
"Barsa"da o‘ynagan futbolchi Fayzullaevga baho berdi
Rossiya Premer-ligasiga yozda kelgan futbolchilar orasida Abbosbek Fayzullaev haqiqiy kashfiyot bo‘ldi.
Moskvaning TsSKA klubi “Paxtakor” tarbiyalanuvchisini avgustning boshida o‘z safiga qo‘shib olgan edi. Muxlisu mutaxassislar ilk marotaba xorij chempionatiga yo‘l olgan yosh futbolchining faoliyati qanday davom etishi bo‘yicha turlicha taxminlarni ilgari surdi.
Rossiya futboli jismoniy kuchga asoslangani bois, ayrim mutaxassislar ixchamgina Abbosbekning o‘z o‘rnini topa olishiga shubha bilan qaragani ham sir emas.
Fayzullaevga nimalarga qodirligini ko‘rsatib qo‘yish uchun bir necha uchrashuv kifoya qildi xolos. Ayni paytda 20 yoshli futbolchi “armiyachilar”ning hujumlarini tashkil qilishga mas’ul. Standart vaziyatlarda ham bosh rolda Abbosning o‘zi.
Keyingi paytda rossiyalik ekspertlar, murabbiylar, futbol jamoatchiligi o‘zbek legionerining o‘ziga xos ustun tomonlari haqida juda ko‘p mulohazalarni bildirdi.
O‘z davrida TsSKA, "Espanol", "Barselona", "Xerenven" va "Feyenoord" kabi jamoalarda o‘ynagan Igor Korneev Abbosbek Fayzullaevning Rossiya Premer-ligasiga to‘g‘ri kelmaydigan asosiy kamchiligini va futbolchi bu vaziyatdan qanday chiqib ketayotgani haqida gapirdi.
— Fayzullaevning yaxshi shakllangan texnikasi o‘yinni tashkil qilish, maydonda o‘zi o‘ylagan va istagan ishlarni amalga oshirishini ta’minlab beryapti. Kamchiliklaridan biri jisomnan baquvvat emasligidir. Lekin tezkorligi, chaqqon va engil harakatlari bilan hamda dribling ishlatib, murakkab vaziyatlardan chiqib keta oladi, - dedi Igor Korneev.
Darhaqiqat, TsSKA o‘yinlarini tahlil qilayotgan mutaxassislar Abbosbek Fayzullaevning kreativ o‘yin uslubi, kutilmagan qarorlarni qabul qila olishi, tezkorligi, driblingi, maydonni yaxshi ko‘ra olishi, aniq va hal qiluvchi paslarga ustaligi, o‘zi ham turli masofalardan kuchli zarba berishga qodirligini alohida ta’kidlab kelmoqda.
Bundan tashqari, o‘zbek futbolchisi TsSKA muxlislari mehrini ham qozondi. Fayzullaev jamoasining sentyabr oyidagi eng yaxshi futbolchisi, deb e’tirof etildi.
Rossiya Premer-ligasida TsSKAning “Krilya Sovetov”, “Spartak” va “Rubin”ga qarshi o‘tkazgan bellashuvlarida uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi sovrini ham aynan legonerimizga nasib qildi.
Ta’kidlash lozimki, yaqinda Abbosbey Fayzullaev kelajakda Ispaniya grandi "Barselona"da o‘ynash istagi borligini ma’lum qilgandi.
Shomurodovning ishlari yaxshi tomonga o‘zgardi
Raneri muhim o‘yin oldidan Shomurodovning ahvoli haqida ma’lumot berdi
Fikrlar