Farhod Bekmurodov: Baxtiyor Ashurmatov ketmaganida kamida “Andijon” Oliy ligada qolgan bo‘lardi

Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Mamlakatimizda bu yilgi futbol mavsumi yakunlanganiga ham uncha ko‘p bo‘lmadi. Aytish kerakki, ortda qolgan chempionat kutilmagan voqealarga boy o‘tdi deyish mumkin.

Mavsumni yaxshi niyatlar bilan boshlagan “Andijon” futbol klubi afsuski yakunda Oliy liga bilan hayrlashdi. Ammo, jamoada bir qator yosh va iqtidorli mahalliy futbolchilar muxlis va mutaxassislarning e’tiboriga tushdi. Bugungi suhbatdoshimiz Farhod Bekmurodov ham ana shunday futbolchilardan biridir.

Ortda qolgan mavsumda 22 yoshli yarim himoyachi jami 31ta uchrashuvda ishtirok etib, o‘z hisobiga 1ta gol va 2ta golli uzatma yozdirib qo‘yishga erishdi.

Sports.uz nashri muxbiri iste’dodli futbolchi bilan suhbat uyushtirdi. Andijonlik futbolchi intervyu davomida bu yilgi mavsum va kelajak rejalari haqida gapirib berdi.

        

  • Mavsum avvalida “Andijon” jamoasi o‘z oldiga qanday maqsad qo‘ygan edi?
  • Ochig‘i, mavsumni yaxshi niyatlar bilan boshlagan edik. Jamoa oldiga autsayderlar qatoridan chiqish va kamida kuchli 10talikdan joy olish vazifasi qo‘yilgan edi. Afsuski, yakunda omadsizlikka uchradik va elitani tark etishga majbur bo‘ldik.
  • Chempionat boshini “burgutlar” Baxtiyor Ashurmatov qo‘l ostida boshladi. Biroq, ko‘p o‘tmay, aniqrog‘i birinchi davra yakunlanmay turib u iste’foga chiqarildi. Nima deb o‘ylaysiz, agar Ashurmatov ketmaganida, jamoa hozir qanday natija qayd etgan bo‘lar edi?
  • To‘g‘risini aytsam, murabbiyni teztez almashtirish jamoani jarlikka olib keladi. Boisi, har bir murabbiyning o‘z taktikasi bor. Shunday ekan, eskisi ketib, yangisi kelgani faqatgina futbolchilarga qiyinchilik tug‘diradi. Agar, Baxtiyor Ashurmatov jamoadan ketmaganida, eng kamida “Andijon” Oliy ligada qolgan bo‘lardi deb hisoblayman
  • O‘tgan mavsum “Andijon” safida to‘p surgan legionerlar haqiqatdan ham mahalliy futbolchilardan ustunmidi?
  • Odatda solishtirishni yoqtirmayman. Ammo, aytishim kerakki, jamoamizda o‘ynagan legionerlar o‘zimizning futbolchilardan hech bir jihatda ustun emas edilar. Barchasi moliyaviy tomonlarga borib taqaladi. Chunki, yaxshi legioner sotib olish uchun yaxshigina pul sarflash kerak.
  • Andijonlik muxlislar haqida nimalar deya olasiz?
  • Andijonda futbolni sevishadi. Ularni O‘zbekistonda tengsiz deb bilaman. Bunday muxlislar eng yaxshisiga munosib. Ammo, ularning ishonchini oqlay olmaganimizdan afsusdamiz. Vaqti kelib Andijonda futbol yuqori pog‘onalarga ko‘tariladi. Bunga ishonaman.
  • Tanqid futbolchini sindirishi yoki aksincha uni yanada kuchliroq bo‘lishga sabab bo‘lishi mumkin. Sizga tanqid qanday ta’sir qiladi?   
  • Albatta, tanqidlardan to‘g‘ri hulosa chiqarish kerak, agar u to‘g‘ri ma’noda bo‘lsa. Aslida futbol muxlichlar uchun o‘ynaladi. Futbolchi ham ayni shuning uchun maydonda ter to‘kadi. Biroq, har doim ham o‘zingiz hoxlagandek o‘yin namoyish eta olmaysiz. Ana shunday holatlarda ba’zi ishqibozlarning kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qilishlari har bir futbolchiga yoqmasligi tabiiy.
  • Kelajakdagi rejalaringiz haqida ham gapirib o‘tsangiz. Yangi mavsumni ham “Andijon” safida o‘tkazasizmi yoki boshqa jamoalar taklifini qabul qilasizmi?
  • “Andijon” klubi bilan yana bir yillik shartnomam bor. Lekin, yangi mavsumni kuchlilar safida o‘tkazishni hoxlardim. Aytishim mumkinki, Oliy liganing bir nechta jamoalaridan jiddiy takliflar bo‘lmoqda.
  • Yangi yil ham yaqinlashmoqda. Fursatdan foydalanib kimlarga minnatdorchilik bildirgan bo‘lardingiz?
  • Fursatdan foydalanib, Oliy ligada o‘z nomimga ega bo‘lishimda bevosita yordam bergan va menga ishonch bildirgan Baxtiyor Ashurmatovga, o‘zining qimmatli maslahatlarini ayamagan Vitaliy Legayga hamda bizni doim ruhlantirib turgan va dalda bergan Ma’ruf Abdisalomovga o‘z minnatdorchiligimni bildirib o‘tmoqchiman. Qolaversa, butun mavsum davomida men bilan elkadosh bo‘lib, bir safda turgan barcha jamoadoshlarimga rahmat aytaman.
  • Mazmunli va maroqli suhbatingiz uchun rahmat. Sports.uz nashri sizga kelajakdagi ishlaringizga omad tilab qoladi.
  • Rahmat.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!