
Aleksandr Xomyakovga musht tushirgan "Metallurg" rasmiysiga chora ko‘rildi
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Tartib-intizom qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator futbolchi hamda rasmiylarga nisbatan tartib-intizom choralari belgilandi.
Jumladan, Coca-Cola Superliga 16-turi doirasidagi “Paxtakor” – AGMK uchrashuvida AGMK futbolchisi Abbosjon Otaxonov bahsning 82-daqiqasida to‘p uchun kurash bo‘lmagan vaziyatda tirsagi bilan raqib o‘yinchisining yuziga zarba berib, o‘yin qoidasini qo‘pol ravishda buzgani uchun 3 ta o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi va unga nisbatan jarima intizom chorasi qo‘llanildi.
Coca-Cola Superliga 16-turi doirasidagi “Metallurg” – “Mash’al” uchrashuvi yakunidan so‘ng “Metallurg” jamoasi rasmiy vakili Shavkat Saidov o‘zini noprofessional tutgan holda, agressivlik bilan “Mash’al” bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakovning ko‘krak qismiga musht bilan zarba berdi. Mazkur xunuk holat keng jamoatchilikning jiddiy e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Ushbu xatti-harakati uchun Shavkat Saidovga 1 (bir) yil muddatga har qanday futbol faoliyati bilan shug‘ullanishdan chetlashtirish intizom chorasi qo‘llanildi. Shuningdek, klubdan ushbu rasmiy shaxsga 2021 yilgi mavsum uchun O‘zPFL tomonidan taqdim qilingan litsenziyani 3 kun muddat ichida topshirish talab etiladi.
Mazkur qaror e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Shuningdek, Coca-Cola Superliga 16-turi doirasidagi “Metallurg” – “Mash’al” uchrashuvi yakunidan so‘ng “Metallurg” futbol klubi a’zolari stadionda ommaviy tartibsizliklar keltirib chiqarib, hakamlar sha’niga haqoratli so‘zlar ishlatishdi. “Metallurg” futbol klubi uchrashuvda tartib-intizomni ta’minlamagani, maydon va uning atrofida vujudga kelgan tartibsizliklarning oldi olinmagani uchun jazolanadi va klubga nisbatan jarima intizom chorasi qo‘llaniladi.
U-18 chempionati 13-turi doirasidagi “Aral Samali U-18” – “Navbahor U-18” uchrashuvi 45+2-daqiqasida “Aral Samali U-18” jamoasi futbolchisi Baxit Perdebaev va “Navbahor U-18” jamoasi o‘yinchisi Sarvar Bahodirov nojo‘ya so‘zlar ishlatish orqali bir-birini haqorat qildi va keyinroq tajovuzkor xatti-harakatlar amalga oshirildi. Shu sababli Sarvar Bahodirov hamda Baxit Perdebaevga nisbatan 2 ta o‘yinga chetlashtirish intizom chorasi qo‘llanildi.
Shuningdek, “Aral Samali U-18” – “Navbahor U-18” uchrashuvining 71-daqiqasida “Aral Samali U-18” futbolchisi Zulpuxar Quvanshibaev raqib o‘yinchisiga qasddan jaroxat etkazish maqsadida raqib oyog‘iga zarba bergani uchun 3 ta o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi.
Manba: O‘FA
Fikrlar