
Turkiyadagi o‘zbeklar: 61 ta o‘yin, bitta gol!
Joriy mavsum Turkiya superligasida uch nafar futbolchimiz ishtirok etdi. Legionerlarimiz o‘ynagan jamoalar musobaqa jadvalining o‘rta qatorlaridan joy oldi.
Sports.uz portali o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga turk ligasidagi futbolchilarimiz statistikasini havola etadi.
Otabek Shukurov
27 yoshli yarim himoyachi Turkiyada to‘p tepish bo‘yicha eng tajribali vakilimiz hisoblanadi. To‘rt yil Birlashgan Arab Amirliklarining “Sharja” klubida o‘ynagan qashqadaryolik futbolchi 2022 yili Turkiyaga ko‘chib o‘tib, “Fotih Karagyumryuk” jamoasiga joylashgandi.
Otabek yakunlangan mavsumning qoq yarmida jamoasini almashtirib, “Kayserispor” safiga qo‘shildi. Bungacha “Fotih Karagyumryuk”da 15 ta o‘yin o‘tkazgan hamyurtimiz yangi jamoasida yana 12 marotaba maydonga tushdi.
Mavsum oxirida Shukurov to‘g‘ri qarorga kelgani oydinlashdi. “Fotih Karagyumryuk” Superligani tark etgan bo‘lsa, “Kayserispor” 45 ochko bilan musobaqa jadvalida 11- pog‘onani egalladi.
Otabek Shukurov butun mavsum davomida Superligada umumiy hisobda 1043 daqiqa harakat qilib, bitta assistni amalga oshirdi.
27 yoshli futbolchimizning transfer summasi 2,5 million evroni tashkil qilmoqda. Uning “Kayserispor” bilan shartnomasi 2025 yilning 30 iyunigacha davom etadi.
Husniddin Aliqulov
Qashqadaryo futboli yana bir tarbiyalanuvchisi Husniddin Aliqulov Turkiya Superligasiga o‘tgan yozda “Nasaf”dan yo‘l olgandi.
25 yoshli markaziy himoyachi “Rizespor” bilan uch yillik shartnoma imzoladi. Husniddin uchun legioner sifatidagi debyut mavsum ancha yaxshi o‘tdi.
Aliqulov turk klubi murabbiylar shtabining ishonchini oqlay oldi. “Rizespor” o‘zbek futbolchisining xizmatidan Superliganing 21 ta uchrashuvida va mamlakat kubogining bitta o‘yinidan foydalandi.
Husniddin Aliqulov hammasi bo‘lib maydonda 1377 daqiqa o‘ynadi va to‘rtta sariq kartochka oldi. “Rizespor” Superliga 50 ochko bilan to‘qqizinchi o‘rinda yakunladi.
O‘zbekistonlik futbolchining amaldagi shartnomasi 2026 yilning yarmigacha tuzilgan va hamyurtimiz 1,2 million evroga baholanyapti.
Azizbek Turg‘unboev
Namanganlik futbolchi yanvar-fevral oylarida Qatarda o‘tgan Osiyo kubogidagi ajoyib o‘yinlari samarasida Turkiya klubi nazariga tushdi. “Sivasspor” rahbariyati “Paxtakor” bilan shartnomasi yakunlangan o‘yinchini erkin agent sifatida o‘z safiga qo‘shib oldi va bir yarim yillik shartnoma imzoladi.
Yangi jamoaga Superliganing ikkinchi qismidan qo‘shilgan 29 yoshli hujumkor futbolchi 12 ta bahsda maydonga tushdi va jami 812 daqiqa harakat qildi.
Azizbek Turg‘unboev “Istanbulspor” bilan bo‘lgan bahsda Turkiya chempionatidagi debyut golini urdi.
Jami 54 ochko jamg‘argan “Sivasspor” mavsumni ettinchi o‘rinda yakunladi.
Transfermarkt hammaning e’tiborini Fayzullaevga qaratdi!
Fikrlar