
Srechko Katanets: "Bugungi o‘yin uchun Masharipov oldida shlyapamni echaman, ammo men Braziliya yoki Argentina bosh murabbiyi emasman..."
O‘ZBEKISTON - Tailand terma jamoalari to‘qnashuvidan so‘ng tomonlarning bosh murabbiylari o‘rtasida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi ustozi Srechko Katanets ishtirok etdi.
"Xayrli kech! Yigitlarni muhim g‘alaba bilan tabriklayman. Muxlislarga ham alohida minnatdorchiligimni izhor etaman. Ularning qo‘llab-quvvatlashisiz biz bu bosqichga etib kela olmagan bo‘lardik.
Birinchi bo‘limda yaratilgan imkoniyatlardan ha deganda foydalana olmadik. Gol urish bo‘yicha ko‘plab muammolarga duch keldik. Vaziyatlar yo‘q emas, buni hamma ko‘rib turibdi. Biroq hal qiluvchi qism bizda oqsamoqda.
O‘yinimizdan qoniqish hosil qildim. Muhimi, biz bu bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tib oldik. Endi bor e’tiborni Qatarga qarshi kechadigan "jang"ga qaratamiz!
Qatar - shakllangan va alohida kuchli tomonlarga ega jamoa. Shuningdek, ular musobaqaning amaldagi g‘olibi sanaladi. Shunga qaramay, men shogirdlarimga to‘liq ishonaman va ularning qo‘lidan nimalar kela olishini yaxshi bilaman.
To‘g‘ri, bizda ko‘plab yo‘qotishlar mavjud. Bugun ham Shukurovning xizmatidan foydalana olmadik. Sababi, u kasal edi. Shuningdek, bir qancha futbolchilarimiz jarohat olgan yoki diskvalifikatsiyaga uchragan. Qiyin va mashaqqatli uchrashuv bo‘lishi aniq. Zotan, endi hech bir bahs osonlik bilan o‘tmaydi.
Siz menga nima uchun bo‘yi past yigitlar maydonda ko‘p ekanini so‘rayapsiz? Ularning ajoyib o‘yin namoyish etayotganini hamma ko‘rib turibdi axir. Bugungi o‘yindan so‘ng men barcha shogirdlarimning harakatini yuqori baholagan bo‘lardim. Biz taktik tomonlama, ham jismonan, ham ruhan g‘alabaga munosib o‘ynadik.
Oxirgi 6 och ichida ba’zi futbolchilarimiz juda kam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lgan. Jumladan, Jaloliddin Masharipov jarohatlar va yana boshqa masalalar sabab maydonga tusha olmay yurdi. Shunga qaramay, u o‘zidan kutilganidan ham yaxshiroq o‘yin namoyish etib berdi. Men uning oldida shlyapamni echaman.
Men Braziliya yoki Argentina bosh murabbiyi emasman. Qo‘ldan kelgan imkoniyatlardan maksimal foydalanishga harakat qilyapmiz. Kamtarroq bo‘lishim biz uchun ancha foydali bo‘lardi, deb o‘ylayman", - dedi sloveniyalik mutaxassis.
Fikrlar