
Erkin G‘aybullaev maqolasi: Raboning keyingi jamoasi qaysi klub bo‘ladi?
23 yoshli Rabo Tomas Tuxel qo‘li ostida so‘nggi vaqtlarda asosiy tarkibdan tushib qolmoqda. Ayniqsa «Marsel» va Chempionlar Ligasida «Liverpul»ga qarshi muhim uchrashuvlarda ishtirok etolmaslik Raboga umuman yoqmayapti.
Frantsuz futbolchisi kelasi yil yakuniga etadigan amaldagi shartnomasini uzaytirmayotganligi tufayli Evropaning bir qator grandlari uni o‘z safida ko‘rish uchun «tipirchilab» qolishdi.
Rabo yaqinda boshqa klublardan tushadigan takliflar uchun tayyorligini bildirdi, ammo yarim himoyachi o‘zga jamoada o‘ynab keta oladimi? Qaysi jamoa uni o‘z safiga qo‘shib olishi mumkin? Quyida bir necha variantlarni ko‘rib chiqamiz.
Orzu: «Barselona»
Kataloniyaliklar hayolidan shu yil yozida klubni tark etgan Andres Inestaning zargarona uzatmalari ketgani yo‘q. Ernesto Valverde esa «Kamp Nou»da uning izdoshini topish uchun bel bog‘lagan. Artur bunday vazifani bajara olishi mumkinligini isbotlashga kirishgan. Ammo Rabo «Barsa» yarim himoyasini yuqori saviyaga olib chiqishga qodir bo‘lgan futbolchi.
«Barselona» bu nuqtani yopish uchun «Ayaks» yarim himoyachisi Frenki De Yongni olib kelmoqchi. Ammo o‘tgan yozda Jorjinoni «Chelsi»ga berib qo‘ygan «Manchester Siti» ham gollandiyalik iqtidor egasiga jon-jahdi bilan yopishgan. Paris United nashriga ko‘ra, parijliklar prezidenti Antero Enrike sport ishlari bo‘yicha direktor Antero Enrikega Rabo bilan ortiq muzokaralar olib bormasligini bildirgan. Shu sababli uning «Barselona»ga o‘tishi uchun yo‘llar ochilmoqda.
Raboning yarim himoyadagi sifati va pas uzatish bo‘yicha mahorati «Barsa» falsafasiga to‘la mos keladi. Uning muvozanatni ushlashi va o‘yinni o‘qiy olishi amaldagi Ispaniya chempionlarini yanada kuchaytirishi turgan gap.
Haqiqat: «Pari Sen-Jermen»
Rabo klubda yirik shaxsga aylanib ulgurgan. U o‘z qarashlarini bildirish uchun umuman uyalib o‘tirmagan. U so‘nggi Mundialda Frantsiya terma jamoasi zaxira o‘yinchisi bo‘lishni rad qilgani, yoki yaqinda Zlatan Ibrohimovichni ommaviy tarzda tanqid qilganini yodga olaylik. Shuning uchun uning klub rahbariyati bilan so‘nggi kelishmovchiliklari yangilik emas. 2015-yilda ham u o‘z o‘rnini yo‘qotganiga qaramay klub bilan yangi shartnoma imzolagandi va asosiy tarkib uchun kurashgandi.
Bo‘layotgan ishlarni yanada alangalatayotgan shaxs – bu uning agenti va onasi Veronika hisoblanadi. Turli mish-mish va spekulyatsiya uyushtirish zamonaviy futbolda klublarni etakchi futbolchilariga yog‘li shartnomalar taklif qilishga majbu qilmoqda. Balki bu ham Rabo va uning agenti rejalaridir. Kim bilsin?
Djoker: «Arsenal»
Unay Emeri to‘xtab qolgan «Arsenal»ni yurgizib yubordi. Klub yarim himoyachisi Aaron Remzi kelasi yil yozida klubni tark etishga ahd qilgan. Shu sababli ispaniyalik mutaxassis uning o‘rniga sobiq shogirdi Raboni olib kelishi mumkin.
Raboning profili ko‘proq Granit Djakaga yaqin. Ammo frantsiyalik futbolchi «to‘pchilar» safida shveytsariyalik yarim himoyachiga kuchli raqobatni tashkil qilishi va yarim himoyadagi muvozanatni saqlashda yordam berishi mumkin. Torreyra – Rabo yarim himoya juftligi klub muxlislariga yoqishi aniq. «Yaratuvchi – buzuvchi» hamkorligi Emeri ostida gullab-yashnashi Djakaning faoliyatiga jiddiy ta’sir qilishi mumkin.
Fikrlar