
To‘raev: "Superligadan takliflar bo‘lmayotgani sababli xorijda o‘ynayapman"
Xabaringiz bor, kuni kecha Tojikiston oliy ligasida 2-pog‘onada borayotgan Xo‘jandning “Esxata” klubi “Andijon”ga qarshi nazorat uchrashuvida ishtirok etdi. 1:1 hisobida yakun topgan bellashuvda “Esxata” jamoasidan javob golini o‘zbekistonlik hujumchi Akobir To‘raev kiritdi.
Muxlislar ushbu hujumchimizni yaxshi eslashsa kerak. Oxirgi paytlarda chetda to‘p suryapti. “Buxoro” futbol maktabi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Shu kungacha “Buxoro”, “Paxtakor”, “Mash’al” singari jamoalarimizda to‘p surdi. Shuningdek, Hindiston, Bangladesh, Qirg‘iziston va Tojikiston birinchiliklarida ham o‘ynadi.
Masalan, “Esxata”da ilgari ham faoliyat olib borgan. U yana sobiq klubiga qaytmoqda. “Andijon”ga qarshi bahsdan keyin To‘raev bilan muloqotga kirishdik.
“Bu jamoa bilan shartnoma imzolaganman”
- Aslini olganda yil boshida ham shu erda edim, - deya gap boshladi, Akobir. - Faqat meni zayavka qila olmadilar. O‘tgan yili Qirg‘iziston chempionatida o‘ynadim. Negadir o‘shanda xujjat ishlari bilan bog‘liq masala tufayli ro‘yxatdan o‘tkazolmadilar. Natijada ikki oy uyda yurdim. Keyin “Esxata”dagilar chaqirib qolishdi va yaqinda keldim. Bu jamoa bilan imzolangan shartnomam bor, yil boshida tuzilgan. Ko‘tarma pulini uchdan bir qismini olganman.
“Shu erda qolishim shart”
- Tojikiston chempionatining birinchi davrasi tugashiga ikkita tur bor. Murabbiylar bilan gaplashsam, shundan keyin 10 kunlik ta’til bo‘larkan. Hozircha aniq gapirishmadi. Rosti, menga boshqa joylardan taklif bo‘lgani yo‘q. Shu erda qolishim shart. “Andijon” bilan uchrashuvga to‘xtaladigan bo‘lsam, baribir mashg‘ulot bilan o‘yin boshqa. Superliga vakiliga qarshi yaxshi o‘yin bo‘ldi. O‘ynamaganim ancha bilindi. Faoliyatimda oxirgi bir yilda o‘yin amaliyotim kam bo‘lyapti, bunga jarohatlar ham sabab.
“Superligada ham o‘ynayman”
- To‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, 3-4 yildan beri O‘zbekiston Superliga klublaridan taklif kelib tushmaganligi sababli xorijda o‘ynayapman. Chunki menga chetdan takliflar bo‘lib turadi. Hindiston, Bangladesh, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi chempionatlarda o‘ynab kelyapman. Xudo xohlasa, Superligamizda ham o‘ynayman. Hammasi yaxshi bo‘ladi.
“Esxata”ni maqsadi OFK Kubogida ishtirok etish”
- Tojikiston chempionatini o‘zingiz ham ko‘rdingiz, yugurishadi, tepishadi, harakat qilishadi. Hamma klublari kurashuvchan. “Esxata” bosh murabbiyi va rahbariyat maksimal vazifa qo‘ygan. OFK Kubogida ishtirok etish maqsadi bor. Rossiyalik murabbiyning rejalari bor va bu borada hammasi joyida. Klubda ichki muhit ham yaxshi. Murabbiy asosan tartib-intizomga jiddiy qaraydi”, - deydi To‘raev.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar