
AGMK futbolchilari bugun koronavirusga test topshiradi
Coca Cola Superliganing bir qator klublarida koronavirus aniqlanayotgani sababli AGMK klubi ham bugun tibbiy tekshiruvdan o‘tadi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar tarqatmoqda.
"Superliga jamoalarida koronavirus aniqlanayotgani, xususan o‘tgan turdagi raqibimiz "Paxtakor" klubining 5 nafar futbolchisida koronavirus tasdiqlanishi bilanoq, AGMK jamoasi tezkorlik bilan jamoa futbolchilari va barcha personalni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish tadbirini tashkillashtirdi.
Bugun ertalab jamoamizning barcha a’zolari dastlabki tibbiy nazorat, MRT (magnit rezonans tomografiya) tekshiruvidan o‘tkazildi. Tekshiruv natijalari ertaga ma’lum bo‘ladi.
Shuningdek, AGMK jamoasi yangi hafta, ya’ni seshanba kuni koronavirusga test topshiradi. Bunga qadar ham jamoamiz karantindan keyin yig‘ilgach, mavsum restartidan oldin koronavirus testini topshirgan va karantin qoidalari hamda gigienik talabalarni muntazam bajarib kelmoqda.
Hozirda jamoa karantin qoidalariga muvofiq, belgilangan tartibda izolyatsiya qilingan. Futbolchilarning umumiy holati barqaror va klubimiz shifokorlari tomonidan doimiy tibbiy nazoratda bo‘lib turibdi.
AGMK futbol klubi mazkur holatga to‘liq mas’uliyat bilan qaraydi va barcha karantin tadbirlari hamda qoidalariga rioya qiladi.
Shuningdek, AGMK klubi Superliga jamoalari futbolchilari orasida hamda yurtimizdagi koronavirusga chalingan barcha bemorlarga tezroq sog‘ayib, shifo topishlarini tilaydi!", - deb yoziladi klub bayonotida.
Fikrlar