
Ikki engilmas bokschimiz katta jangga yo‘l oldi
Professional boksda engilmay kelayotgan iste’dodli yosh bokschilarimiz - Qudratillo Abduqahhorov (8-0-0, KO 5) va Azizbek Abdug‘ofurov (3-0-0, KO 3)navbatdagi jangini 7 yanvar kuni Malayziyaning Johor shtatida bo‘lib o‘tadigan boks kechasi doirasida o‘tkazadi.
Bokschilarimiz bugun tongda Toshkent xalqaro aeroportidan Malayziya sari yo‘l oldi.
- Bo‘lajak janglarga puxta tayyorlandik, - dedi Qudratillo Abduqahhorov SPORTS.uz axborot portaliga. - Yangi mavsumdagi dastlabki janglarni g‘alaba bilan yakunlashga harakat qilamiz. Oldinda o‘ta muhim janglar va kuchli raqiblar kutib turibdi. Maqsad sari intilamiz.
Qudratillo to‘qqizinchi jangida filippinlik pancher Romeo Jakosalem (18-13-1, KO 10) bilan kuch sinashadi. Bu jang o‘n raund qilib belgilandi.
Nokautchi bokschimiz Azizbek Abdug‘ofurov anchayin tajribali bo‘lgan indoneziyalik Aleksander Bayavaga qarshi ringga ko‘tariladi. Bu bokschi professional ringda jami 47 ta jang o‘tkazib, shulardan 41tasida (14 nokaut) zafar quchgan bo‘lsa, 2 mag‘lubiyat va 4 durang qayd etgan.

Ushbu xabardan qisman yoki to‘liq foydalanganda SPORTS.uz axborot portalining nomi aniq ko‘rsatilishi hamda havola (link) berilishi shart!
Fikrlar