
Shomurodov uchun yangi taklif beriladi!
Eldor Shomurodovning yangi mavsumni qaerda o‘tkazishi hamon noma’lum bo‘lib turibdi. “Roma” murabbiylar shtabi legionerimizni asosiy tarkib safida “Salernitana”ga qarshi uchrashuvga olib keldi.
Lekin bu Shomurodovning boshqa klubga transfer qilish bo‘yicha harakatlar to‘xtaganidan dalolat bermaydi. Chunki rimliklar Joze Mourino ko‘zlagan Andrea Belottini safga qo‘shib olish uchun Eldor Shomurodovning ketishini intizorlik bilan kutishmoqda.
Ketishi kutilayotgan hujumchilar ro‘yxatida Stefan El-Shaaravi va Feliks Afena-Gyan ham bor. Lekin transfer bozorida Shomurodovning xaridorlari ko‘proq va o‘zbek futboli bo‘yicha takliflar ancha jo‘yali bo‘lmoqda.
Yaqinda “Trabzonspor” Eldor Shomurodovning transferini so‘rab, bir yillik ijara uchun bir million evrolik taklif bilan “Roma”ga murojaat qilgan edi. Bu taklif bilan poytaxtliklarni hayratga sola olmagan Turkiya chempioni harakatda to‘xtamoqchi emas.
Turkiyaning www.61saat.com sayti xabariga ko‘ra, kelasi hafta turklar yana “Roma” mutasaddilariga Shomurodov transferi bo‘yicha murojaat qiladi.
“Trabzonspor” etakchilaridan bosniyalik Edin Vishcha jarohat olgani munosabati bilan jamoa hujum chizig‘ining har qanday nuqtasida o‘ynay oladigan Eldor Shomurodovni qo‘lga kiritishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Jamoa bosh murabbiyi Abdulloh Avji o‘zbekistonlik yulduzga juda qiziqmoqda.
“Roma” ham futbolchining transferiga qarshilik qilmasligi “Trabzonspor”ga Shomurodov uchun kurashni davom ettirish imkonini bermoqda.
Kelasi hafta davomida “Roma” mutasaddilari bilan muzokara o‘tkaziladi va Turkiya klubi ushbu transfer bo‘yicha yangi taklifini beradi, - deyiladi www.61saat.com xabarida.
“Trabzonspor” hamyurtimizni olishga qiziqayotgani bejiz emas. Jamoa Turkiya Superligasi g‘olibi sifatida Chempionlar ligasining pley-off bosqichida qatnashadi. Bu bosqichda turklar Daniyaning “Kopengagen” klubi bilan to‘qnash keladi.
Trabzonliklar muhim bahs oldidan va butun mavsum davomida Eldor Shomurodovdan asosiy hujumchi sifatida foydalanmoqchi. Bosh murabbiy Abdulla Avchi o‘zbek hujumchisining imkoniyatlarini yaxshi biladi.
Eldor Shomurodov bir yil muqaddam “Roma” safidagi ilk rasmiy uchrashuvini UEFA Konferentsiyalar ligasi saralash turniri doirasida “Trabzonspor”ga qarshi o‘tkazib, debyut golini kiritgan va jamoasining g‘alabasini ta’minlagan edi.
Shomurodov Evropa miqyosidagi uchinchi xalqaro turnir – Konferentsiyalar ligasining amaldagi g‘olibi hisoblanadi.
Turklar kelasi haftaga mo‘ljallangan muzokaralarda “Roma”ga ma’qul keladigan shartlarni topish bilan birga, Eldor Shomurodovni ham Turkiyaga ko‘chib o‘tishga ko‘ndirishi talab etiladi. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, legionerimiz faoliyatini Italiyada davom ettirishni ma’qul ko‘rmoqda. Shu bois, hamyurtimiz Angliya va Germaniyadan bo‘lgan chorlovlarga ham qiziqish bildirmagani aytildi.
Fikrlar