
Xoland “mehmondo‘stlik”ni yomon ko‘radi
Angliya Premer-ligasining to‘rtinchi turi Manchester derbisi bilan yakunlandi. O‘yinga mezbonlik qilgan “shaharliklar” raqib darvozasiga javobsiz uchta to‘p kiritdi.
Abduqodir Husanov to‘liq o‘ynab, himoyani mustahkam ushlab bergan uchrashuvda Fil Foden hisobni ochgan bo‘lsa, Erling Xoland “Yunayted” darvozasini ikki bor ishg‘ol qildi.
OptaJoe statistik markazining ma’lum qilishicha, Xoland “Manchester Siti” tarkibida “Etixad” arenada 50-o‘yinini o‘tkazib, o‘z muxlislari guvohligida urgan gollari sonini ham 50 taga etkazib oldi.
Angliya chempionatlari tarixida o‘z maydonida 50 ta golni eng tez kiritish bo‘yicha Xoland mashg‘ur yulduz Alan Shirerdan keyin ikkinchi o‘rinni qayd etdi. Shirerga 50 ta gol urish uchun 47 ta uchrashuv kifoya qilgan.
Shuningdek, professional faoliyatida 1988-2006 yillar davomida “Sautgempton”, “Blekbern Rovers” va “Nyukasl Yunayted” sharafini himoya qilgan Alan Shirer jami 260 ta gol urgan va bu Angliya chempionatlarining mutlaq rekordi hisoblanadi.
Fikrlar