"Benfika" klubi vakillari "Andijon"da! Tashrifdan maqsad qanday?

  • 25.10.2021 00:34
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

“Andijon” jamoasining nufuzi va imidjini oshirish bo‘yicha rahbariyat tomonidan ishlab chiqilgan aniq rejalar mavjud bo‘lib, ulardan biri Evropa klubi bilan istiqbolli kelishuvga erishish edi. Shu maqsadda Portugaliyaning “Benfika” klubi bilan hamkorlik bo‘yicha dastlabki qadamlarni tashladi. Bu xususida “Andijon” jamoasi matbuot xizmati ham xabar bermoqda.

Hammamizga yaxshi ma’lumki, bugunga kelib Evropa futboli boshqa qit’alardan ancha ilgarilab ketgani hech kim uchun sir emas. Millionlar o‘yinini san’at darajasiga olib chiqishga erishishmoqda, desak yanglishmaymiz. Andoza olishga arziydigan ishlari talaygina. Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, o‘z oldiga rivojlanish strategiyasini maqsad sifatida qo‘ygan "Andijon" klubi rahbariyati ham bir joyda depsinib turishni istamayapti. Garchi, klub Superligada qolish uchun kurash olib borayotgan bo‘lsa-da, qolgan jabhalarga ham e’tibor qaratishni unutmayapti. Tizimni tartibga keltirish, infratuzilmani zamonaviy ko‘rinishga olib kelish borasida izlanilmoqda, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Shu maqsadda “Burgutlar” Evropada o‘z o‘rniga va mavqeiga ega bo‘lgan, iste’dodlarni etishtirish bo‘yicha boshqalarga o‘rnak bo‘la oladigan “Benfika” bilan yaqindan aloqa o‘rnatishni boshladi.

benfik1

Yodingizda bo‘lsa, “Andijon” klubi rahbari Jur’atbek Quvvatov Sports.uzga bergan oldingi intervyularidan birida aynan “Benfika” klubi bilan hamkorlik borasida muzokaralar olib borilayotgani haqida aytgandi. Faqat pandemiya sababli bu jarayon biroz cho‘zilgandi.

Nihoyat, uzoq davom etgan muzokaralardan so‘ng kelishuvga erishilib, portugaliyaliklar ikki vakilini vaziyatni o‘rganish, kelishuv imzolash maqsadida Davide Gomes va Ugo Ribeyroni safarbar etishdi. Kuni kecha ushbu mutaxassislar Andijonga etib keldi. “Benfika” klubi vakillari “Andijon” klubi rahbari Jur’atbek Quvvatov bilan uchrashdilar. Portugaliyalik mehmonlar “Andijon” jamoasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yganidan mamnun ekanliklarini ta’kidlab o‘tdi. “Andijon” va “Benfika” jamoalari birgalikda Andijon shahrida Portugaliya klubi bilan hamkorlikda futbol akademiyasini ochish borasidagi masalalar ko‘rib chiqildi va bu boradagi hamkorlik to‘g‘risida muzokaralar olib borildi. Ma’lumot o‘rnida shuni aytmoqchimizki, “Benfika” jamoasining dunyo bo‘ylab 13 ta akademiyasi mavjud. Kelajakda Andijon shahrida ham “Benfika” akademiyasi o‘z faoliyatini boshlashi kutilmoqda.

benfika1

Shuningdek, mehmonlar “Andijon” klubi tasarrufidagi futbol maktabini ham ko‘zdan kechirishdi. Tabiiy chimli standart uchta maydonga ega dargoh portugaliyaliklarda iliq taassurot qoldirganligini keyingi suhbatlar davomida anglash qiyin emasdi. Murabbiylarning mashg‘ulot jarayonini bevosita amalda kuzatishdi.

Tabiiyki, “Benfika” klubidan kelgan mutaxassislar “Bobur arena” stadionini ham yaqindan kuzatib chiqdilar. Ular stadion bilan tanishayotgan mahalda “Andijon” jamoasi “Nasaf”ga qarshi o‘yin oldidan oxirgi mashg‘ulotini o‘tkazdi. Portugaliyaliklar futbolchilarning engil mashg‘ulotlarini tomosha qilishdi va o‘zlari uchun bir nimalarni qayd etishib, yozib olishdi. Mashg‘ulotlar yakuniga etgach, bosh murabbiy Viktor Kumikov bilan o‘n daqiqa davomida suhbatlashishdi. Tarjimon yordamida muloqot qilishsa-da, futbol tilida fikrlarni anglash qiyin kechmadi. "Andijon" ustozi hazilni asosiy o‘ringa qo‘yib, tezda o‘rtadagi "masofa"ni "yaqinlashtirish"ga erishdi.

benfika

Shundan keyin mehmonlar “Andijon” hamda “Nasaf” jamoalari ishtirokidagi o‘rinbosarlar bahsini ham stadionda tomosha qildilar. Shuni ta’kidlash kerakki, hozir ular "Andijon" klubiga oid holat, sharoitlarni o‘rganishmoqda va kuzatuvlar xulosasini yurtlariga etib borishganida berishadi. Keyingi munosabatlar klublar o‘rtasida qanday kechadi, ana shunda bilib olamiz. Andijondagi futbol holati bilan yaqindan tanishib chiqayotgan “Benfika” vakillarining tashrifi davom etmoqda. Rejaga ko‘ra, ular bugun bo‘lib o‘tadigan “Andijon” hamda “Nasaf” jamoalari ishtirokidagi o‘yinga ham guvoh bo‘ladilar.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Узбек легионер
06/11/2021 01:49
Бенфикани ким уйлаб топибди..?
Якинрокдан топайлик.....
&
Мехриддин Абдурахмонов
25/10/2021 01:42
Андижонда омад, кийин булади. Лекин лиганда колса кейинги йилга яхши узгаришлар булса керак.