Ayni damda o‘ziga klub izlab yurgan eng qimmat futbolchilar
SPORTS.uz klubsiz qolib ketgan taniqli futbolchilar bilan tanishtirib o‘tadi.
Kevin Styuart – 2,80 million evro
Tayanch yarim himoyachisi «Liverpul» jamoasidagi o‘yinlari bilan muxlislarga yaxshi tanish desak, adashmagan bo‘lamiz. Faoliyati davomida «Tottenxem», «Berton», «Suindon» singari klublarda to‘p surgan futbolchining so‘nggi klubi «Xall Siti» bo‘ldi. Afsuski, u asosiy tarkib uchun kurashda mag‘lub bo‘ldi va klub bilan o‘rtadagi shartnomasini bekor qildi. Hozirda, Kevin bilan bir nechta 3- va 4-divizion vakillari qiziqib qolgan.

Xese – 3 million evro
«Real» va PSJ jamoalaridagi o‘yinlari bilan muxlislarga yaxshi tanish bo‘lgan hujumchi ham o‘zi uchun klub izlash bilan ovora. Qahramonimiz Parij klubiga o‘tgach, oilaviy muammolarga o‘ralashib qoldi. Boz ustiga, uning o‘yinida ham pasayish kuzatildi. «Sporting»dagi ijara ham unga yordam bergani yo‘q. Oqibatda, 2021 yilning 1 yanvar sanasida PSJ u bilan o‘rtadagi shartnomani bekor qildi. Ayni damda, qahramonimiz Ispaniya klublari bilan muzokaralar olib bormoqda.

Maks Mayer – 3 million evro
Yarim himoyachi bundan 10 yil ilgari nemis futbolidagi eng iqtidorli futbolchilardan biri edi. Uning «Shalke 04» safidagi o‘yinlari ko‘plab mutaxassislarda iliq taassurot qoldirgan bo‘lib, Mayerni kelajakda O‘zil singari pleymeyker bo‘lishini taxmin qilingan edi. «Shalke» safida 8 yil to‘p surgach, qahramonimiz o‘z imkoniyatlarini APL jamoasida sinab ko‘rishga qaror qildi. Shu bois, 2018 yilda erkin agent maqomida «Kristal Pelas» bilan shartnoma imzoladi. Afsuski, bu kelishuv yakunda omadsizlikka uchradi. 15 yanvar sanasida ingliz klubi u bilan o‘rtadagi shartnomani bekor qildi. Hozirda, Maks ham ishsiz qolib ketganlar qatoridan o‘rin egallagan.

Uilfrid Boni – 3,2 million evro
Boni Evropa klublaridagi faoliyatini Chexiya birinchiligida boshladi. Keyin Gollandiya orqali Evropa g‘arbiga tashrif buyurdi. U erda avvaliga «Suonsi»da keyin «Manchester Siti»da to‘p surdi. Keyin esa, Angliyaning o‘rtamiyona jamoalarida o‘ynadi va yana «Suonsi»ga qaytdi. Shartnomasi yakunlangach, uni Saudiya Arabistonining «Al-Ittihod» jamoasi o‘z safiga qo‘shib oldi. 2020 yilning 1 oktabrida esa, tomonlar o‘zaro kelishgan xolda shartnomani bekor qilishdi.

Alesandro Pato – 3,5 million evro
«Milan» safidagi o‘yinlari bilan muxlislarning e’tiborini tortgan Pato deyarli bir yildan beri ishsiz. 2020 yilning 21 avgust sanasida boshlab klubsiz qolib ketgan futbolchi hozirda o‘zi uchun yangi agent yo‘lladi. U yana Evropaga qaytishni rejalashtirmoqda. Qahramonimizning so‘nggi klubi Braziliyaning «San Paulo» klubi bo‘lgan edi. Undan avval hujumchi Xitoyning «Tyanzin» jamoasi sharafini 2 yil davomida himoya qildi.

Ramires – 3,5 million evro
Londonning «Chelsi» klubi safida APL va EChLda g‘alaba qozongan Ramires ham hozir g‘irt bekochirlardan biri desak, adashmagan bo‘lamiz. Xitoyning «Tyansu Sunin» klubi uni 2019 yilning yozida «Pallmeyres»ga sotib yubordi. Oradan bir yil o‘tib, yarim himoyachi Braziliya klubi bilan o‘rtadagi shartnomani bekor qildi. Gap shundaki, pandemiya sababli, klub Remiresning maoshini bera olmay qoldi. Oqibatda, tayanch yarim himoyachisi klub bazasini tark etdi.

Sokratis – 4 million evro
Londonning «Arsenal»jamoasi sharafini himoya qilgan Sokratisni muxlislar yaxshi taniydi. Markaziy himoyachi kuni kecha «kononirlar» bilan o‘rtadagi shartnomasini bekor qildi. Ayni damda, u bilan «Shalke» va «Bayer» klublaridan qiziqish bor. Shuningdek, «Napoli» ham gretsiyalik futbolchini o‘z tarkibida ko‘rish ishtiyoqida «yonmoqda».

Deniel Starridj – 4 million evro
2020 yilning mart oyidan beri futbolsiz qolib ketgan Deniel hozir ancha og‘ir ruhiy ahvolda qolgan. «Trabzonspor» safida ancha ishonchli mavsum o‘tkazgach, Starridj negadir turk klubi bilan shartnomani uzaytirgani yo‘q. Bundan bir yil ilgari transfer summasi hatto 18 million evroga qadar ko‘tarilgan bo‘lsa-da, hozir ingliz futbolchisi hech kimga kerak emas.

Ahmad Musa – 6 million evro
«Lester»dagi omadsiz mavsumlardan so‘ng, Musa bir muddat Saudiya Arabistonining «Al-Nasr» klubida to‘p surdi. Hujumchi Osiyo qit’asida kutilganidek o‘yin namoyish eta olmadi. Unga motivatsiya etishmagan ko‘rinadi. Vaholanki, kattagina maosh ko‘rsatilgan shaxsiy shartnomaga ega bo‘lishiga qaramay, Musa Evropaga qaytishga qaror qildi. Hozirda uni Turk klublaridan biri bilan muzokaralar olib borayotgani haqida mish-mishlar mavjud.

Diego Kosta – 10 million evro
32 yoshli hujumchi «Atletiko» bilan hurmat saqlagan holda xayrlashdi. Uning o‘rnini darrov Mussa Dembele bilan to‘ldirishdi. Kosta esa, klubsiz qolib ketmasligi aniq. U bilan MLS va arab klublari qiziqib qolgan. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, futbolchi yanvar so‘ngiga qadar birorta klub bilan shartnoma imzolashni rejalashtirgan.

Aleks Teysheyra – 12 million evro
2016 yilning boshida braziliyalik futbolchi kutilmaganda Xitoy klubi bilan shartnoma imzoladi. Uni «Liverpul» yoki «Manchester Siti»da ko‘rishni taxmin qilganlar hayratda qoldi. 2020 yilning 1 yanvar sanasida, Aleks shartnomasini bekor qildi va vataniga qaytdi. Hozirda, 31 yoshli futbolchi bilan bir nechta grandlar qiziqib qolgan.
Fikrlar