
Xayrulla Hamidov OChLda “Paxtakor”dan nimalar kutgandi? Jamoaning musobaqadagi ishtirokini qanday baholaydi?
SPORTS.uz muxlislar doim kuzatib boradigan sharhlovchilar bilan hamkorlik qilishda davom etadi. Siz sharhlarini sevib tinglaydigan Xayrulla Hamidov endi SPORTS.uz sayti kuzatuvchilari uchun o‘z fikr va mulohazalarini taqdim etadi.
Loyihaning ilk soni “Paxtakor” klubining OChLdagi ishtirokiga bag‘ishlandi. Taniqli sharhlovchi xalqaro musobaqada “Paxtakor”dan nimalar kutgani, jamoaning musobaqadagi ishtiroki qanday chiqqani borasida to‘xtalib o‘tdi.
– “Paxtakor” jamoasining OChLdagi bu mavsumi men uchun qoniqarli bo‘ldi. Sababi, toshkentlik futbolchilarning o‘yinida mazmun ko‘rdim. Guruh bosqichidagi uchrashuvlar, “Al-Hilol”ga qarshi bahslar garchi birida yutqazgan bo‘lsa ham, yigitlarda o‘yinga bo‘lgan e’tibor, murabbiylarning chizgilari yaqqol sezilib turdi.
Endi pandemiya paytida hamma narsa buzilib ketdi. Ya’ni, bir qolipga solib bo‘lmayapti. Evropada ham juda ko‘p milliy chempionatlar izidan chiqib ketdi. Ba’zi ligalar oxirigacha etib bormadi. Ayrimlari keyinroq o‘tkazilsa-da, turli darvlarda bo‘lib o‘tdi va ularning chempionlari, g‘oliblari o‘rtasidagi Evropa Chempionlar ligasi o‘yinlaridagi kurashga o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Oxir-oqibat Frantsiya vakillari yarim finalga chiqqanidan xulosa qilsak, pandemiya futbolga ta’sir qildi. O‘z navbatida Osiyoga ham. Buning “Paxtakor”ga yaxshi tomondan bo‘lgan ta’siri ham bor. Raqiblari o‘yindan chiqib ketdi, “sherlar”ning guruh bosqichidagi dastlabki ikki turi yurtimizda, qolgani neytral maydonda bittadan o‘tkazildi...
Pandemiyada futboldagi ko‘p narsa aralashib ketdi. Mana shuning ichida “Paxtakor” futbol ko‘rsatdi. Ya’ni, “sherlar”ning qizil kartochkasi bo‘lmaganda, keyingi bosqichga chiqishiga juda ko‘pchilik ishonyapti. Yarim finalga chiqqanda Shota Arveladze shogirdlari juda yaxshi natija qayd etgan bo‘lardi.
“Paxtakor”ning o‘yiniga baho beradigan bo‘lsak – qoniqarli. Lekin murabbiylar psixologik tomondan muhim pallada futbolchilarni oxirigacha tayyorlay olmagani uchun qizil kartochka olindi. Shu va boshqa jihatlar ruhiyatga ta’sir qildi shekilli, natijada qizil kartochka sodir bo‘ldi.
Umuman olganda, “Paxtakor”ning bu mavsum OChLdagi ishtirokidan qoniqish hosil qildim. O‘ylaymizki, “sherlar” keyingi mavsum yanada oldinroqqa qadam tashlaydi va, balki final yo‘llanmasini qo‘lga kiritar. Bunga etarlikcha asoslarimiz bor, - dedi Xayrulla Hamidov.
Davomi bor...
Fikrlar