
Salamat Quttiboev: Faqat yutishimiz kerak, bundan boshqa ilojimiz yo‘q
Ushbu mavsum «Buxoro» klubi uchun birmuncha qiyin kechayotganini barcha ko‘rib turibdi. Ayni paytda esa buxoroliklar Superligada jon saqlab qolish uchun jiddiy kurash olib borishmoqda. Shunday ekan, oxirgi uchta tur «Buxoro» jamoasi uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Ustiga-ustak, ular oxirgi turda o‘z uyida «Qo‘qon-1912»ga yutqazib qo‘yishdi. Shu sababli jamoa a’zolari navbatdagi turga jiddiy tayyorlanishmoqda. «Buxoro» klubi sardori Salomat Quttiboev ham hozirgi qiyin vaziyatda jamoasining Superligada jon saqlab qolishi uchun astoydil harakat qilmoqda. Aytish joizki, bunday qiyin paytda etakchilikni o‘z qo‘liga olib, jamoasini ortidan ergashtira olishi ham muhim sanaladi. Garchi Quttiboevning kayfiyati u qadar yaxshi bo‘lmasa-da, bizning bir qator savollarimizga javob qaytardi.
- «Buxoro» jamoasining o‘yinlari chakki emas. Lekin natija ko‘rsatishga kelganda, negadir ishlar o‘xshamayotgandek. Bir qarasak kutilmagan g‘alabani qo‘lga kiritayotgan bo‘ladi, yana bir qarasak, o‘z uyida yutqazayotgan bo‘ladi. Misol uchun Qarshida anchadan beri «Nasaf»ni yuta olmayotgandi. Yaqinda esa ularning maydonida g‘alaba qozondi. Shunga qaramay, «Buxoro» barqaror o‘yinni ko‘rsata olmayapti. Bunga nima degan bo‘lardingiz?
- To‘g‘risi, nima deyishga ham hayronman. Ko‘rsatayotgan o‘yinimiz yomon emas. Tarkibimizda esa yosh o‘yinchilar ham bor. O‘z maydonimizda esa nimadir etishmayapti. Golli imkoniyatlarni yaratyapmizu, ammo oxiriga kelganda yakuniy nuqtani o‘rnata olmayapmiz. Balki omad etishmayotgandir. Yoki bo‘lmasa bizga etarli darajada tajriba ham etishmayotgan bo‘lishi mumkin.
- Masalan, 23-turda «Buxoro» klubi o‘z maydonida «Qo‘qon-1912»ga yutqazib qo‘ydi. Agar o‘sha uchrashuvda g‘olib chiqqanida hozir qo‘qonliklardan yuqorida turgan bo‘lardi. O‘sha bahsda jamoaga nima bo‘ldi?
- Hammasini penalti o‘zgartirib yubordi. Menimcha, o‘sha vaziyatda aslida penalti ham yo‘q edi, yana bilmadim.
- Lekin o‘shanda «Buxoro» yaxshi o‘ynagan, faqat natija…
- «Qo‘qon-1912» jamoasi birgina penaltidan gol urib yutib ketdi. Adashmasam, boshqa vaziyat ham bo‘lmagandi. Ular himoyaga ko‘p e’tibor qaratishdi. Asosan qarshi hujum taktikasida o‘ynashdi. Aslida safarda o‘ynayotgan har qanday klub ham qarshi hujumda o‘ynaydi.
- Jamoa sardori va etakchisi bo‘lganingiz uchun hozirgi qiyin vaziyatda sizga bo‘lgan munosabat va e’tibor ham katta. Ya’ni, bunday holatda sizdagi mas’uliyat ham yanada ortishi aniq. O‘zingiz aytganingizdek, jamoada yoshlar ko‘p va ularni ortingizdan ergashtirish sizga bosim o‘tkazmayaptimi?
- Har bir ishning ham qiyinchiligi bo‘ladi. Rosti, nima deyishni ham bilmadim. Hozirgi holatda futboldagi vaziyatlar o‘zgarib boryapti. Har bir o‘yin esa turlicha kechyapti. Masalan, bugun hammasi o‘xshasa, keyingi uchrashuvda buning aksi bo‘lyapti. Safarda boshqacha o‘yin bo‘lyapti, o‘z uyimizda esa yana boshqacha bo‘lib ketyapti.
