
Qahramonlik ko‘rsatgan Shomurodovning o‘yini qanday baholanmoqda?
A seriyaning 12-turiga kelib, Eldor Shomurodovning yo‘llari ochilib ketdi. Ketma-ket ochko yo‘qotishlar, mag‘lubiyatlar va tanqidlardan keyin Joze Mourino “Venetsiya”ga qarshi uchrashuvda yozda olingan ikki markaziy hujumchi – Eldor Shomurodov va Temmi Abraxamni boshlang‘ich tarkibda o‘yinga tushirdi.
Aytish joizki, gollarga boy bo‘lgan uchrashuvda aynan mana shu ikki futbolchi “Roma” gollariga o‘z hissasini qo‘shdi.
“Roma”ning 2:3 hisobidagi alamli mag‘lubiyati bilan yakunlangan uchrashuvda rimliklarning hisob tenglashtirgan birinchi golini Eldor Shomurodov 43-daqiqada kiritdi. Uning gol urishida Abraxamning xizmati katta bo‘lganini alohida ta’kidlash lozim. Legionerimiz 12-turga kelib, “Roma” futbolchisi sifatida A Seriyadagi debyut golini nishonladi.
Oradan ikki daqiqa o‘tib, Shomurodov qarzini uzib qo‘ydi. Eldor Shomurodov angliyalik hamkasbi Abraxamga o‘ta qulay pas oshirib, jamoasini hisobda oldinga chiqib olishiga zamin yaratdi.
O‘yinni ikkinchi yarmida “Roma” ikkita to‘p o‘tkazib yubordi va Shomurodovning qahramonligi jamoasini mag‘lubiyatdan qutqara olmadi.
“Roma”ning ashaddiy muxlislari mag‘lubiyatdan g‘azabda va ijtimoiy tarmoqlarda Joze Mourinoni kesqin tanqid qilmoqda. Ular portugaliyalik murabbiyni jangovar tarkib tuza olmaganlikda va tarkib tanlashda xatoga yo‘l qo‘yayotganlikda ayblashmoqda. Shuningdek, rimlik ishqibozlarni himoyaning bo‘shligi ham jumbushga keltirmoqda.
Sports.uz portali ijtimoiy tarmoqlardagi izohlar orasidan Eldor Shomurodovga tegishli fikr-mulohazalarni o‘zbekistonlik muxlislar e’tiboriga havola qilishni davom ettiradi.
Demak, bittadan gol va assist muallifi haqida nimalar deyishmoqda?
Carrie Foo:
“Roma” Mourinoga sarflash uchun yana qancha mablag‘ beradi? Jozening talablarini qondirishga “Roma”ning ortiqcha byudjeti yo‘q. Eldor Shomurodov va Temmi Abraxamni sotib olishgani yaxshi bo‘lgan ekan. Ular bugun o‘zini ko‘rsatdi. Lekin yarim himoya va mudofaa chizig‘ini mustahkamlashga pul topilmayapti.
Ferid-Braco Ekinović:
Edin Jekoni bepul berib yuborib, Shomurodov va Abaxamni qariyb 60 millionga sotib olishdi. Bu hujumchilar nihoyat birgalikda samara bera boshladi.
Amahle Mackayar:
Agar Joze Mourino Brayan Kristantega ishonishda davom etaversa, tez orada ishsiz qoladi. Bu yigit umuman befoyda o‘yinchi. O‘yinga qo‘shilgan Nikola Dzanoli ham xudbinlarcha o‘ynaydi va foyda keltirmay qo‘ydi. Ulardan Eldorning foydasiga ko‘p tegyapti.
Marco Pittaluga:
Eng yuqori bahoni Shomurodov va Abraxamga beringlar. “Roma”ning hujumida sifat oshib, yaxshi davrlar kelishini ishonch bilan kutish kerak edi xolos. Mourino ham qo‘l ostidagi futbolchilardan foydalanishni o‘rgansa yaxshi bo‘lardi.
Massimo Civita:
Ikkinchi bo‘limni rasvo qilishdi. Jordan Veretu va Brayan Kristante ishonchni oqlamadi. Temmi va Eldor birga o‘ynashlari kerakligi ma’lum bo‘ldi. Mourino taktikani shunga moslab, o‘zgartirishi shart. Shomurodov va Abraxamdan boshqalariga uyat! Bu ketishda Mourinoning o‘rniga yangi murabbiy topishga to‘g‘ri keladi. Zaxira o‘rindig‘ida o‘yinni kuchaytiradigan hech kim yo‘q. Qishda bo‘sh o‘rinlarni to‘lidirish kerak, lekin bu juda ko‘p pulni talab qiladi.
“Roma” so‘nggi ettita uchrashuvdan faqat bittasida zafar quchdi, qolganlarida durang va mag‘lubiyat. Joze Mourino jamoasi bu o‘yin bilan joriy mavsum uchun oldiga qo‘yilgan vazifa – milliy chempionatda kuchli to‘rtlikka kirib, Evropa Chempionlar ligasiga yo‘llanma olish, Italiya kubogi va Konferentsiyalar ligasida bosh sovrinni qo‘lga kiritishni uddalay olmasligi aniq.
Demak, Joze Mourino oldida hali echimini kutayotgan masalalar ko‘p...
Fikrlar