
Yosh shaxmatchilarimiz jahon chempionatida sakkiz medal jamg‘ardi
O‘zbekistonning yosh shaxmatchilari Rossiyaning Sochi shahrida o‘tkazilgan maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi jahon chempionatida 3 oltin, 2 kumush va 3 bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Bugun o‘zbek shaxmatchilari barcha nufuzli musobaqalar – qit’a va jahon chempionatlari, jahon shaxmat olimpiadasi, Osiyo o‘yinlarida muntazam yuqori o‘rinlarni egallab, mamlakatimizda voyaga etayotgan avlod dunyoda hech kimdan kam emasligi va kam bo‘lmasligini amalda isbotlab kelmoqda.
Jahon chempionati doirasida tashkil etilgan blits – tezkor shaxmat musobaqasida iqtidorli shaxmatchilarimiz – FIDE ustasi Nodirbek Abdusattorov oltin va Nodirbek Yoqubboev bronza medalni qo‘lga kiritgani haqida avval xabar bergan edik.
Ular chempionatning standart shaxmat bo‘yicha bahslarida ham sovrindorlar qatoridan joy oldi.
Jumladan, Nodirbek Abdusattorov o‘n uch yoshgacha o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi bahslarda rossiyalik Nikita Styajkin, Ruslan Murtazin, turkiyalik Jan Xaktan Unat, jamoadoshi Suhrobjon Avalboev, qozog‘istonlik Kazibek Nogerbek, ruminiyalik Bogdan-Emanuel David va hindistonlik Rishab Shohni engib, Shri-Lanka shaxmatchilari – Ranindu Dilshan Liyanaje va Tilakartne bilan durang o‘ynadi. To‘qqiz partiyaning birontasida mag‘lubiyatga uchramagan shaxmatchimiz sakkiz ochko bilan shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
Nodirbek Yoqubboev esa o‘n besh yoshgacha o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi bahslarda to‘qqiz imkoniyatdan etti ochko jamg‘arib, uchinchi o‘rinni egalladi.
Etti yoshgacha qizlar o‘rtasidagi bahslarda Afro‘za Hamdamova 7,5 ochko bilan oltin, Odina Olimova 6,5 ochko bilan kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Shu yoshdagi o‘g‘il bolalar o‘rtasida Humoyun Begmurodov to‘qqiz partiyaning ettitasida g‘alaba qozonib, uchinchi o‘rinni egalladi.
O‘n bir yoshgacha o‘g‘il bolalar o‘rtasida Javohir Sindorov to‘qqiz imkoniyatdan etti ochko jamg‘arib, kumush medal bilan taqdirlandi.
Fikrlar