Belarusdagi legionerimiz yangi jamoaga o‘tdi

  • 12.12.2020 19:15
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 2
  • Futbol

Belarus chempionatida to‘p tepgan futbolchilarimizdan Shahboz Umarov  uchun ham joriy mavsum muvaffaqiyatli bo‘ldi. Albatta, bu legionerimiz do‘sti Jasur Yaxshiboev kabi chempionlikka erishgani yo‘q, individual reytinglarda ham ko‘zga tashlanmadi. Biroq, uning o‘yini qator skautlarning nazariga tushdi.

AGMKdan “Energetik-BGU”ga ijaraga olingan Shahboz Umarov ham aslida birinchi davradan so‘ng boshqa jamoa bilan shartnoma imzolagani haqida xabar bergandik. So‘nggi turgacha “Shaxtyor” bilan chempionlikni talashgan BATE o‘zbek futbolchisi bilan yozdayoq hamkorlikni rasmiylashtirgan bo‘lsa-da, kelishuvga ko‘ra, Shahboz minsklik “talabalar” uchun chempionat yakunigacha o‘ynab berdi.

Shahboz Umarov “Energetik-BGU” tarkibida barcha – 30 ta o‘yinda ishtirok etgan yagona futbolchi bo‘ldi. Shu ko‘rsatkichning o‘zi hamyurtimizning jamoadagi mavqeini belgilab beradi. Ilk bor legoner maqomida o‘zga yurtda to‘p surgan futbolchimiz to‘rtta gol urib, uchta golli pas oshirdi.

125948_680_3

Umarov gol urgan o‘yinlarda “Energetik-Bgu” yutqazmadi, uchta g‘alaba va bitta durang qayd etdi. Ayniqsa, hamyurtimizning BATE darvozasiga qariyb 40 metr uzoqlikdagi jarima zarbasidan urgan super goli Evropa kanallarida ham anchagacha aylandi. Borisovliklarni tiz cho‘ktirgan shu goldan keyin BATE rahbarlari Umarov transferiga rozilik berdi.

“Energetik-BGU” jamoasi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida Shahbozga murakkab paytda jamoadan ketmasdan oxirigacha birga bo‘lgani uchun minnatdorlik bildirib, yangi klubi – BATEda  unga omad tiladi.

- Shahboz yil boshida jamoamiz bilan shartnoma imzolagan edi. O‘tgan mavsumda 30 ta o‘yinda qatnashib, to‘rtta gol va chta golli pas muallifi bo‘ldi. Yozgi transferlar davrida BATE bilan shartnoma tuzgan bo‘lsa-da, jamoamiz sha’nini oxirigacha munosib himoya qildi. Shahboz, senga keyingi faoliyatingda ham omad tilaymiz, - deyiladi klub bayonotida.

Shahboz ham jamoadoshlariga qo‘llab-quvvatlashgani uchun rahmat aytdi.

photo_2020-12-10_12-28-28

Shahboz Umarov asli Bo‘ka shahrida tug‘ilgan. Keyinroq, oilasi Olmaliqqa ko‘chib o‘tgan. Otasi o‘z vaqtida futbol o‘ynagan. Tayanch yarim himoyachisi sifatida sobiq Ittifoq davrida Bo‘ka jamoasida respublika miqyosida to‘p surgan.

Umarov “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi bo‘lsa-da, professional faoliyatini AGMK jamoasida boshladi. Avval o‘rinbosarlar tarkibida o‘ynagan futbolchi, keyinchalik asosiy  jamoaga jalb qilindi.

AGMK tarkibida 2018 yilda mamlakat kubogini qo‘lga kiritgan. “Barselona” muxlisi. Futbolchilardan Neymarni yoqtiradi.

Darhaqiqat, “Energetik-BGU” jamoasi Umarov faoliyatida tramplin vazifasini o‘tab berdi. Endi Shahboz Belarusning 15 karra chempioni, Evrokuboklarda muntazam ishtirok etadigan BATE safida o‘z iste’dodini namoyish etishi kerak. BATE ham legionerimizning yuksak orzulari yo‘lida katta qadam bo‘ladi. Chunki, Shahboz Umarov jurnalistlar bilan suhbatda o‘z oldiga Germaniyada o‘ynashni maqsad qilib qo‘yganini aytgan.

- Borisovga ko‘chib o‘tishdan qo‘rqmayman. U erda asosiy tarkibga kirish uchun raqobat kuchli. Bu har tomonlama yaxshi. Men BATE ham huddi “Energetik” kabi faoliyatimda navbatdagi tramplin bo‘lishiga umid qilaman. To‘g‘risini aytsam, hamyurtlarim kabi Rossiya borish niyatim yo‘q. Germaniyaga o‘tsam zo‘r bo‘lardi. Men nemis futbolini yoqtiraman. Ispaniyaniki ham yoqadi, - degan edi Shahboz Umarov.

Shahboz Umarov: Men Rossiyada emas, Germaniyada o‘ynashni istayman!

Shahboz Umarov: Men Rivaldoga to‘p uzatib turganman

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Liverpool fan
11/12/2020 08:29
Омадини берсин
Бундеслигада куриш насиб этсин
&
Okasi
10/12/2020 21:49
Тезкорлиги қоптими хабарни, бутун дунё блим бўлган хабарни тезкор дейишга бу сайтнинг ҳаққи йўқ! Бир оз ор билинглар йигитлар! Бу сайтни обрўсига путур етмасин!!!