Shaxmatchilarimiz Osiyo chempionatidan qaytishdi (foto)

Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

  Kecha Islom Karimov nomidagi "Toshkent Xalqaro aeroporti"da shaxmat bo‘yicha Tailandda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etgan shaxmatchilarni kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Sportchilarni kutib olish marosimida ota-onalar, shaxmat ixlosmandlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari hozir bo‘ldilar. 

       Joriy yilning 1-9 aprel kunlari  Tailandning Chaingmay shahrida shaxmat bo‘yicha 8,10,12,14,16 va 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasida Osiyo chempionati bo‘lib o‘tdi. Musobaqada Osiyoning 26 davlatidan 571 nafar sportchi ishtirok etdi.

       Musobaqalar standart, rapid, blits yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazildi. Musobaqa natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston shaxmatchilari umumjamoa hisobida 4-o‘rinni egalladi. 

  Abdumalik Abdusalimov 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida rapid yo‘nalishida 1-o‘rinni egalladi. Blitsda 2-o‘rin, standartda esa 3-o‘ringa munosib topildi. 12 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasidagi musobaqalarda Umida Omonova blitsda barcha tengdoshlaridan ustun ekanligini namoyish etib, g‘oliblik shohsupasining eng yuqori pog‘onasidan joy oldi. Yana bir shaxmatchimiz Odina Olimova esa 10 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasida 2-o‘rin (rapid) ni egalladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!