
Yil to‘qnashuvi: Habib yana Konorga qarshi!
Aksariyat MMA ixlosmandallari 18 yanvarni kutayotgan bo‘lsa ajab emas, sababi o‘sha kuni "UFC 311" turniri tashkil etiladi va unda Islam Maxachev Arman Tsarukyan bilan jang qilsa, Merab Dvalashvili Umar Nurmagomedovga qarshi oktagonga ko‘tariladi. Albatta, ajoyib jang kechasi bo‘lishiga shubhamiz yo‘q. Zero ikki markaziy jangdan boshqa qiziqarli o‘tishi kutilayotgan qarama-qarshiliklar ham bor. Biroq, bir haftadan keyin undanda e’tiborga molik bo‘lishi kutilayotgan turnir ham bor. Ha, bu Dubay shahri mezbonligadigi Bellator turniri... Nega endi Bellator turniri UFC raqamli turnirini ham ortda qoldirishi mumkin degan savol tug‘ilishi tabiiy.
Bunga aniqlik kiritib o‘tamiz. Ha, markaziy jang ishtirokchilari Usman Nurmagomedov va Pol Xyuz mashhurlik bobida Islam, Merab, xattoki Irji Proxazka kabi bo‘lmasa-da, uning atrofidagi "shaxs"lar haqiqiy MMAning tirik afsonalaridir! Ya’ni, MMA olamini "portlatgan" va ta’bir joiz bo‘lsa, UFCni cho‘qqiga olib chiqishgan irlandiyalik Konor MakGregor va Habib Nurmagomedov ushbu turnirda yana to‘qnash kelishi mumkin. Ha, to‘g‘ri o‘qiyapsiz ular yana oktagonda duch kelishlari mumkin. Faqat bu safar sekundant va murabbiy sifatida, 25 yanvar kuni Dubay shahrida Bellator promousheni navbatdagi turnirini o‘tkazadi. Bellator Championship Series turnirining markaziy jangida engil vazn (70,3 kg) toifasi vakillari yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, Usmon Nurmagomedov va Pol Xyuz to‘qnash kelishadi.
Ma’lumki, Usman Habibning jamoasi va yaqini hisoblanasa, Pol Xyuz shimoliy irlandiyalik va u intervyularning birida Usman bilan jangda burchagida Konor MakGregor bo‘lishini aytib o‘tgandi. Xullas, bevosita jang super ko‘rinish olsa, jang atrofidagi voqeliklar ham "dahshat"li ko‘rinishda bo‘ladi, desak yanglishmagan bo‘lamiz. Bir so‘z bilan aytganda 25 yanvar kuni Dubay shahri va turnir "yonadi"!
Keling, Pol Xyuz va Usman Nurmagomedov jangi borasida va ularning imkoniyatlari bobida biroz to‘xtalib o‘tamiz.
Demak, Pol Xyuz (13-1) aslida qanday jangchi?
Shimoliy irlandiyalik ajoyib iste’dod! Rang-barang uslubga ega bo‘lgan, qaytmas jangchi. Kuchli harakter egasi. Asosiy zarbani o‘ng qo‘lida yo‘llaydi. "Teyk-daun"dan himoyasi ham zo‘r. Kurashi ham chakki emas. "Parter"dagi nazorati ham yomon emas. Ayniqsa uning xavfli "qurol"i "uchar tizzalar"dir. Odatda, u birinchi raqam bo‘lib harakat qilishni afzal ko‘radi. Kardiosi borasida ham maqtana oladi. Zarbalari ham kuchli ko‘rinish oladi. Ikki qo‘lda birdek zarba yo‘llay oladi.
Xullas, mukammal jangchiga yaqinroq darajada, lekin u faoliyati mobaynida Usman Nurmagomedov darajasidagi raqibga duch kelmagan. To‘g‘ri u so‘ngi jangida Bellator sobiq chempioni AJ Makkini shunchaki dabdalasini chiqardi. Ammo Makkini hozirgi darajasi u qadar maqtovga arzigulik emasdi. Qolaversa, Usman bilan solishtirganda ancha kuchsiz desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Xyuz 13 ta g‘alaba va bir mag‘lubiyat qayd extgan. G‘alabalarining 6 tasini texnik nokaut va nokaut orqali, 3 ta sabmishn va 4 tasini ochkolar evaziga qo‘lga kiritgan. Birgina mag‘lubiyatini angliyalik Jordan Vuchenichdan qabul qilib olgan va uni revanshda mag‘lubiyatga uchratishga ham ulgurgan.
Usman Nurmagomedovning (18-0) ustunlik jihatlari
Usman barcha jabhada undan ustun desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Ya’ni bo‘y borasida ham 10 sm balandroq. Qo‘llarining uzunligi ham Usmanga asqotadi. "Stoyka", kurash borasida ham kichik Nurmagomedov undan salohiyatliroq. Lekin bu MMA va unda birgina kuchli zarba jang taqdirini o‘zgartirib yuborishi mumkin. Bunday "laki panch"lar esa Xyuzda bor. Agar jang ko‘proq "stoyka"da kechsa, yaqin masofa dog‘istonlik uchun xavf tug‘dirishi mumkin. Masofadan esa Usman o‘zini "suvdagi baliqdek" xis qiladi. Usmanda zo‘r jamoa bor va uni Habib jangga ko‘ngildagidek tayyorlay oldi, nazarimizda. Chunki, jamoada kimlar borligini va qanday sparring sheriklar ishlaganini o‘zingiz yaxshi bilasiz. Usman 18 ta g‘alabasini 8 tasini KO, TKO, 6 ta sabmishn va 4 tasini ochkolar evaziga qo‘lga kiritgan.
Imkoniyatlar...
Xyuzni har qancha iste’dodli bo‘lmasin, u Usmanga jiddiy qarshilik ko‘rsata olishi qiyin. Baribir Usman Nurmagomedov boshqa daraja. Xyuz Aleksandr Shabliy darajasida ham Usmanga boshog‘riq bo‘la olmaydi. Albatta, bu mening shaxsiy fikrim. Jang muddatidan avval Usmanning g‘alabasi bilan yakunlansa kerak. Ya’ni texnik nokaut bilan. Uzog‘i 3-raundda Usman ushbu natijani qayd etadi. bu degani yana Konor MakGregor Habib tomonidan mag‘lub etiladi, degani... Ha, jangdan so‘ng, yana internet olami" portlaydi". Ehtimol, jang vaqtidayoq bu sodir bo‘lar. Xullas, qandaydir syurpriz albatta bo‘ladi!
Ahmadbek Eshmatov tayyorladi
Fikrlar