
Iqboljon Xoldorov: Boks - mening taqdirim
Andijon boks maktabi an’analarini davom ettirayotgan yosh iqtidorli bokschi Iqboljon Xoldorov yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qaroriga ko‘ra “Mard o‘g‘lon” Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. SPORTS.uz muhbiri esa ushbu yuksak nomga sazovor bo‘lgan kelajagi porloq bokschi bilan suhbatlashdi.
– Iqboljon, mukofotlar muborak! Ushbu navbatdagi mukofotni qanday qabul qildingiz?
– Men bu mukofotni “nav- batdagi” demagan bo‘lar edim. Negaki “Mard o‘g‘lon” – bu Davlat mukofoti bo‘lib, prezidentimiz tashabbuslari bilan ta’sis etilgan mukofot sanaladi va ilk bor taqdim etildi. Ushbu mukofotning nufuzi va qamrovi ham yuqori bo‘lib, birinchi bo‘lib olganimdan mamnunman. Albatta, ushbu davlat mukofotiga meni tavsiya etganlarining boisi – sportdagi yutuqlarim, O‘zbekiston bayrog‘ini dunyo miqyosidagi musobaqalarda yuqoriga ko‘tarishim, mamlakatimizning boks bo‘yicha obro‘sini yanada yuksaltirishga hissamni qo‘shayotganim deb o‘ylayman.
– Iqboljon, darhaqiqat, Sizning bugungi mavqega erishishingizda boks sport turi bilan shug‘ullanganingiz omil bo‘lgan. Siz qanday niyatda boks olamiga kirib kelgansiz?
– Bilasizmi, men ilk bor 11 yoshimda dadam bilan Qo‘rg‘ontepadagi Bolalar va o‘smirlar sport maktabiga boks to‘garagiga borganimdayoq o‘z oldimga jahon chempioni bo‘lishni maqsad qilganman. Axir har qanday askar ham general bo‘lishni orzulaydi deyishadi-ku. Shu bilan boks mening taqdirim, kelajagimga aylanib qolgan. Kelajagimni o‘zim yaratishim kerakligi uchun tinimsiz shug‘ullanishim, o‘z ustimda ishlashim, ustozlar sabog‘ini amalda qo‘llashim kerak bo‘lgan. Birinchi ustozim Shermurod Yusupov ham, Olimpiya zaxiralari sport kollejidagi murabbiyim Abduvohid Jalolov ham va boshqa ustozlarim ham meni faqat g‘alabaga ruhlantirishgan. Shu nuqtai nazardan, ayrim bokschilarning alohida psixologlarni jalb qilishini, ruhiy saboqlar olib borishlarini yoqlamayman. Men bilan ishlagan barcha ustoz-murabbiylarim meni eng avvalo ruhiy jihatdan tayyorlashadi, ringga chiqayotganimda, kubalikmi, amerikalikmi, qozog‘istonlikmi, “Sen uni yutasan, pachoq qilib tashlaysan, sening zarbalaring oldida u hech narsa qilolmay qoladi” qabilida fikr aytishadi. Bu esa menga dalda bo‘ladi.
– Unday bo‘lsa, ayting- chi, boks ruhiyat jangimi yoki mushtlashuvmi?
– Men boksni ruhiyatga qurilgan, aql bilan jilovlanadigan qo‘lqoplar jangi degim keladi. Eng avvalo, bokschi jangga ruhiy tayyor bo‘lishi kerak. So‘ng taktika tanlashi lozim. Bu aql bilan jang qilish degani. Kuching ko‘p bo‘lsayu mushting kuchli bo‘lsa-da, uni palapartish harakatlantirsang, manzilga etib bormasa, ikki barobar kuch sarflanadi va bu bokschini tez charchatadi va, shuningdek, uni ruhan toliqtiradi – bu esa mag‘lubiyatga yo‘l degani. Mening o‘yin uslubim: himoya– taktika–tezlik–hujum. Albatta, har bir bokschi bilan jangga chiqqanimda uning o‘yin uslubiga qarab taktikani belgilayman.
– Xo‘sh, Mard o‘g‘lo- nimizning bo‘sh vaqtlari qanday o‘tadi, u qanday taomlarni sevib iste’mol qiladi?
–Bo‘sh vaqtning samarali bo‘lishi asosiy ishning muvaffaqiyatli bo‘lishiga ta’sir qiladi. Men bo‘sh vaqtimda aqlni, ruhiyatni, jismimni dam oldirish maqsadida kompyuterda ishlayman, pleysteyshen o‘ynayman, badiiy kitoblar (ayniqsa, detektiv) o‘qiyman.
Bizning sport turimiz ovqatlanish borasida injiqroq. Kuchli ovqat eb quvvatni kuchaytiramiz desak, vazn ortib ketadi va o‘sha toifada ishtirok etolmaysan. Engil-elpi ovqatlanilsa, kuch bo‘lmaydi. Shuning uchun boks- chilar kaloriyali ovqatlarni eyishlari maqsadga muvofiq. Lekin uyda, do‘stu jo‘ralar bilan palov oshni yaxshi ko‘raman.
– Iqboljon, yana boks mavzusiga qaytsak. Kelajakdagi rejalaringiz qanday?
– Hozir Indoneziyada bo‘ladigan qit’a olimpiadasiga qattiq tayyorgarlik ko‘ryapmiz. So‘ng jahon birinchiligi musobaqasida ishtirok etamiz. Undan keyin yana musobaqalar, birinchiliklar, turnirlar... Boks hayotimiz davom etaveradi.
– Suhbat uchun katta rahmat. Navbatdagi bahslarda Sizga omad yor bo‘lsin!
Baxtiyor TOShTEMIROV suhbatlashdi.
Fikrlar