
Bektemir Abdumannonov: "Ronalduga qarshi o‘ynab ko‘rish niyatim bor"
“Andijon”ning etakchi futbolchilaridan biri, iqtidorli qanot yarim himoyachisi Bektemir Abdumannonov birinchi davrada “Burgutlar”safida Superliganing barcha 15 ta va Kubokning 3 ta o‘yinida maydonga tushdi. 4 ta gol urdi va 2 ta golli pasni amalga oshirdi. Oldinda esa hal qiluvchi mavsumning ikkinchi qismi turibdi. Bilasiz, “Andijon” chempionatdan tashqari bu yil ilk bor Osiyo Chempionlar ligasi 2 musobaqasida yurtimiz sharafini himoya qiladi. Abdumannonov esa birinchi davra va oldinda turgan chempionat hamda OChL 2 haqidagi savollarga javob berdi.
- Ortda qolgan birinchi davra haqida nimalarni ayta olasiz va nimasi bilan yodingizda qoldi?
- Mavsumni yaxshi boshlagandik. Orada omadsizlikka uchradik. 5-6 ta uchrashuvda ketma-ket yutqazib qo‘ydik. O‘shanda yigitlarda ham biroz ruhiy tushkunlik sezilgandi. Keyin yangi murabbiyga moslashish jarayonini o‘tkazdik va hozir barchasi joyida. Ikkinchi davraga puxta tayyorgarlik ko‘ramiz. Xudo xohlasa, birinchi davrada yo‘qotilgan ochkolarni ikkinchi davrada to‘ldiramiz.
- Birinchi davra o‘rtalarida bosh murabbiy o‘zgardi. Unga to‘liq moslashib oldinglarmi?
- Murabbiyning taktikasiga hamma moslashdi. O‘rtadan ko‘proq hujum uyushtirish bo‘yicha ham ishlayapmiz. Moslashuvchanlik juda yaxshi va tezroq amalga oshdi. Maksim Shatskixning uslubi zamonaviy futbol. Ikkinchi davraga Tojikistonda tayyorgarlik ko‘ramiz, yangi o‘yinchilar ham kelishadi.
- Ikkinchi davra juda muhim ahamiyat kasb etadi. Bundan tashqari, jamoani OChL 2 musobaqasi kutyapti. Bu “Andijon” uchun ham, siz uchun ham debyut sanaladi. Nima kutyapsiz va qanday tasavvur qilyapsiz?
- Xudo xohlasa, muxlislarimizni xursand qilmoqchimiz. Bunday katta-katta turnirlarda muvaffaqiyatli qatnashish juda muhim. O‘z imkoniyatimiz va salohiyatimizni ko‘rsata olsak, bemalol guruhdan chiqsak bo‘ladi. Qo‘limizdan kelganicha musobaqada uzoqroqqa borishga harakat qilamiz. Qaerda bo‘lsa ham “Andijon” o‘zini ko‘rsata olishi kerak.
- OChLda qatnashish siz futbolchilarga ham alohiyada motivatsiya...
- Ha, shunday. Kimlar uchundir bu turnirda qatnashish birinchi marta bo‘ladi. O‘zimizni ko‘rsatsak balki xorijdan yaxshi takliflar bo‘lishi mumkin.
- “Andijon”ni qanday guruhda tasavvur qilyapsiz?
- Bilmasam. Saudiya Arabistoni, Quvayt kabi mamlakatlarning jamoalari tushsa kerak.
- Krishtianu Ronalduga qarshi to‘p surishni orzu qilyapsizmi?
- Ha, Ronalduga qarshi o‘ynab ko‘rish niyatim bor. Agar uni jamoasi bilan bir guruhga tushib qolsak boshqacha tayyorlanamizda. Qur’ada hammasini bilib olamiz.
- Ikkinchi davraga tayyorgarlikda ko‘proq nimalarga e’tibor qaratamiz, deb o‘ylaysiz?
- Zaxiramizni ham kuchaytirishimiz kerak. Bitta tarkib bilan qiyin bo‘ladi. 5-6 nafar yangi o‘yinchilar kelsa murabbiylarning o‘ylagan rejalari amalga oshishiga xizmat qiladi. Yoshlar hali katta o‘yinlarga tayyor emas. Ularga vaqt kerak, ammo jamoaga qo‘shilib ketishga harakat qilishyapti. Yangi futbolchilar kelganidan keyin bemalol asosiy tarkibdagi o‘yinchining o‘rnini kuchaytira oladigan bo‘ladi, deb umid qilaman.
- Jamoadan ijobiy natijalar kutayotgan muxlislarga nima deysiz?
- Bizni qo‘llab-quvvatlashda davom etishsin. Xudo xohlasa, ikkinchi davrada ularni xursand qilamiz. O‘yinlarimiz oldinda. Yana 15 ta o‘yinimiz bor. Hali bemalol yuqori o‘rinlarga ko‘tarilishga imkoniyatimiz bor.
Fikrlar