Superliga. Bu futbolchilarga teng keladigani topilmadi

  • 1 sentabr, 2023, 04:29
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Superligada 18-tur yakunlandi. Bu safar ham har bir juftlikning eng yaxshilari aniqlandi. Quyida shu to‘g‘risida so‘z yuritamiz.

Tecno

“Olimpik” – “Turon” (2:0) uchrashuvining eng yaxshi futbolchisi: Timur Mamasiddiqov

Nihoyat, Timur Kapadze boshchiligidagi “Olimpik” 18-turga kelib g‘alabasiz seriyasiga barham berdi. May oyidan beri raqiblarini mag‘lub eta olmay kelayotgan “Olimpik” bu safar “Turon”ni qabu qildi va ko‘plab imkoniyatlar yaratganiga qaramay, javobsiz 2 ta gol evaziga g‘alaba qozonib, uch ochkoni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi. Gollardan biri Timur Mamasiddiqovning hisobiga yozildi va chin ma’noda uchrashuv qahramoniga aylandi. Zero, u faol harakatlari bilan maydonda ajralib turdi.

“Bunyodkor” – “Buxoro” (1:2) uchrashuvining eng yaxshi futbolchisi: Shoxruz Norxonov

“Buxoro” klubi “Bunyodkor”ga qarshi chinakamiga qahramonlik ko‘rsatdi. Ligada jon saqlab qolish uchun kurashayotgan mehmonlar “Bunyodkor” maydonida mardonavor o‘yin ko‘rsatdi. Uchrashuv katta ehtimol bilan 1:1 hisobida yakun topayotgandek edi. Lekin so‘nggi soniyalarda Shoxruz Norxonov katta sahnaga chiqdi va ikki himoyachi qurshovidan chiqib ketib darvozani ishg‘ol qildi. Zaxiradan maydonga tushgan ushbu hujumchi jamoasining o‘yinini o‘zgartira oldi ham qiyin vaziyatdan gol urib ketishni uddaladi. Uning o‘rnida boshqasi bo‘lganida raqiblari qurshovidan chiqib keta olmagan bo‘lardi, balki...

norxonov5

“Surxon” – “Nasaf” (1:2) uchrashuvining eng yaxshi futbolchisi: Sherzod Nasrullaev

“Nasaf”ni Toshkentda “Surxon”ga qarshi og‘ir o‘yin kutayotgani oldindan aniq edi. Superkubokdagi muvaffaqiyatdan keyin “Nasaf” bu safar ham og‘ir bo‘lishiga qaramay, raqibini 1:2 hisobida taslim eta oldi. Qanot himoyachisi Sherzod Nasrullaev esa bu safar ham faolligi bilan ajralib turdi. U raqiblar bilan kurashda sira qo‘rqmaydi va undan o‘tib ketish ham mashaqqat. Shu sababli Sherzod “Nasaf”ning g‘alabasida alohida o‘rin egallaydi.

“Qizilqum” – “Paxtakor” (2:3) uchrashuvining eng yaxshi futbolchisi: Odil Hamrobekov

Navoiyda gollarga boy o‘tgan o‘yinda “Paxtakor”  3:2 hisobidagi g‘alabani qo‘lga kiritdi. “Sherlar”ning tayanch yarim himoyachisi Odil Hamrobekov raqib darvozasini ishg‘ol qilishdan tashqari o‘zi ham hujumlarda jonbozlik ko‘rsatdi va raqib hujumlarini bartaraf etishda ham Odil odilona o‘yin ko‘rsatdi.

hamrobekov

“Metallurg” – “So‘g‘diyona” (3:1) uchrashuvining eng yaxshi futbolchisi: Zabihillo O‘rinboev

“Metallurg” o‘tgan turda “Navbahor”ni mag‘lubiyatga uchratgan “So‘g‘diyona”ni qabul qildi va ularni 3:1 hisobida engdi. Bu o‘yinda ayniqsa, bekobodliklar sardori va hujumchisi Zabihillo O‘rinboevni to‘xtatish mushkul bo‘ldi. U ikkita gol urdi va ayniqsa, ikkinchisi juda chiroyli chiqdi. Jamoasining xaloskoriga aylangan futbolchi chin ma’noda yana “Metallurg”ning eng yaxshi futbolchisi.

“Navbahor” – OKMK (0:0) uchrashuvining eng yaxshi futbolchisi: Botirali Ergashev

Namangandagi markaziy uchrashuvda darvozalar daxlsiz qoldi. Uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi sifatida OKMK posboni Botirali Ergashev e’tirof etildi. “Navbahor”ning bir qator xavfli hujumlarini bartaraf etishda Ergashev tajribasini namoyish qildi.

“Neftchi” – “Andijon” (0:0) uchrashuvining eng yaxshi futbolchisi: Igor Litovka

Bu o‘yinda hisobning 0:0 bilan yakun topishida “Andijon” darvozabonining ulushi katta bo‘ldi. Chunki Litovka uchrashuv mobaynida shu qadar aniqlik va ishonchli o‘yin ko‘rsatdiki, o‘z seyvlari orqali jamoasini muqarrar gollardan saqlab qoldi. Agar uni emas, balki boshqasini uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi deb e’tirof etishsa bu adolatsizlik bo‘lardi.

Shuhratbek Jo‘raev.  

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!