- Superligada qolish uchun kurash asosan «Dinamo» bilan «Buxoro» o‘rtasida kechmoqda. Oxirgi uchta turga qaraydigan bo‘lsak, jamoangiz ikkita o‘yinni o‘z maydonida o‘tkazadi. Ya’ni, samarqandliklarga nisbatan «Buxoro»da hammasi o‘z qo‘lida ekanligi bilinib turibdi…
- Faqat yutish kerak. Uchta o‘yindan kamida ikkitasida g‘alaba qozonishimiz lozim. Jamoaning holatini hamda vaziyatni faqat g‘alaba o‘zgartiradi. Navoiyda «Qizilqum» bilan o‘ynab kelganimizdan keyin o‘z maydonimizda ikki marta o‘ynaymiz. Shuning uchun ko‘p narsa faqat o‘zimizga bog‘liq.
- «Qo‘qon-1912»ga boy berilgan o‘yindan keyin futbolchilarning kayfiyati tushib ketdimi? Umuman, muhit qanaqa?
- Hammasi joyida. Biz keyingi o‘yinga tayyorgarlik ko‘rishda davom etyapmiz. Baribir yutqazgandan keyin jamoadagi kayfiyat ham shunga yarasha bo‘ladi va futbolchilarda xafagarchilik ham seziladi. Ammo biz shunga qaramasdan, jiddiy tayyorlanyapmiz. Hammasini g‘alaba o‘zgartirib yuboradi. Faqat yutishimiz kerak, bundan boshqa ilojimiz ham yo‘q.
- Muhsin Muhammadiev «Buxoro»ga kelib nimani o‘zgartirdi? U bilan birinchi marta ishlayapsiz va qanday fikr bildira olasiz?
- Murabbiy jamoada ko‘p narsani o‘zgartirdi deb o‘ylayman. Chunki oldin o‘yinimiz umuman boshqacha edi. Hozir esa raqib qanday bo‘lishidan qat’iy nazar to‘pni o‘zimizda saqlab turishga, qisqa paslar orqali kombinatsion o‘yin ko‘rsatishga harakat qilyapmiz. Murabbiy shu orqali yoshlarda ham o‘zlariga bo‘lgan ishonchni uyg‘otyapti. To‘g‘ri, yoshlarga tajriba etishmasada, ularga qanday o‘ynash kerakligini o‘rgatib bormoqda. Jamoamiz o‘yinida murabbiyning imzosi bor. Faqat murabbiyning ko‘rsatmalarini bajarish uchun ijrochilar ham kerak-da.
- Shuningdek, murabbiy jamoaga legionerlarni ham olib kelgan. Ular klubga qanchalik yordam berishyapti?
- Legionerlar jamoaga qo‘shilib ketishgan va bizga yordami tegyapti.
- Umumiy ma’noda aytadigan bo‘lsam, mavsum yakunlanib borayotganini hisobga olsak, «Buxoro»ning joriy mavsumdagi ishtiroki xususida nima degan bo‘lardingiz?
- Hammasi oxirgi turlarga bog‘liq. Biz «Buxoro»ni Superligada saqlab qolish uchun kurashyapmiz. Baribir ushbu mavsumdagi ishtirokimizni yaxshi deb bo‘lmaydi. Chunki chempionat mobaynida klub pastki o‘rinlarda yurdi. Oldin esa «Buxoro» asosan yuqori o‘rinlarga kurashardi. Bu yil esa tarkib ancha-muncha yoshartirildi. Yosh futbolchilarga esa bir-ikki yil vaqt kerak bo‘ladi. Jamoani saqlab qolsak, keyin u yog‘ini ko‘ramizda.
- Aslida «Buxoro»ning maqsadi boshqa edi-a?
- Maqsad iloji boricha yuqori o‘rinlar uchun kurashish edi. Tarkibimiz esa deyarli 90 foiz o‘zgarib ketdi. Ko‘pchilik ketgandi. O‘rniga esa boshqa o‘yinchilar keldi.
- Lekin mavsum boshida ko‘pchilik sizni ham ketdi deb o‘ylashgandi…
- Ha, ketmoqchi bo‘lib turgandim. Ammo keyin meni saqlab qolishdi. Men esa qo‘limdan kelganicha yordam berishga harakat qilyapman. Lekin jamoamizning oxirgi o‘rinlarda ekanligi bois ahvolimiz unchalik yaxshi emas.
Fikrlar