
Valeriy Kichin: "Futbolda yaxshi o‘yin uchun ochko berilmaydi"
“Lokomotiv” klubining qirg‘izistonlik legioneri Valeriy Kichin yaqinda o‘z mamlakati terma jamoasi tarkibida O‘zbekistonga qarshi maydonga tushganini bilasiz.
U “Lokomotiv” safida ham ishonchli o‘yinlar namoyish qilmoqda. Jamoasi bilan kuni kecha Andijonda muhim g‘alabani qo‘lga kiritdilar.
Valeriy Kichin esa Sports.uz uchun intervyu berdi.
- G‘alaba bilan tabriklaymiz. Andijonlik muxlislar mag‘lubiyatni kutishmagandi. Uchrashuv haqida nima degan bo‘lardingiz?
- Tabrik uchun rahmat. Qiyin o‘yin, kurashlarga boy bo‘ldi. “Andijon” ham yaxshi qarshilik ko‘rsatdi. Birinchi bo‘limda bizda imkoniyatlar ko‘proq bo‘ldi va yaxshiroq harakat qildik. Ikkinchi bo‘limda “Andijon” faolroq o‘ynadi. Ikkinchi bo‘lim boshida gol urganimizdan keyin “Andijon” hisobni tenglashtirish uchun bizga nisbatan qattiqroq harakat qildi. Biz o‘z vaziyatlarimizdan unumli foydalandik. “Andijon” jiddiy qarshilik ko‘rsatganiga qaramay, biz aniqroq harakat qilib, g‘alabani o‘z tomonimizga og‘dirdik.
- Alohida raqibning o‘yini haqida nima deya olasiz?
- Juda yaxshi va hujumkor jamoa. O‘zbekistondagi har qanday klubga “Andijon” maydonida to‘p surish ancha murakkab. Qanotlardan tezkor hujumga o‘tishi va hujumkorlikni yaxshi ko‘rishini aytishim mumkin. Umuman olganda, “Andijon” kuchli va yaxshi jamoa ekan.
- Muxlislar haqidachi? Qanday fikrdasiz?
- Ooo, “Andijon” ishqibozlari alohida mavzu. Tabiiyki, andijonlik muxlislar haqida fikrlarim juda ijobiy. Ayniqsa, performanslarni ko‘tarishlari, hayqiriqlar stadiondagi muhitni o‘zgartirib yubordi. Andijonlik fanatlar o‘z faolligi bilan kuchli muxlislik qilishdi. Menga bunday muhitda to‘p surish nihoyatda yoqadi. Uydami, safardami farqi yo‘q, asosiysi, mana shunday muhitda o‘ynashni yaxshi ko‘raman. Andijonlik ishqibozlarga yuqori darajada muxlislik qilishgani va stadiondagi super muhit uchun o‘z minnatdorligimni bildiraman.
- Yaqinda Qirg‘iziston terma jamoasi safida O‘zbekistonga qarshi maydonga tushdingiz. Terma jamoangizga nima etishmadi?
- Nima deyishim mumkin? Hujumdagi tartib etishmadi: aniqlik, ishonchli harakat.
- Ko‘rdikki, Qirg‘iziston yaxshi harakat qildi...
- Futbolda yaxshi o‘yin uchun ochko berilmaydi (kuladi). Himoyada ham, hujumda ham aniqroq harakat qilishimiz kerak edi. Eron va O‘zbekiston kabi termalarga qarshi xato qilmasdan to‘p surish juda muhim.
Fikrlar