
“Barsa”ning shok transferlari qaysi bo‘lishi mumkin?
Pep Gvardiola qo‘li ostida shakllangan “Barselona” negizi (bular – Messi, Buskets, Pike va keyinroq Alba) allaqachon 30 ga kirdi yoki shu atrofida. Jamoaning etakchi hujumchisi Luis Suares va ajoyib yarim himoyachi Ivan Rakitich ham shu qatorida.
Yoshi o‘tib borayotgan futbolchilarga ega “Barsa” yoshlarni olib kelishga muhtoj. Xuddi, Usmon Dembele, Kleman Langle, Jan-Kler Todibo, Malkom va Artur kabi. 70 million evroga olib kelinayotgan Frenki De Yongni hisobga olmaganda.
Biroq bu hammasi emas. “Barsa” De Yongning jamoadoshi De Ligtni ham “Kamp Nou”ga olib kelish istagida yonmoqda. Eng muhimi kataloniyaliklar 60 million evro deya baholanayotgan Luka Yovichni ham olib kelib hujumchi muammosini hal qilmoqchi.
Bularni rejalashtirayotgan “ko‘k-anorranglilar” yozni qaynoq holatda o‘tkazishi kutilmoqda. Shu bilan birga ularning byudjeti ham bunday transferlar natijasida ortishi aniq. Klub rahbariyati esa oylik byudjetini kamaytirish uchun ba’zi futbolchilari bilan xayrlashishi ham mumkin. Xo‘sh qaysi transferlar ko‘pchilik uchun kutilmagan bo‘lishi mumkin?
Samyuel Umtiti
Umtitining transferi eng omadlisi bo‘ldi. 2016-yil yozida atigi 25 million evroga olib kelingan himoyachi o‘zini oqladi. Jismonan baquvvatligi, texnikasi va ruxiyati yuqoriligini namoyish qildi. U o‘shandan beri dunyoning eng yaxshi himoyachilaridan biriga aylandi, o‘tgan yozda esa Frantsiya bilan Jahon chempioniga aylandi.
Biroq birgina muammo unga halal qildi. U turnirni tizzasidagi og‘riq bilan o‘tkazdi. Joriy mavsum avvalida esa bu uni qayta bezovta qildi. Klub muammoni jarrohlik amaliyoti orqali hal qilishni istadi. Umtiti esa buni rad qilib o‘z vaqtini istamagan holda cho‘zib yubordi. Natijada u 120 kun o‘yindan tashqarida qolib ketdi va ayni vaqtgacha atigi 10 o‘yinda ishtirok etdi.
Hukm: sotish
Uning yo‘qligida Langlening yaxshi o‘ynaganligi, boz ustiga yozda De Ligtning ehtimoliy transferi yangi mavsum boshida “ko‘k-anorranglilar” tarkibida 4 ta top-himoyachi bo‘lishiga zamin yaratadi. Bunday murakkab raqobatdan kimdir yutqazishi aniq. Katta ehtimol bilan bu Umtiti bo‘ladi. U safda bo‘lganida muammo yo‘q, ammo klubdagilar uning jarohati davriy tus olishidan havotirlanishmoqda. Kuchli himoyachi qidirib yurgan “MYu” “Barsa”dagilarni osonlikcha ko‘ndirishi mumkin.
Ivan Rakitich
“Barselona”ning kamdan-kam futbolchilari etarlicha qadrlanmaydi. Dunyoning eng kuchli yarim himoyachilaridan biri Ivan Rakitich ana shundaylardan biri. Frenki De Yongning yozda klub safiga qo‘shilishi va Arturning sport formasi, boz ustiga klub tarbiyalanuvchisi Riki Puchning o‘sib borayotgan salohiyati, Busketsning mukammalligi Rakitichga “Barsa”ni tark etishdan boshqa chora qoldirmasligi mumkin. Ko‘pchilikning fikriga ko‘ra, aynan Rakitich klubning byutjetini kamaytirish yo‘lida qilinishi kerak bo‘lgan dastlabki transfer egasi bo‘ladi. Bunday gap-so‘zlar chiqishiga uning amaldagi shartnomasini uzaytirish bo‘yicha klubning jim qolayotgani sabab bo‘lmoqda. 2021-yilda shartnomasi tugaydigan 31 yoshli futbolchi bilan shartnoma imzolanadimi?
Hukm: Olib qolish
Rakitich a’lo darajadagi futbolchi va Buskets bilan tayanch yarim himoyasidagi eng yaxshi variant hisoblanadi. Raqibning qarshi hujumlarini qaytarish “Barselona” o‘yinida muhim qism va xorvatiyalik futbolchi buni mukammal tarzda amalga oshirmoqda. Kamiga Ernesto Valverde uni juda-juda qadrlaydi. Hatto mish-mishlarga ko‘ra, Rakitichni jamoada olib qolish talabi evaziga murabbiy shartnomasini qayta uzaytirilishiga rozi bo‘lgan.
Kelgusi mavsumda 4 ta asosiy tarkibda o‘ynashga loyiq futbolchilardan uchtasiga maydonda joy bor. Rakitichni yozda olib qolib uni Buskets, Artur va Frenki bilan rotatsiya qilish variantini g‘am o‘ylab ko‘rish kerak. Keyin uni bemalol sotib yuborish mumkin. Yoki uni shartnomasi muddati tugashiga imkon berish kerak.
Fikrlar