Ayollar futboli. "Sevinch" o‘z maydonida "Metallurg-W" ga mag‘lub bo‘ldi
Bugun Qarshi shahridagi “Geolog” stadionida ayollar o‘rtasidagi XXIII O‘zbekiston chempionatining 3-tur doirasidagi markaziy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda “Sevinch” va Bekobodning “Metallurg W” jamoalari o‘zaro kuch sinashdi, deya klub rasmiy sayti xabar bermoqda.
Keyingi yillarda ushbu jamoalar ayollar futbolining yuqori ligasida etakchilik qilib kelishmoqda. Shuning uchun bu jamoalar o‘rtasidagi har bir bahs printsipial ahamiyatga ham ega.
Uchrashuvning dastlabki daqiqalari teng kurashlar ostida kechdi. Vaqt o‘tgan sayin “Metallurg W” jamoasining maydonda ustunligi sezila boshlandi. Ularning Superkubok bahsidagi yirik mag‘lubiyatidan so‘ng, ushbu uchraushuvga astoydil tayyorgarlik ko‘rganlari sezilib turdi.
Birinchi bo‘limda raqibimiz gol urish uchun ko‘plab vaziyatlar yarata olishdi. Ko‘p vaziyatlarda jamoamiz himoyalanishga majbur bo‘ldi. Aksariyat hujumlar mehmonlar to‘purari Lyudmila Karachik orqali amalga oshirildi. U tez-tez darvozamizga xavf solib turdi. Ammo himoyachilarimiz va darvozabonimiz Laylo Tilavova darvozamizdan gol o‘tkazib yubormaslik uchun, haqiqiy jonbozlik ko‘rsatishdi.
Tarkibimizda tajribali o‘yinchilar kamligi bugungi o‘yinning sifatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmasdan qolmadi. O‘yinchilarimiz “Metallurg W” jamoasi darvozasiga bironta aniq zarba yo‘llay olishmadi.
O‘yin keskin kurashlarga boy bo‘ldi. Maydonda harakat qilgan har ikkala jamoa o‘yinchilari o‘zlarini ham raqiblarini ham ayashmadi. Bu orqali uchrashuvda tez-tez to‘xtalishlar ham bo‘lib turdi.
Birinchi bo‘limda hisob ochilmadi.
Ikkinchi bo‘lim birinchi bo‘limga nisbatan yanada keskin kurashlarga boy bo‘ldi. Birinchi bo‘limda hakam tomonidan ogohlantirilgan, jamoamiz sardori Kamola Riskieva 52-daqiqada ikkinchi marta ogohlantirish oldi va maydondan chetlatildi. “Sevinch” maydonda 10 kishi bo‘lib qoldi. Bu jamoamiz uchun katta yo‘qotish bo‘ldi. Chunki Kamola Riskieva ayni paytda jamoamizning o‘yinda ma’suliyatni to‘liq o‘z zimmasiga oladigan asosiy o‘yinchimiz hisoblanadi. Maydonda bitta kam bo‘lib qolgan jamoamiz, o‘yinda biroz ustunlik ham qilishdi. Ammo mehmonlar borgan sari katta bosim bilan hujumlarga zo‘r berishdi.
O‘yin shunday davom etayotgan paytda, aniqrog‘i uchrashuvning 80-daqiqasida “Metallurg W” jamoasi jarima maydonimiz yaqinida, qulay nuqtadan jarima to‘pi tepish huquqiga ega bo‘ldi. Jarima to‘pini Lyudmila Karachik bexato amalga oshirdi va o‘z jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi – 0:1.
Qolgan 10 daqiqada ustunlik jamoamiz tomonida bo‘ldi. Jamoamiz ham qulay nuqtada standart vaziyatga ega bo‘ldi. Ammo bu imkoniyatdan futbolchilarimiz foydalana olishmadi.
Shunday qilib, jamoamiz muhim uchrashuvda printsipial raqibiga mag‘lub bo‘ldi. O‘tgan yilgi mavsumning barcha uchrashuvlarida g‘alabaga erishgan jamoamiz. Bu yilgi chempionatning uch uchrashuvidan ikkitasida mag‘lubiyatga uchradi.
O‘ylaymizki, murabbiylarimiz navbatdagi o‘yinga futbolchilarimizni har tomonlama tayyorlay olishadi va kerakli natijalarni qo‘lga kiritishadi.
Sharhimiz so‘nggida bugungi uchrashuvda jamoamizga muxlislik qilgan “Nasaf” PFK muxlislar klubi faollariga va boshqa futbol ishqibozlariga klubimiz nomidan tashakkur bildirib qolamiz.
XXIII O‘zbekiston chempionati, 3-tur
“Sevinch” (Qarshi) – “Metallurg W” (Bekobod) 0:1 (0:0)
27.04.2017. “Geolog” stadioni. 17:00da
Bosh hakam: Anna Sidorova (Toshkent)
Qanot hakamlari: Kristina Sereda (Buxoro), Xusniddin Bahodirov (Toshkent)
Zaxira hakami: Zilola Rahmatova (Qarshi)
Nazoratchi: Oleg Dachev (toshkent)
O‘zAFA vakili: Elmira G‘ulomova.
Gol: Lyudmila Karachik, 80’-0:1
“Sevinch”: 1.Laylo Tilavova, 8.Kamola Riskieva (s), 9.Maftuna Shoyimova, 10.Ilvina Ablyakimova, 11.Shaxzoda Jamolova, 15.Shaxnoza Qurbanova (27.Shodiya Tosheva 56), 17.Tanzilya Zarbieva, 20.Sevara Nomurodova, 23.Maftuna Panjieva (3.Shoira Qulto‘raeva 75), 37.Malika Burxonova, 77.Nilufar Qudratova.
Zaxira: 16.Maftuna Jonimqulova, 6.Feruza Boboxo‘jaeva, 7.Oliya Axmedova, 14.Gulzoda Amirova.
“Metallurg W”: 1.Gulandom Boymatova, 3.Zumrad Nazarova, 6.Iroda Turdalieva, 7.Mahfuza Turapova (23.Diyora Habibullaeva 61), 9.Mahliyo Sarikova (s), 10.Feruza Turdiboeva, 11.Dildora Nozimova, 17.Lyudmila Karachik, 21.Xolida Dadaboeva, 22.Mavluda Munavvarova, 77.Nozima Kamoltoeva.
Zaxira: 30.Ziyoda Irisboeva, 4.Nasiba Xojieva, 18.Yulduza Nabieva, 20.Lutfiniso Xamidova, 25.Diora Erkinova.
Ogohlantirish: Kamola Riskieva (42, 52), Ilvina Ablyakimova (49) – Mavluda Munavvarova (86), Iroda Turdalieva (90).
Chetlatish: Kamola Riskieva (2SK).

Fikrlar