Erberning ertagi tugadi
Niderlandiya mezbonlik qilayotgan mukofot jamg‘armasi 1 837 394 AQSh dollari bo‘lgan "ABN AMRO World Tennis Tournament - 2017" xalqaro turnirida sensatsion natijalarni qo‘lga kiritgan frantsiyalik Per-Yug Erberning ertagi nihoyasiga etdi.
Saralash turniridan asosiy to‘rga qo‘shilgan Erber yarim finalgacha bo‘lgan bellashuvlarda kuchli tennischilar - Felisyano Lopesni (Ispaniya) 7:6, 7:6, Evgeniy Donskoyni (Rossiya, Q) 6:2, 7:6, Dominik Timni (Avstriya, 2) 6:4, 7:6 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
Final yo‘llanmasi uchun bo‘lgan bahsda frantsiyalik tennischi uchinchi raqamda saralangan belgiyalik David Goffenga imkoniyatni boy berdi. Goffen bu g‘alaba orqali kelasi hafta jahon reytingida ilk marotaba kuchli o‘nlikdan joy oladigan bo‘ldi.

Natijalar bilan tanishing:
Jo-Vilfrid Tsonga (Frantsiya, 6) — Tomash Berdix (Chexiya, 4) 6:3 6:4
David Goffen (Belgiya, 3) — Per-Yug Erber (Frantsiya, Q) 6:1 6:3
Finalda Jo-Vilfrid Tsonga (Frantsiya, 6) — David Goffen (Belgiya, 3) bahsini ko‘ramiz.

Fikrlar