
Yangi reyting: Shomurodov eng qimmatbaho futbolchi mavqeini boshqa o‘yinchimizga boy berdi!
Transferlarga ixtisoslashgan Transfermarkt portali sobiq Sovet Ittifoqi huquqidagi kirgan va bugun mustaqil davlatga aylangan mamlakatlarning ayni paytdagi eng qimmat futbolchilarining yangi reytingini tuzib chiqdi.
E’tiborli jihati, kuchli beshlik chempionatlarida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan va gol ura olgan yagona o‘zbek futbolchimiz Eldor Shomurodov anchadan beri O‘zbekistonning eng qimmatbaho o‘yinchisi bo‘lib kelgan edi.
Biroq, Transfermarkt portali ekspertlari yangi reytingda birinchi o‘ringa TsSKA futbolchisi Abbosbek Fayzullaevni qo‘ydi. Aslida har ikki legionerimizning transfer summasi bir xi – 5 million evroni tashkil qiladi.
Lekin bir paytlar 14 million evroga baholangan Shomurodovning transfer narxi keyingi yillarda muntazam arzonlab bormoqda.
Abbosbek Fayzullaevda aksincha, bu ko‘rsatkich tez ko‘tarilyapti. O‘tgan yili avgust oyida “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi TsSKAga o‘tib, Evropa futboliga kirib kelgan paytda xalqaro portal tomonidan 750 ming evroga baholangan Abbosbek mavsumning birinchi yarmidagi muvaffaqiyatlari tufayli qimmatlasha boshladi.
20 yoshli hujumkor futbolchimizning narxi 5 oktyabrda yangilangan reytingda 2 million, 13 dekabr kungisida 4 million evroga ko‘tarildi.
Qatardagi Osiyo kubogida Eldor Shomurodov qatnasha olmadi, biroq uning o‘rnini bilintirmaslikka harakat qilgan va o‘yini ekspertlar e’tirofiga sabab bo‘lgan Fayzullaevning transfer summasiga 21 fevral kuni yana 1 million evro qo‘shildi.
Transfermarkt portalining yangi reytingida 15 mamlakatning eng qimmatbaho o‘yinchilari quyidagilardan iborat bo‘ldi.
Gruziya: Xvicha Kvaratsxeliya (€ 80 mln, «Napoli»).
Ukraina: Aleksandr Zinchenko (€ 42 mln, «Arsenal» London).
Rossiya: Aleksandr Golovin (€ 30 mln, «Monako»).
Armaniston: Eduard Spertsyan (€ 18 mln, «Krasnodar»).
Qozog‘iston: Baxtiyor Zaynutdinov (€ 6 mln, «Beshiktosh»).
Moldova: Oleg Ryabchuk (€ 5 mln, «Spartak» Moskva).
O‘zbekiston: Abbosbek Fayzullaev (€ 5 mln, TsSKA Moskva).
Litva: Gvidas Gineytis (€ 2 mln, «Torino»).
Estoniya: Karl Xeyn (€ 2 mln, «Arsenal» London).
Belarus: Ilya Shkurin (€ 2 mln, «Stal»).
Ozarbayjon: Renat Dadashov (€ 2 mln, «Xatayspor»).
Latviya: Raymonds Krollis (€ 1,5 mln, «Vishkov»).
Tojikiston: Rustam Yatimov (€ 1,2 mln, «Istiklol»).
Qirg‘iziston: Guljigit Aliqulov (€ 550 ming, «Neman»).
Turkmaniston: Ruslan Mingazov (€ 450 ming, «Kitchi»).
Fikrlar