O‘zbekiston termasi o‘smirlar Olimpiya o‘yinlari uchun 30-litsenziyani ham naqd qildi
Shu yilning 6-18 oktyabr kunlari Argentinaning Buenos-Ayres shahrida III yozgi o‘smirlar Olimpiya o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Ushbu nufuzli musobaqada ishtirok etadigan o‘zbekistonlik sportchilar soni yana bittaga ko‘paydi.
Aniqrog‘i, kuni kecha Milliy olimpiya qo‘mitasiga Xalqaro o‘q otish federatsiyasidan xat keldi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi uchun Olimpiya o‘yinlariga sportning ushbu turi bo‘yicha imtiyozli yo‘llanma taqdim etilgani ma’lum qilingandi, deya xabar bermoqda MOQ matbuot xizmati. Unga ko‘ra, xalqaro o‘q otish federatsiyasi O‘zbekiston terma jamoasi uchun qizlar o‘rtasida 10 metrga pnevmatik miltiqdan o‘q otish bo‘yicha litsenziya taqdim etdi.
O‘zbekiston o‘q otish federatsiyasi esa Argentinadagi nufuzli musobaqada ishtirok etishga iqtidorli sportchi Zaynab Pardabaevani loyiq ko‘rdi va Buenos-Ayresdagi III o‘smirlar Olimpiya o‘yinlarida Zaynab O‘zbekiston sharafini himoya qiladigan bo‘ldi.
Ushbu yo‘llanma orqali O‘zbekiston sport delegatsiyasining Buenos-Ayres Olimpiadasi uchun litsenziyalari soni 30 taga etdi.

Fikrlar