AGMKning xaloskoriga aylangan sobiq "Nasaf"chi!

  • 03.10.2019 20:46
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Superliganing 21-tur doirasida AGMK o‘z maydonida «Nasaf» klubini qabul qilib 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. O‘yin esa kutilganidek, hujumkor va qiziqarli tarzda kechdi. Aslida bu o‘yin durang bilan tugashi yoki «Nasaf» jamoasi ham yutib ketishi mumkin edi.

Birinchi bo‘limda ikkala jamoa bittadan gol urdi. Ikkinchi bo‘limda ham jamoalarda vaziyatlar bo‘ldi. Lekin hisob o‘zgarmayotgandi va katta ehtimol bilan ko‘pchilik 1:1 natijasi saqlanib qolishini kutayotgandi. Uchrashuvning eng qaynoq voqeasi uchrashuv oxirlarida kuzatildi.

Hakam to‘xtalishlar uchun uchrashuvga besh daqiqa vaqt qo‘shib berdi. Mezbonlar esa o‘sha qo‘shimcha vaqtda gol urishdi-yu, biroq qanot hakam ofsayd holatini ko‘rsatdi. Natijada birdaniga qarshiliklar hujumga o‘tishdi. Agar Bobur Abduholiqov faolroq harakat qilganida yoki to‘pni o‘zidan qulay turgan jamoadoshiga uzatganida hisob o‘zgarishi mumkin edi, ammo mehmonlar imkoniyatni qo‘ldan chiqarishgach, endi mezbonlar qarshi hujumga o‘tib ketishdi. Bu vaqtga kelib uchrashuv deyarli tugab bo‘lgandi. Ammo «Nasaf»ning sobiq futbolchisi Erkin Boydullaev qarshi hujumda jamoasining hujumini chiroyli gol bilan yakunlab, mezbonlarga qimmatli uch ochkoni taqdim etdi. O‘yin qahramoniga aylangan Boydullaev esa taassurotlarini quyidagicha izohladi:

- Ikkala jamoa ham g‘alaba uchun bor kuchini berib o‘ynadi. Ammo aytishim mumkinki, omad biz tarafda bo‘ldi. Yaqindagina biz O‘zbekiston Kubogi yarim finalida «Bunyodkor»ga qarshi og‘ir o‘yinni o‘tkazgandik va mehnatimiz evaziga finalga chiqishni uddalagandik. «Nasaf» bilan uchrashuvga ham yigitlar yaxshi tayyorlanishgandi va g‘alaba uchun butun e’tiborimizni jamlagandik. Biz barcha o‘yinlarga jiddiy ahamiyat qaratamiz. Shu bois Kubok finaliga ham astoydil tayyorgarlik ko‘ramiz.

Shundan so‘ng Erkindan o‘yinning oxirgi soniyalarida gol urishiga va jamoasining g‘alabasiga qanchalik ishongani haqida so‘raganimizda bahs qahrmoni shunday dedi:

- Doim uchrashuvni hakamning oxirgi xushtagi chalingunicha o‘ynash kerak. Biz juda tez qarshi hujumga o‘tib ketdik. Darvozabonimiz darhol hujumni boshlab berdi va ikkinchi pasdan keyinoq biz gol urishga erishdik.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!