Aleksandr Xomyakov: "Jamoamiz muxlislarini alohida tabriklayman"

  • 04.04.2024 23:28
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol

“Lokomotiv” – “Andijon” (1:2) o‘yinidan keyin tashkil qilingan matbuot anjumanining dastlabki qismida mehmonlar ustozi Aleksandr Xomyakov ishtirok etdi.

- G‘alabadan xursandman. Jamoamiz muxlislarini alohida tabriklayman. Ular uzoq yo‘l bosib kelishdi va bizni tinimsiz qo‘llab turishdi. Buning uchun ulardan minnatdormiz. Qiyin uchrashuv bo‘lishini bilgandik va biz kutgan o‘yin bo‘ldi. Xudoga shukurki, hujumlarda samarali harakat qildik va ijobiy natijaga erishdik. Afsuski, keyin o‘yinni biroz “tashlab” yubordik va darvozamizdan bitta to‘p olib chiqdik. Natijani ushlab qolish uchun jiddiy kurashdik. Bir qancha vaziyatlarda darvozabonimiz bizni gollardan saqlab qoldi. Raqib ham yaxshi o‘yin ko‘rsatdi, xavfli hujumlar uyushtirdi. Zaxiradan bir qator o‘yinchi almashtirishlarni qildik. O‘yinni yaxshi tomonga o‘zgartira oldik. Ba’zi vaziyatlarda to‘pni o‘z nazoratimizga olishni yigitlarga uqtirgandik. Ammo raqib bunga yo‘l qo‘ymadi. Ular oxirigacha harakat qilishdi. “Lokomotiv” hurmatga loyiq jamoa. O‘z yigitlarimga minnatdorchilik bildiraman. Ular ko‘rsatmalarimni vaqtida va to‘liq bajarishdi. Jamoamni g‘alaba bilan tabriklayman.

- Zaxiradan maydonga tushganlar jamoa o‘yinini unchalik kuchaytira olmayaptilar. “Surxon” bilan uchrashuvda ham shu kabi holat ko‘zga tashlangandi...

- To‘g‘ri aytdingiz, ba’zi holatlarda shunday bo‘ldi. Bu mentalitet bilan bog‘liq, deb o‘ylayman. “Surxon” bilan o‘yinni esga oldingiz. O‘yin asabiy yakunlangandi. Chunki 3 ta farqi bilan oldinda edik, keyin ikkita to‘p o‘tkazib yuborgandik. Maydonga futbolchi tushirilayotganida nimanidir rejalashtiramiz. Lekin har doim ham bu yaxshi natija keltirmasligi mumkin. Har qanday holatda ham o‘yinni “tashlab” yubormaslik kerak. Bizga ba’zi vaziyatlarda tajriba etishmayapti. Albatta, bularni o‘zgartirishga harakat qilamiz.

- “Andijon” 1-o‘ringa ko‘tarildi. Jamoa shu barqarorligini qancha vaqt ushlab qola oladi?

- Albatta, dastlabki turlardagi yirik hisobni men ham kutmagandim. Ba’zida omad bizga kulib boqdi. Yana ba’zida raqib himoyachilari xatoga yo‘l qo‘ydi. Turdan-turga jamoa o‘yini yanada shakllanib yaxshi ko‘rinish olmoqda. Keyingi uchrashuvlarda jamoamiz o‘yin sifatini yanada oshirish uchun bizda imkoniyat bo‘ladi.

- “Andijon”ni mana shunday doimiy g‘alaba qozonadigan va ochko oladigan jamoa sifatida ko‘rsak bo‘ladimi?

- 5 ta turdan keyin biror-bir fikr bildirish qiyin. Kuz fasliga juda ko‘p narsa bog‘liq. Albatta, chempionatning turnir jadvalida doimiy ravishda yuqori o‘rinda tursak bundan juda xursand bo‘laman. Har bir uchrashuvda faol harakat qilib, maksimal darajada to‘p sursak ijobiy natijalarni qo‘lga kiritish mumkin.

“Andijon” matbuot xizmati.  

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Имомали олимов
05/04/2024 08:37
Омад. Андижане
&
Bek 56
05/04/2024 04:25
Яшанг жаноб Хомяков барчага галаба муборак