
Osiyo kubogining ochilish o‘yinlari qanday o‘tgan? (Shahzod Xolboev blogi)
Musobaqaning ochilish o‘yini mezbonlar va Bahrayn terma jamoalari o‘rtasida kechadi. Shu munosabati bilan so‘nggi 5 ta qit’a birinchligining ochilish uchrashuvi qay tarzda o‘tganini yodga olamiz.
1996: BAA – Janubiy Koreya
BAA ilk marta 1996 yilda Osiyo kubogiga mezbonlik qilgan va ochilish bahsida musobaqaning ikki karra g‘olibi Janubiy Koreyaga qarshi bahs olib borgan.
Abu-Dabidagi “Zaed Sports Siti” stadionida kechgan uchrashuvning 9-daqiqasida Xvang Sun Xon hisobni ochadi, biroq tanaffusga oz fursat qolganida Xamis Saad muvozanatni tiklagan va ushbu hisob uchrashuvga so‘nggiga qadar o‘zgarishsiz qolgan edi.
2000: Livan – Eron
Yangi asr avvalidagi qit’a birinchligiga Livan mezbonlik qilgan. Ochilish o‘yinida mezbonlarga Eron termasi raqiblik qiladi. 52 mingdan ziyod muxlis ko‘z o‘ngida esa forslar raqiblar darvozasiga javobsiz 4 ta to‘p kiritishadi va yirik hisobda g‘alaba qozonishadi.
2004: Xitoy – Bahrayn
Pekindagi “Ishchilar” stadionida kechgan uchrashuvda 2:2 hisobida kuchlar teng kelgan. 41-daqiqada Xubayl hisobni ochgan bo‘lsa, 56-daqiqada Jeng Ji muvozanatni tiklagan. 66-daqiqada esa Li Jinyu mezbonlarni hisobda oldinga olib chiqadi. Biroq shu kuni mezbonlar g‘alabani ushlab qola bilishmagan va 89-daqiqada Husayn Ali muvozanatni tiklagan.
Bu o‘yin Bahrayn tarixidagi eng omadli qit’a birinchligining debochasi edi. O‘shanda Srechko Yurichich shogirdlari 4-o‘rinni qo‘lga kiritishgan. Mezbonlar esa finalda Yaponiyaga 1:3 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘yishgan.
2011: Qatar – O‘zbekiston
Ochilish o‘yinida g‘alaba qozongan so‘nggi mezbon jamoa Tsingapur bo‘lgan edi va 1984 yildan buyon ushbu an’ana o‘zgarishsiz qolayotgan edi. 2011 yilda esa Vadim Abramov boshqaruvidagi O‘zbekiston terma jamoasi ushbu an’anani davom etishini ta’minlashgani yodingizda bo‘lsa kerak.
“Halifa”da kechgan uchrashuvning birinchi bo‘limida hisob ochilmaydi. 59-daqiqada esa Odil Ahmedov 40 yard masodadan Qosim Burxon darvozasiga to‘pni joylab qo‘yadi. 77-daqiqada esa himoyachilarning bir-birini tushunmasligi natijasida yuzaga kelgan qulay imkoniyatni Server Jeparov gol bilan yakunlagan edi.
O‘shanda termamiz yarim finalga qadar etib borib, yakunda 4-o‘rinni olgan bo‘lsa, Qatar chorak finalda Yaponiyaga imkoniyatni boy bergan edi.
2015: Avstraliya – Quvayt
“Yashil qit’a”da o‘tgan Osio kubogining ochilish o‘yinida Avstraliyaga Quvayt termasi raqiblik qiladi. Melburn shahrida kechgan qarama-qarshilikda mezbonlar 4:1 hisobidagi yirik g‘alabani qo‘lga kiritadi va 31 yil davom etgan mezbonlarning ochilish uchrashuvidagi g‘alabasiz seriyasiga barham beradi.
Angelos Postekoglu shogirdlari musobaqa yakunida bosh sovringa ega chiqqani hali ko‘pchilikning yodidan ko‘tarilmagan bo‘lsa kerak.
Osiyo kubogiga oid eng so‘nggi ma’lumotlarni ushbu sahifa orqali kuzatib borishingiz mumkin.
Izoh: 2007 yilgi Osiyo kubogi 4 mamlakatda bo‘lib o‘tgan uchun mazkur blogga kiritilmagan.
Fikrlar