Ana xolos: Husanov yana diskvalifikatsiya qilindi

  • 4 yanvar, 18:30
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Frantsiya chempionati ham qisqa tanaffusdan keyin yana boshlandi.  Evrokuboklarga yo‘llanma beradigan yuqori o‘rinlar uchun kurashayotgan “Lans” navbatdagi bahsini 5 yanvar kuni o‘z maydonida “Tuluza”ga qarshi o‘tkazadi.

24 ochko bilan ettinchi pog‘onada borayotgan lansliklar bo‘lajak raqibdan uch ochko oldinda bormoqda xolos. Shu bois, bo‘lajak o‘yin har ikki jamoa uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Frantsiya futbolini yoritib kelayotgan lensois.com  sayti “Tuluza”ga qarshi bahs oldidan “Lans” tarkibda yo‘qotishlarga duch kelganini yozdi.  Ular orasida eng katta yo‘qotish – markaziy himoyachi Abduqodir Husanovning bellashuvda ishtirok eta olmasligidir.

Esingizda bo‘lsa, o‘tgan yilning 2 noyabr kuni Abduqodir Husanov PSJga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvda qizil kartochka olib maydonni tark etgan edi. Frantsiya futbol federatsiya Tartib-intizom qo‘mitasi o‘ta qo‘pol o‘ynagan legionerimizni ikki uchrashuvga diskvalifikatsiya qilgan va ma’lum muddat raqibga nisbatan qo‘pol o‘ynashdan o‘zini tiyish shartini ham qo‘ygandi.

Husanov bu gal 22 dekabrda  Frantsiya kubogi doirasida PSJga qarshi o‘tkazilgan bahsning eng zo‘r o‘yinchilaridan bo‘lish bilan birga 76-daqiqada yana qo‘pollik qildi va bosh hakam tomonidan sariq kartochka bilan jazolandi.  Bu ogohlantirish Husanovga nisbatan yangi sanktsiyalarni qo‘llanilishiga  asos bo‘ldi.

Tartib-intizom qo‘mitasi navbatdagi yig‘ilishida “Lans” futbolchisi Abduqodir Husanov “Tuluza”ga qarshi uchrashuvni o‘tkazib yuborishi haqida qaror chiqardi.

Manbaga ko‘ra, bo‘lajak bahsda “Lans”ning yana bir necha asosiy tarkib futbolchilari ishtirok etmaydi. Darvozabon Bris Samba qishki transferlar vaqtida klubni tark etish istagini bildirgan va hozir yangi jamoaga o‘tish jarayoni bilan band.

Remi Labo-Laskari va Martin Satriano jarohatini davolatish bilan ovora. Hujumchi Uesli Saidning jarohati qaytalandi va ham  muayyan muddat jamoaga yordam bera olmaydi. Shikastlangan o‘yinchilar qatoriga Nil El-Aynaui ham qo‘shildi.

“Lans” himoyasida Husanov bilan elkama-elka o‘ynab kelayotgan Fakundo Medina bayram munosabati bilan Argentinaga ketgan va oilaviy sabablarga ko‘ra, ortga qaytish uchun hali yo‘lga chiqqani yo‘q.

Xabaringiz bor, qishki transferlar vaqtida bir necha klub Abduqodir Husanovni o‘z safiga qo‘shib olishga harakat qilmoqda. Shu bois, bosh murabbiy Uill Still jamoani o‘zbek futbolchisiz o‘ynatishga tayyorgarlik ko‘rishi kerak. Transfer bo‘yicha ekspertlar “Lans” rahbariyati “Manchester Siti”, PSJ, “Atletiko Madrid”, “Tottenxem”, “Bayer”, “Leyptsig”, “Atalanta”, “Napoli”, “Nyukasl” kabi klublar nishoniga tushgan Abduqodir Husanovni jamoada saqlab qolish imkoniyati juda pastligini ta’kidlamoqda.

O‘z navbatida, sports.uz portali “Lans” muxlislarining Abduqodir Husanov haqidagi fikr-mulohazalari va munosabatlarini o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola qiladi.

Yoda62:

O‘zi Husanov hali ham jamoadamikin yoki uni olib ketishdimi?

Bonapart:

Menga qolsa, qishda Abduqodir Husanovni Angliyaning grand klublaridan biriga sotib yuborib, mavsum oxirigacha “Lans”da ijaraga olib qolish kerak.

Dael87:

Husanovni jamoa olib qolish kerak. Hech bo‘lmasa, shu mavsum tugagunicha. Agar qishki transferlar vaqtida Kevin Dansoni ham, Abduqodir Husanovni ham sotib yuborsak, jamoa barbod bo‘ladi.

GOLEADOR9:

Banopartning gaplariga qo‘shilaman. Husanovni grand klubga qo‘yib yuborib, mavsum oxirigacha ijaraga olib qolsak zo‘r bo‘lardi.

Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husanov joriy mavsumda barcha turnirlarda 16 ta uchrashuvda ishtirok etib, bitta assist qayd etgan, bitta qizil va ikkita sariq kartochka bilan jazolangan.

Fayzullaevni grand klub olib ketadi!

“Roma” Shomurodov qaysi jamoaga beradi?

Abduqodir Husanov muxlislariga xushxabar!
Chempion futbolchimizni Rossiya klubi olib ketmoqchi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!