Meyvezer ko‘tarayotgan chempionlar yoxud Floyd o‘zbek yigitiga ishonmoqda
Engilmas jahon chempioni Floyd Meyvezerning "Mayweather Promotions" promouterlik kompaniyasining rasmiy saytida boks olamining mashhur yulduzi birga ishlayotgan va kelajakda ularning ulkan yutuqlarga erishishiga ishonayotgan 26 nafar charm qo‘lqop ustasining nomi e’lon qilindi.
Floyd Meyvezer ko‘pchilik mutaxassislardan farqli o‘laroq, professional boksda katta yutuqlarga erishmagan, iste’dodli lekin oddiy bokschilar bilan ishlashni ma’qul ko‘radi. Havaskorlar boksida jahon chempioni va Olimpiya o‘yinlari g‘olibi bo‘lgan yulduz bokschilarga e’tibor qaratmaydi.
Biz uchun ahamiyatlisi shundaki, Floyd Meyvezerning nazari tushgan bokschilar orasida o‘zbek yigiti - Sanjarbek Rahmonov ham bor.
Biz sizlarni Meyvezer bilan ishlayotgan bokschilar orasida eng kuchli va o‘ziga xos uslubga ega bo‘lgan charm qo‘lqop ustalari bilan tanishtiramiz.
1. Jervonta Devis. 22 yosh. Rekord: 17-0 (16 KO)
Ko‘chada mushtlashganidan keyin boks zaliga olib ketilgan bu bokschi havaskorlar o‘rtasida katta tajriba to‘pladi. Yosh bo‘lishiga qaramay, havaskorlar o‘rtasida 206 ta g‘alabaga (15 ta mag‘lubiyat) erishgan. Professional boksga o‘tgach, Meyvezerning jamoasidagilar orasida birinchi bo‘lib jahon chempionligini qo‘lga kiritdi. U bir necha kun oldin IBF yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempioni - puerto-rikolik Xose Pedrasaga qarshi ringga chiqdi va raqibini nokaut qildi.

2. Sanjarbek Rahmonov. 27 yosh. Rekord: 6-0-1 (3 KO)
Sanjarbek Rahmonov Floyd Meyvezer ishonch bildirgan MDH davlatlarining yagona vakili. O‘zbekistonlik bokschi havaskorlar o‘rtasida boy tajriba to‘plagan. Osiyo chempioni va Osiyo o‘yinlari sovrindori. 2015 yili Floyd Meyvezer kompaniyasi bilan shartnoma tuzgan. Sanjarbek ilk jangini mashhur bokschilar Edrien Broner va Shon Porter bahsi oldidan o‘tkazgan. Keyingi bellashuvi Floyd Meyvezerning so‘nggi jangi oldidan bo‘lgan.
Sanjarbek uchun professional boksdagi dastlabki qadamlari og‘ir kelgan, hamyurtimiz professional boksdagi birinchi sparring jangidan so‘ng faoliyatini tugatishni o‘ylab qolgandi. Lekin mana hammasi ortda qoldi va u mag‘lubiyatsiz odimlarini davom ettirmoqda. Sanjarbek Rahmonov professional boksdagi sakkizinchi jangini 24 fevral kuni o‘tkazadi.

3. Sharif Bogere. 28 yosh. Rekord: 29-1 (20 KO)
Sharif boksga o‘z do‘stini kuzatgani kelib, zalda qolib ketdi. U ko‘chada qurollangan jinoyatchilar bilan ham mushtlashdi, mashg‘ulotlardan keyin ichish uchun suv qidirishiga to‘g‘ri keldi. Hamma qiyinchiliklarni enggan Sharif havaskorlar o‘rtasida 68 ta jangda g‘alaba qozonib, (4 mag‘lubiyat) besh karra Afrika chempioni bo‘ldi. Keyin esa professional boksga qadam qo‘ydi. 2013 yili bu bokschi WBA yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempionligi uchun jangda alamli mag‘lubiyatga uchradi.

4.Endryu Tabiti. 27 yosh. Rekord: 13-0 (11 KO)
Meyvezer kompaniyasidagi yagona og‘ir vaznli bokschi. Amerikalik bu yigit bokschilar o‘rtasida odobi bilan mashhur. Endryu nafaqat ringda, balki ko‘chada ham umuman so‘kinmaydi. Biroq ringdagi vajohati tufayli "Hayvon" degan laqabni orttirib olgan.

5. Latondriya Jons. 30 yosh. Rekord: 5-0 (2 KO)
Meyvezer bilan ishlayotgan yagona ayol bokschi. O‘ta kuchli zarba sohibasi. Amerika qonunchiligi bu qizni 24 yilga qamoqqa hukm qilmoqchi bo‘lgan. Lekin Latondriya bu jazodan qanday qutilib qolganini hech kimga aytmaydi.

6. Xose Vargas. 18 yosh. Rekord: 6-1 (4 KO)
Bu yigitcha professional bokschi bo‘lish uchun maktabdagi o‘qishini tashlab ketgan. Havaskorlar boksida o‘smirlar Olimpiadasi g‘olibi bo‘lgan. Professional bokschi maqomini olgunga qadar 72 ta jangda g‘alaba qozongan. Maqtanchoq bokschi maktabdan ko‘ra ringda imkoniyati ko‘pligini ta’kidlab keladi.


Fikrlar