Rodri "Manchester Siti"ni tark etishga tayyor
«Manchester Siti» tarkibida to‘p surib kelayotgan ispaniyalik yarim himoyachi Rodri Ernandez jamoani tark etish variantini ko‘rib chiqishga tayyor. Bu haqida jurnalist Migel Serrano xabar berdi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, «Oltin to‘p» sohibi avvalroq unga jiddiy qiziqish bildirgan Madridning «Real» klubiga o‘tishga rozi bo‘lgan. Biroq hozircha «Qirollik klubi» ispaniyalik yulduzni sotib olish rejasini kun tartibiga qo‘ymagan.
Shu bilan birga, vaziyat istalgan payt o‘zgarishi mumkinligi ta’kidlanmoqda. Shu bois Rodrining «Manchester Siti»ni tark etishi ehtimoli to‘liq inkor etilmayapti.
O‘tgan mavsumda 30 yoshli yarim himoyachi barcha musobaqalar doirasida 33 uchrashuvda maydonga tushib, ikki bor gol urdi. «Shaharliklar» bilan tuzgan shartnomasi kelasi yozga qadar amal qiladi.

Fikrlar