
Yozgi ta’tilga chiqqan "Andijon"ning rejasi qanday?
4 iyul kuni O‘zbekiston Kubogi nimchorak final bosqichida safarda “Olimpik” jamoasiga qarshi o‘yindan keyin “Andijon” klubi a’zolari yozgi tanaffusga chiqdi. Bu haqida klub matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, futbolchilarga bir necha kunlik xordiq berildi va jamoa a’zolari ikkinchi davraga tayyorgarlikni 12 iyuldan Toshkentda boshlaydi. Futbolchilar yozgi yig‘inga kirishishdan avval 11-kuni tibbiy ko‘rikdan o‘tadilar.
Poytaxtdagi mashg‘ulotlari 25 iyulga qadar davom etadi. Ushbu yig‘in doirasida bir qator nazorat o‘yinlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Raqiblar to‘la-to‘kis aniq bo‘lgach, bu xususida albatta ma’lumot beriladi.
Xabaringiz bor, 2 iyuldan yozgi transfer oynasi ochilgan. Barcha muxlislarni tarkibda qanday o‘zgarishlar yuz berishi qiziqtirayotgani tabiiy. Ayni paytda klub rahbariyati ayrim pozitsiyalarni yanada kuchaytirish maqsadida legioner hamda mahalliy futbolchilar bilan muzokaralar olib bormoqda. Shu bilan birga jamoamizni tark etadigan o‘yinchilar ham yo‘q emas. Bu borada barcha xujjatlar to‘liq oxiriga etkazilgach, rasmiy xabar beramiz, - deyiladi klub matbuot xizmatining bayonotida.
Fikrlar