“Barsa” “el-klasiko”dagi mag‘lubiyat sababini aytdi
Ispaniya chempionatining o‘ninchi turida mamlakatning amaldagi chempioni “Barselona” ashaddiy raqib “Real” maydonida o‘ynab, uchrashuvda 1:2 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.
Madridliklarning gollari Kilian Mbappe va Jud Bellingem hisobiga yozilgan bo‘lsa, kataloniyaliklardan Fermin Lopes javob to‘pini kiritdi.
Bosh murabbiy Xans-Diter Flik diskvalifikatsiya tufayli o‘yinda ishtirok etmadi. Uning o‘rniga jamoani boshqargan yordamchi murabbiy Markus Zorg bahsdan keyin o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Biz odatdagidan juda ko‘p xato qildik. Lekin o‘yin oxirida xavfli vaziyatlar yaratish uchun kuchimiz ko‘proq qolgandi. O‘yin uslubini o‘zgartirishga urinib ko‘rdik, lekin hech narsa o‘xshamadi. Hamma narsani sinab ko‘rdik, lekin kutilgan natijaga erisha olmadik.
Lamin Yamal haqida nima deyishim mumkin? Uning uchun bu oson o‘yin bo‘lgani yo‘q. Tabiiyki, ba’zan o‘zini ko‘rsata oldi, lekin raqib himoyachilari juda yaxshi o‘ynadi. Biz Yamal yaqinda jarohatdan tiklanganini va atigi 18 yosh ekanini ham inobatga olishimiz kerak.
Unga qarshi mustahkam himoyalanib o‘ynasa bo‘ladi, lekin biz uning salohiyatini juda yaxshi bilamiz, - dedi Markus Zorg mag‘lubiyatga izoh berib.
“El-klasiko”dan keyin “Real” ochkolari sonini 27 taga etkazib, musobaqa jadvalida peshqadamlik mavqeini mustahkamlab oldi. “Barselona” esa, endi madridliklardan besh ochkoga ortda qolmoqda.



Fikrlar