Taqdir hazili yoxud Denis Istomin tarixni orqaga qaytardi

Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

O‘zbekistonning birinchi raqamli raketka ustasi Denis Istominning faoliyati bu yil ajoyib va g‘aroyib voqealarga boy bo‘lmoqda.

 

Hamyurtimiz Niderlandiyada tashkil etilgan "ABN AMRO World Tennis Tournament - 2017" xalqaro turnirining saralash musobaqasida britaniyalik Alyaz Bedenega 6:7, 3:6 hisobida yutqazib, asosiy to‘rga chiqa olmagan edi.

Biroq, asosiy to‘rda bitta bo‘sh o‘rin qolgani uchun saralashda yutqazgan tennischilar o‘rtasida qur’a tashlandi. Lucky Loser - omadli mag‘lub, deb ataluvchi bu qur’a aynan Denis Istominga chiqdi va hamyurtimiz asosiy to‘r jadvalidagi bo‘sh joyni to‘ldirdi.

Buni qarangki, Denis Istomin asosiy to‘rdagi birinchi uchrashuvini aynan saralashda o‘zi yutqazgan Alyaz Bedenega qarshi o‘tkazadigan bo‘ldi. Ana omad, ana kutilmagan sovg‘a.

Eng hayratlanarlisi, bu ikki tennischi o‘rtasidagi ikkinchi bahsda ham huddi saralash bosqichidagi natija qayd etildi. Bu gal faqat 6:3, 7:6 hisobidagi g‘alaba o‘zbekistonlik raketka ustasi tomonida bo‘ldi.

Bundan tashqari, Denis Istomin Avstraliya ochiq chempionatida Ivan Dodig, Novak Jokovich, Pablo Karreno-Busta kabi mashhur tennischilarni mag‘lub etib, to‘rtinchi davrada Grigor Dimitrov bilan kuch sinashgan edi. Ushbu bahsda ham g‘alabaga yaqin bo‘lgan hamyurtimiz kutilmagan jarohat tufayli o‘yinni boy bergandi.

Endi Denis Istomin Amsterdamdagi turnirning ikkinchi davrasida aynan Grigor Dimitrovga qarshi kortga chiqishi mumkin.

Buning uchun bolgariyalik raketka ustasi dastlabki raundda germaniyalik Misha Zverevni mag‘lub etishi lozim.

SPORTS.uz

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!