
RPL. Denisov jamoasi Shomurodov o‘ynaydigan klubdan ustun keldi
Samarada kechgan bellashuvda mezbonlar minimal hisobda raqibdan ustun kelishdi. Mezbonlar safida hamyurtimiz Vitaliya Denisov uchrashuvni asosiy tarkibda boshladi va 68-daqiqada zaxiraga olindi. Eldor Shomurodov esa maydonda to‘liq 90 daqiqa harakatlandi.
Uchrashuv qo‘polliklarga boy tarzda o‘tgan bilan ham yodda qoldi. Har ikkala jamoa safida jami 3 futbolchi maydondan chetlatildi. Boz ustiga rostovliklar ustozi Valeriy Karpin ham hakamga e’tiroz bildirgani uchun maydon chetidan badarg‘a qilindi.
Shu tariqa, Premer-ligada 5 uchrashuvdan buyon g‘alaba qozona olmayotgan "Rostov" hisobidagi ochkolar soni 24 taligicha qoldi va jamoa turnir jadvalida 6-o‘rinda bormoqda. Samaraliklar esa bugungi muvaffaqiyat evaziga o‘z ochkolar sonini 17 taga etkazib olgan holda jadvalda ham 12-o‘ringa ko‘tarilib oldi.
Eslatib o‘tamiz, Eldor Shomurodov Ektor Kuper tomonidan Turkiyada o‘tadigan yig‘in uchun milliy terma jamoaga jalb etilgan edi.
Fikrlar