
Qariya Alves, bo‘lajak yulduz Pedri va boshqalar! Olimpiadada qaysi futbolchilarni kuzatish lozim?
Futbol olamida olimpiada medalining qadri pastroq bo‘lishi mumkin, ammo turnirning salmog‘i ulkan. Ko‘plab skautlar aynan shunday turnirlarda yangi nomlarni kashf etishi mumkin.
Dani Alves (38 yosh, Braziliya)
Braziliya amaldagi oltin medallar egasi sanaladi. Shu bois, ushbu yurt vakillari turnirdagi muvaffaqiyatli yurishni davom ettirishni niyat qilgan. Shu bois, asosiy jamoa bilan "katta" o‘yinlarda to‘p surgan Dani Alves etakchi sifatida tarkibga taklif etilgan. Futbol olamidagi eng sovrindir futbolchi Braziliyaning yosh iqtidorlarini qanday qilib yo‘lga solishi mumkin? Bu savolga tez orada javob olamiz. Bundan tashqari, har bir jamoa bir nechta tajribali futbolchilar bilan ishtirok etish huquqiga ega. Xo‘sh, bu musobaqada qaysi futbolchilar yangi darajaga ko‘tarilishi mumkin? Kimlarni kuzatish tavsiya etiladi?
Gabriel Martinelli (21 yosh, Braziliya)
Ortda qolgan mavsumda hujumchi "Arsenal" muxlislarini xursand qila olmadi, ammo bunga sabab bor. Futbolchi deyarli bir mavsum tizzasidan olgan jarohatini davolash bilan band bo‘ldi. Bu turnir Gabriel nimalarga qodir ekanligini barchaga ko‘rsatib qo‘yish uchun qulay imkoniyat. London klubi yangi hujumchi izlamasligi uchun ham Martinelli turnirni yuqori saviyada o‘tkazishi kerak.
Pedri (18 yosh, Ispaniya)
Ispaniya terma jamoasi Tokioga g‘alaba maqsadida tashrif buyurganini yashirib o‘tirmayapti. Mikel Oyarsabaldan tashqari, Pedri ham jamoaga jalb etilgani so‘zimizga isbot bo‘ladi. 18 yoshli bolakay "Evro-2020" kashfiyotiga aylandi. "Barselona" kelajakda shu yigitcha atrofida qayta qurilishi haqidagi mish-mishlar shunchaki tarqalmayapti. Katta futbolga kirib kelayotgan futbolchi uchun xalqaro sovrin juda ham muhim. Pedri o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchini yanada yaxshilab olishi uchun Tokio maydonlari ko‘mak berishi mumkin.
Diego Laynes (21 yosh, Meksika)
Laynes "atsteklar" tarkibidagi yagona legioner futbolchi sanaladi. "Betis"ning 10-raqamli ijrochisidan meksikaliklarning umidi katta. Diego juda ham faol futbolchi. U maydon markazida hujum tempini belgilashi, standartlarni a’lo darajada ijro etishi mumkin. Shuningdek, bir o‘zi bir nechta raqiblarini aldab o‘tib havfli vaziyatlar yaratishga qodir. Xorij nashrlari bergan ma’lumotlarga qaraganda, uning o‘yinlarini kuzatish maqsadida yuzga yaqin skautlar Yaponiyaga tashrif buyurishi kutilmoqda. SPORTS.uz tavsiya etadi, Laynesning o‘yinlarini kuzatib boring!
Fausto Vera (21 yosh, Argentina)
Argentinaliklar iqtidorlarni juda erta kashf etish borasida benazir. Vera hali milliy terma jamoada debyut qilgani yo‘q, ammo potentsiali juda yuqori. "Arxentinos Xuniors" sharafini himoya qiluvchi futbolchi turnirdan so‘ng Evropaga yo‘l olishi aniq. E’tiborlisi shundaki, Fausto juda ham sovuqqon. Maydonda hech qachon hissiyotlarga berilmaydi. Doim sovuq miya bilan qaror qabul qiladi. O‘yinni ham yaxshi o‘qiydi. Markazda chinakam "jangchi"ga aylana oladigan Vera ham turnir kashfiyoti bo‘lishi hech gap emas.
Li Kan Jin (20 yosh, Janubiy Koreya)
G‘alati eshitilishi mumkin, ammo qit’adoshlarimiz faqatgina oltin medallar uchun Yaponiyaga tashrif buyurgan. Tarkib ham a’lo darajada. Yaponiya va Janubiy Koreya olimpiya jamoalari 4 yillik reja asosida musobaqaga tayyorgarlik ko‘radi. Saralashdan o‘tgach, eng optimal tarkibga ega bo‘ladi. To‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan ish ularni top darajadagi termalar darajasida ishtirok etish imkoniyatini yaratadi. "Valensiya" hujumchisi "Osiyo yo‘lbarslari"ning asosiy hujum kuchi. Tezkor, chaqqon, kurashlardan qochmaydigan Li o‘z mehnatkashligi bilan ispanlarni hayratda qoldirdi. Endi, bu ishni Yaponiya maydonlarida takrorlash qoldi, xolos.
Natan Mbuku (19 yosh, Frantsiya)
Frantsiya U19 safida 11 o‘yinda 9 gol urgan Natan o‘z harakatlari bilan Muhammad Salahni eslatib yuboradi. Tezlik, texnika va chaqqonlik bobida u yaqin yillar ichida Misr afsonasini quvib o‘tishi ham mumkin. Frantsuzlarning tarkibni a’lo darajada tanlaganiga qoyil qolmaslikning imkoni yo‘q.
Ikki qanotda ham birdek faol to‘p surishga qodir universal musobaqaning eng yaxshi futbolchisi bo‘lishi ham mumkin. Buning uchun frantsuzlar imkon qadar uzoqroqqa borishi talab etiladi.
Reyner Jezus (19 yosh, Braziliya)
Tan olish lozim, iqtidorlar borasida hech qaysi jamoa Braziliya bilan bellasha olmaydi. "Pentakampeonlar" shunchaki "yulduzchalar" kollektsiyasi bilan Osiyoga tashrif buyurdi. Transfer huquqi "Real"ga tegishli bo‘lgan Reyner "Borussiya" Dortmundda ikkinchi imkonga ega bo‘lish arafasida. Sancho ketgach, Dortmund jamoasi Reynerni birinchi planga olib chiqishini Madrid klubiga ma’lum qilgan. Braziliyani bejizga futbol afsungarlari vatani, deb atashmaydi. Katta mavsum oldidan vinger Yaponiyada "furor ko‘tarishi" hech gap emas!
Takefuso Kubo (20 yosh, Yaponiya)
Maydon egalaridan bir vakil ko‘rsatmaslik, adolat emas. Yosh bo‘lishiga qaramay, allaqachon "Barselona" va "Real" sharafini himoya qilishga ulgurgan daho "kunchiqar yurt" vakillarining suyangan tog‘iga aylangan. To‘g‘ri, Yaponiya doimo kuchli jamoaviy o‘yin evaziga g‘alaba qozongan, ammo top darajadagi ijrochilar hech kimga ortiqchalik qilmaydi. Kubo o‘z faoliyatidagi ilk ulkan turnirni qarshi olish arafasida. SPORTS.uz Kubo singari ro‘yxatdagi boshqa futbolchilarga ham omad va zafarlar tilab qoladi.
Fikrlar