
To‘purar legionerimizni UEFA musobaqasiga chaqirishmoqda!
Qozog‘iston matbuotining yozishicha, UEFA shafeligida o‘tkaziladigan Konfederatsiya Ligasi musobaqasida ishtirok etadigan "Tobol” klubi o‘zbekistonlik legioner Igor Sergeevni yordamga chaqirmoqda.
O‘tgan yilning oxirida “Paxtakor” bilan shartnomasi tugagan Igor Sergeevni qo‘lga kiritish uchun Qozog‘iston premer-ligasi vakillari – “Aktobe” va “Astana” anchagina raqobatlashgan edi. Bu raqobatda “Aktobe” moliyaviy kafolatlari bilan o‘zbekistonlik futbolchini o‘ziga og‘dirib oldi. Igor Sergeev aktobeliklar tarkibida eng katta maosh oladigan futbolchiga aylandi.
Jamoasining eng qimmatbaho o‘yinchisi bo‘lgan hamyurtimiz premer-liga o‘yinlarida o‘ziga bildirilgan ishonchi juda tez oqladi. Chempionatning birinchi qismida raqiblar darvozasiga ettita gol urib, bitta golli pas oshirdi.
Biroq, keyinroq klub rahbariyati o‘zgardi va yangi kelganlar uchun Igor Sergeevdek hujumchini ushlab turish moliyaviy tomondan qiyinchilik tug‘dira boshladi. Ayni paytda “Aktobe” legionerimizni sotib yuborish orqali moliyaviy imkoniyatlarini yaxshilab olish va muammoli pozitsiyalarga yangi futbolchilarni taklif etishni rejalashtirmoqda.
Avvalroq, hamyurtimizga Sharqiy Evropa – Polsha va Ruminiya jamoalaridan takliflar bo‘lgandi. Shuningdek, Igor Sergeevning agenti unga Angliyaning “Sheffild Yunayted” klubidan qiziqish borligini ham tasdiqlagandi.
Superligamizning amaldagi chempioni “Paxtakor” ham O‘zbekiston chempionatlari tarixida jamoa uchun eng ko‘p – 101 ta gol urgan hujumchisini ortga qaytarishga qarshi emas. Ayniqsa, Eren Derdiyok klubni tark etganidan keyin toshkentliklarda yaxshi saviyadagi hujumchiga ehtiyoj bor.
Ayni paytda xalqaro musobaqada ishtirok etishga hozirlik ko‘rayotgan “Tobol” ham Sergeev xizmatiga jiddiy ehtiyoj sezmoqda. Ungacha, to‘purar hujumchining xizmatlarini chempionlik uchun kurashayotgan “Astana”ga taklif qilishdi. Biroq poytaxtliklar Sergeev yil boshida “Aktobe”ni tanlaganidan hafsalasi pir bo‘lgan shekilli, bu mavzuga qaytishni istamasdan rad javobini berdi.
“Tobol” joriy chempionatda peshqadamlik qilmoqda. Jamoa ichki chempionatda tashqari UEFA Konferentsiya Ligasida ham qatnashadi. Bu Evrpa futbol uyushmalari federatsiyasining Chempionlar ligasi va Evropa ligasidan keyingi uchinchi turniri hisoblanadi.
“Tobol” ushbu turnirning ikkinchi bosqichidan qo‘shiladi va Xorvatiyaning “Xayduk” klubiga qarshi maydonga tushadi. Jamoalar 22 va 29 iyul kunlari o‘zaro ikkita uchrashuv o‘tkazadi.
Eslatib o‘tamiz, Igor Sergeev “Paxtakor” klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U poytaxt jamoasidan tashqari Xitoyning “Beytszin Goan” (14 ta o‘yin va bitta gol) hamda Birlashgan Arab Amirliklarining “Az-Zafra” (10 ta o‘yin bitta gol) jamoalari sharafini ham himoya qilgan.
Mohir to‘purar O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida 54 ta uchrashuvda qatnashib, raqiblar darvozasini 17 marotaba ishg‘ol etgan.
Sergeev hali “Tobol” tomonidan bo‘layotgan taklifga munosabat bildirganicha yo‘q.
Fikrlar