
Shomurodov – eng kuchli ligada o‘ynaydi!
Xalqaro futbol tarixi va statistikasi federatsiyasi – IFFHS 2023 yil yakuni bo‘yicha jahonning eng kuchli futbol ligalari reytingini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, Italiya A Seriyasi yilning eng kuchli ligasi sifatida e’tirof etildi. Italiya chempionati yuqori divizioni bu nomga 12-marotaba loyiq topildi. O‘tgan gal A Seriya vakillari umumiy ro‘yxatda beshinchi o‘ringa joylashtirilgan edi.
Dunyoning eng kuchli ligasida O‘zbekistondan hozircha bir futbolchi bor. Eldor Shomurodov 2020 yilning oktyabridan beri A Seriyada o‘ynab kelmoqda. 28 yoshli hujumchimiz eng kuchli liganing to‘rt klubi – “Jenoa”, “Roma”, “Spetsiya” va “Kalyari” formalarini kiygan.
Shomurodov A Seriyada to‘rtta klub safida jami 91 marotaba maydonga tushib, o‘z hisobiga 12 ta gol va 8 ta assist yozdirib qo‘ygan.
IFFHS reytingida A Seriya kuchli uchlikka kirgan Angliya Premer-ligasi va Ispaniya La Ligasini ortda qoldirdi.
Evropaning kuchli beshlik chempionatlaridagi ikkinchi vakilimiz Abduqodir Husanov o‘ynayotgan Frantsiya chempionati oliy divizioni – Liga 1 klublar reytingida oltin o‘ringa loyiq topildi. “Ko‘hna qit’a”ning “top-5” ligalari orasi – to‘rtinchi pog‘onaga Braziliya chempionatining kirgani frantsuzlarni oltinchi o‘ringa, Germaniyaning Bundesligasini beshinchi o‘ringa tushirib qo‘ydi.
“Lans” himoyachisi hisoblangan Abduqodir Husanov o‘tgan yoz Frantsiyaga ko‘chib o‘tgandi. 19 yoshli markaziy himoyachimiz hozircha, Liga 1 doirasida olti marotaba maydonga chiqdi.
O‘zbekistonlik futbolchilar o‘ynayotgan Turkiya Superligasi 12-pog‘onada qayd etilgan. Bu chempionatda Otabek Shukurov ikki yil davomida “Fotih Karagyumryuk” jamoasi sharafini himoya qildi va ayni paytda boshqa klubga o‘tish harakatida yuribdi. Tajribali yarim himoyachimiz turk klubi safida jami 46 ta o‘yin o‘tkazib, bitta gol va ikkita assist muallifi bo‘lgan.
Superligada yana bir hamyurtimiz Husniddin Aliqulov ham bor. O‘tgan yoz “Rizespor” bilan shartnoma tuzgan himoyachi hozircha o‘nta o‘yinda qatnashdi.
Ikki legionerimiz – Amirbek Baqoev va Rustam Turdimurodov o‘ynagan Belarus oliy ligasi 58-o‘ringa loyiq topildi. “Energetik-BGU”dagi legionerlarimizdan Amirbek 23 ta o‘yinda ikkita to‘p kiritdi, Rustam o‘n marta maydonga tushdi.
Uch nafar futbolchimiz – Abbosbek Fayzullaev, Umarali Rahmonov va Rustam Ashurmatov ilk bor faoliyat yuritayotgan Rossiya Premer-ligasi umumiy reytingning 59-qatoridan joy oldi. Rossiya chempionati bir yil ichida 80-o‘rindan 21 pog‘ona ko‘tarilgani e’tiborga molik.
Fayzullaev legioner sifatidagi ilk mavsumida TsSKA tarkibida Premer-ligada 13 ta uchrashuvda ikkita gol urgan bo‘lsa, “Rubin” o‘yinchilari – Ashurmatov 8 ta, Rahmonaliev 9 ta o‘yinda qatnashdi.
UEFA vakillaridan Qozog‘iston Premer-ligasi ham katta o‘sishga erishib, bir yil ichida 132-o‘rindan 82-pog‘onaga ko‘tarildi. Bu mamlakat tarixida birinchi marotaba chempionlikni qo‘lga kiritgan “Ordabasi” jamoasida o‘zbek futbolchilaridan Bobur Abduxoliqov va Shahboz Umarov to‘p tepdi. Chempionlik mavsumida Bobur 26 ta uchrashuvda ettita gol urdi. Shahboz esa, 22 ta o‘yinda raqiblar darvozasini uch marta ishg‘ol qildi.
Osiyo mamlakatlari orasida eng kuchli liga umumiy reytingda 31-qatordan joy olgan Janubiy Koreya chempionati yuqori divizioni bo‘ldi. Qit’ada kuchli uchlikdan jahon yulduzlarini jalb qilayotgan Saudiya Arabistoni va Yaponiya chempionatlari joy oldi. Ulardan keyingi o‘rinda O‘zbekiston Superligasi joylashdi.
Bizning superligamiz umumiy reytingda o‘n pog‘ona pastlab, 67-qatorga tushib qolgan.
Tailandlik futbolchi O‘zbekistonni qanday yutishmoqchi ekanini aytib qo‘ydi
O‘zaro ilk o‘yinda 9 ta gol yoxud O‘zbekiston va Tailand o‘yini oldidan zo‘r faktlar!
Murosasiz kurash: O‘zbekiston va Tailandning eng kuchli tomoni qaysi?
Legionerimiz yangi jamoasining g‘alabasiga hissa qo‘shdi
Shomurodov faoliyatida yangilik bo‘lishi kutilyapti!
O‘zbekiston “qora an’ana”ga chek qo‘ydi yoxud Qatardagi rekordlar, sensatsiyalar va faktlar
Fikrlar