
Shomurodov "Verona"ga qarshi o‘ynamaydi. Sababi jiddiy...
A Seriyaning 26-turida “Roma” o‘z maydonida “Verona”ni qabul biladi. Joze Mourino shogirdlari kelasi mavsumda Chempionlar ligasida ishtirok etishi uchun to‘rtinchi o‘rinda borayotgan “Yuventus” bilan orasidagi olti ochkolik farqni yo‘qqa chiqarishi kerak. Hozircha, ettinchi pog‘onani egallab turgan “bo‘rilar” Evropa ligasida qatnashish uchun o‘zidan ikki ochko ko‘p to‘plab, oltinchi pog‘onani band etgan “Latsio”dan o‘zib ketishi talab etiladi.
Shu bois, “Verona”ga qarshi o‘tkaziladigan to‘qnashuvda rimliklar faqat g‘alaba uchun to‘p tepishga majbur. Mourino shogirdlari ichki chempionatda so‘nggi to‘rtta turdan ikkitasida ochko yo‘qotdi. Raqib jamoa esa uchtasida zafar quchib, faqat Turinda “Yuventus”ga yutqazdi.
Italiya matbuotining yozishicha, muhim uchrashuvda "Roma"ning bir necha futbolchilari, xususan, Eldor Shomurodov qatnasha olmaydi. Ma’lumotlarga qaraganda, hamyurtimizda va Genrix Mxitaryanda koronavirus aniqlangan. Manbaga ko‘ra, Karles Peres ham virus yuqturgan bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, Mourino o‘zi yoqtirgan shogirdi Nikolo Dzanolo xizmatidan ham foydalana olmaydi. Uni jarohat bezovta qilmoqda.
Biz Eldor Shomurodov tezroq tuzalib, maydonga qaytishini tilab qolamiz.
Birinchi davra uchrashuvida “Verona” poytaxtlik “bo‘rilar”ni 3:2 hisobida taslim qilgan. Bu galgi bahs 19 fevral kuni Toshkent vaqti bilan 22:00da boshlanadi.
Pellegrini ikki ustozining farqini aytdi
“Roma” sardori Lorentso Pellegrini klubdagi ustozi Joze Mourino va Italiya terma jamoasi bosh murabbiyi Roberto Manchinini solishtirdi.
- Mourino ayrim narsalarni shunday tushuntiradiki, ular miyamizga singib ketadi. Bilmagan narsalarimizni o‘rganishimiz, albatta natijaga o‘z ta’sirini o‘tkazadi.
Manchini esa bizni ichki xotirjamlikka o‘rgatadi. Shuning uchun terma jamoada maydonda bemalol muloqot qilishimiz, xavfli vaziyatlarni muhokama etishimiz mumkin bo‘ladi. Joze bunga yo‘l qo‘ymaydi.
“Roma”da men sardorman va mas’uliyatni bo‘ynimga olishim kerak. Mendan oldin bu ishni buyuk o‘yinchilarn – Franchesko Totti va Daniele de Rossi bajargan. Hozir ular jamoada yo‘q va ularning ishini munosib davom ettirish mening chekimga tushgan, - dedi Lorentso Pellegrini.
Lorentso Pellegrini joriy mavsumda poytaxt jamoasida 22 marotaba maydonga tushib, to‘qqizta gol va beshta assist muallifi bo‘ldi.
Mohir yarim himoyachi Italiya terma jamoasida 2017 yildan beri to‘p tepmoqda. Shu kunga qadar Lorentso 19 ta uchrashuvda qatnashib, uchta gol urgan. Manchini boshchiligida o‘tgan yili Evropa chempioni bo‘ldi.
Bizga Mxitaryan kerak emas
“Roma” mavsum yakunlanishi bilan erkin agentga aylanadigan Genrix Mxitaryanga yangi shartnoma bermasligini ma’lum qilgan edi. Klub yoshi o‘tib qolayotgan o‘yinchiga katta maosh to‘lashni istamayapti va uning o‘rniga yosh ijrochi olib kelmoqchi.
Armanistonlik legionerga Rossiya klublari, xususan, “Spartak”dan qiziqish borligi haqida xabarlar tarqatilgandi.
Xususan, Italiyaning Calciomercato sayti rossiyaliklar o‘yinchining agenti Mino Rayolaga aloqaga chiqib, yozda futbolchini transfer qilish masalasini muhokama qilgani haqida yozgan edi.
Moskva klubi bunga o‘z munosabatini bildirdi.
- “Spartak” Mxitaryanga qiziqayotgan yo‘q. Bu mish-mishlar haqiqatdan uzoq, - deb bayonot berdi klub matbuot xizmati rahbari Dmitriy Zelenov.
Ta’kidlash joizki, Genrix Mxitaryanning o‘zi Donetskning “Shaxtyori”da o‘ynagan kezlari unga “Spartak”dan chorlov bo‘lgani va taklifni qabul qilmaganini itntervyularidan birida tan olgan.
33 yoshli arman futbolchisi joriy mavsumda “Roma” safida 31 ta uchrashuvda qatnashib, o‘z hisobiga uchta gol va ettita golli pas yozdirib qo‘ydi.
Mxitaryan ilgari “Pyunik”, “Shaxtyor”, “Borussiya Dortmund”, “Arsenal” va “Manchester Yunayted” sharafini himoya qilgan.
Tajribali pleymeyker 2007 yildan beri Armaniston terma jamoasi a’zosi hisoblanadi. Genrix mamlakati bosh jamoasi safida 95 ta uchrashuvda 32 ta gol urgan.
Fikrlar