bunaqasi bo‘lmagan: Husanov, Shomurodov va Fayzullaev haqida!
Fikrlar