Ronaldu: Bir qadam qoldi!
“Manchester Yunayted” hujumchisi Krishtianu Ronaldu Evropa ligasi guruh bosqichi ikkinchi turida safar bahsida Moldovaning “Sherif” jamoasi darvozasini ishg‘ol qildi.
Bu portugaliyalik futbolchining yangi mavsumdagi birinchi goli bo‘ldi. Jahon futboli tarixida eng ko‘p to‘p kiritgan hujumchiga yangi mavsumdagi gollari hisobini ochish uchun sakkizta uchrashuv kerak bo‘ldi.
Shunda ham Ronaldu ilk golini penaltidan kiritdi.
Ronalduning klublar miqyosidagi turnirlarda urgan gollari soni 699 taga etdi va etti yuzlik dovondan o‘tishi uchun yana bitta aniq zarba kerak bo‘ladi.
Krishtianu shuncha golni “Sporting”, “Real”, “Yuventus” va “Manchester Yunayted” safida urgan.
Bundan tashqari, Ronaluning hisobida Portugaliya terma jamoasida 189 ta bahsda kiritilgan 117 ta to‘p bor va bu jahon rekordi hisoblanadi.



Fikrlar