“Barselona”ning muammosi tizim emas, ijrochilar
Chempionlar ligasi doirasidagi “Bryugge” - “Barselona” (3:3) bahsiga batafsilroq to‘xtalamiz. Asosan “Barsa”ning kamchiliklari haqida:
1. To‘p nazoratida “Barselona” uch baravar ustun: 24-76;
2. Darvoza tomon zarbalarda ikki baravardan oshiqroq farq: 10:23;
3. Aniq zarbalarda tenglik: 6:6;
4. xG’da tenglik: 2,14 - 2,14;
5. Yaqqol golli vaziyatlarda “Bryugge” ustun: 5 - 4.
O‘yinni nazorat qilishning asosi bu - to‘p nazorati. Bu borada “Barsa”ga gap yo‘q. Jarayonni nazorat qilish esa bu raqibga imkon qadar xavfli vaziyat va zarba yo‘llashga imkon bermaslik. Bu borada ular haddan ziyod yomon. Aslida, Flik jamoasi ongli ravishda raqibga xavfli hujum va gol urishga imkon beradi. Faqat sal turib laynsmen bayrog‘ini ko‘tarishi va jamoa futbolchilari hamda muxlislari engil tin olishi kerak.

Biroq himoya vakillarining birgina xatosi ham bunday pallada qimmatga tushadi. Arauxo yakkakurashlarni eng ko‘p yutib beruvchi, himoyaviy harakatlar ko‘rsatkichi bo‘yicha jamoadagi eng yaxshi himoyachi. Biroq hozirgi “Barsa” ko‘proq aql bilan himoyalanadi. Maqsad raqibni “g‘ajish” emas. Shunchaki, safni buzmay, to‘g‘ri, bir chiziqni ushlagan holda turish - asosiy missiya.
Bu missiyani Kubarsi va Inigo juftligi qoyilmaqom uddalardi. Inigo endi jamoada emas. Flikning qaysarligi tutib, Kubarsini ham “Bryugge”ga qarshi zaxirada qoldirdi. Suratda esa belgiyaliklar kiritgan ilk gol va “Barselona” ushlashga intilayotgan ofsayd liniyasi. Mana shu skrinning o‘zigina Arauxo kabi ijrochi bilan bu uslubni uddalab bo‘lmasligini bildiradi. Yo uslubdan yo Ronalddan voz kechish kerak.

Ha aytgancha, Yamal ikkinchi bo‘limda “Bryugge”ga qarshi hujumda deyarli bir o‘zi o‘ynadi. Qariya Levandovski raqib jarima maydoni ichida, Reshford esa chap qanotda, “Lamin nima qilar ekan”, deya kuzatdi, xolos. Robertning ishi payt poylash, buni tushunsa bo‘ladi, ammo Reshfordda qiyin vaziyatlarda chaqnaydigan harakter, aytaylik qobiliyat ham yo‘q. Avval aytganimdek, u “Barsa”da shunchaki to‘ldiruvchi rolda bo‘lishi, baribir undan ko‘p narsa kutilmasligi kerak.
“Barsa” muxlislari hujumda xavf va tajovuz ko‘payishi uchun Rafinya qaytishini, yarim himoyada balans va Yamaldan tashqari yana bir ijodkor maydonda bo‘lishi uchun Pedri qaytishini kutishi lozim. Markaziy himoya juftligi esa haqiqiy muammo.

Erik Garsiya - Pau Kubarsi juftligi bilan ofsayd liniyasi va to‘p nazoratini ta’minlash mumkin, ammo bu juftlik bilan yakkakurashlar va ikkinchi qavatda yutqaziqlar ko‘payib ketadi. Agar Arauxo birining o‘rnida harakat qilsa, ofsayd liniyasida ulkan xavf vujudga keladi. Tabiiyki, “Barsa”ning o‘zi uchun.
Flik hamon turli rotatsiyalar bilan optimal echim qidiryapti. Aslida, unga qiyin. Jamoaning neki yutug‘i bo‘lsa, bu aynan Flikka tegishli. U jamoaga endi kelgan payt Gyundogan “Siti”ga qaytib ketgandi. Bu yozda Inigo to‘satdan ketib qoldi. Faqatgina muammoga boy darvoza pozitsiyasiga (Ter Shtegen ko‘p jarohat olishi, Shensniy esa asosiy darvozabon roliga u qadar munosib emasligi sababli) yaxshi ijrochi olib kelindi. Reshford esa shunchaki rotatsiya uchun yaxshi nomzod, o‘rtadan biroz yuqori klass. Evropaning istalgan boshqa grandlari qanchadan-qancha yirik xaridlar amalga oshiryapti, e’tibor bering. Flik esa shunchaki boridan foydalanyapti. Demak, oxir-oqibat baribir u tanqid qilinmasligi lozim.
Karim Xudayqulov maqolasi



Fikrlar