
Besh yildan beri zaxiraga "mixlangan" iste’dod sohibi!
Bu yil chempionlik kamarini himoya qila olmasligi aniq bo‘lib ulgurgan va asosan ikkinchi o‘rin uchun kurashayotgan «Lokomotiv» klubi chindan ham qimmatli ochkolarni boy berib, «Paxtakor»ni o‘zidan ancha oldinga o‘tkazib yubordi. Lekin bugungi maqolamiz jamoaning chempionlikni qo‘ldan chiqarayotgani bilan bog‘liq emas. Balki, «temiryo‘lchilar» safida beshinchi mavsumini o‘tkazayotgan, biroq shuncha paytdan beri zaxirada o‘tirib o‘z vaqtini kutayotgan Ma’mur Ikromov haqida. Bu yil 37 yoshni «urib» qo‘ygan Ikromov aslida tajribali posbon sanaladi. Shuning uchun ham «Lokomotiv» zaxirasida tajribali posboni bo‘lishini istagan holda uni qo‘yib yuborgisi kelmayapti. Lekin endi bu holat Ma’murga yoqmayapti. Masalan, bu yil u hali Superliga doirasida biror marta ham maydonga tushgani yo‘q, faqat Osiyo Chempionlar ligasining guruh bosqichi oxirgi turida Qatarning «Al Rayyan» jamoasiga qarshi maydonga tushgandi. «Loko»ning zaxira darvozaboni bir qator masalalarda o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
«Bu erda meni hamma narsa qoniqtiradi, faqat…»
- «Lokomotiv»da meni birinchi ushlab turgan masala – bu Toshkentda, uyim, bola-chaqamning oldidaligimdir. Bundan tashqari, meni «Lokomotiv»dagi barcha sharoitlar qoniqtiradi. Mana, besh yildan beri Osiyo Chempionlar ligasida ham ishtirok etib kelyapmiz. Minus tomoni esa men bu erda o‘ynayotganim yo‘q, zaxirada qolib ketyapman. Lekin mashg‘ulotlarda ter to‘kib ishlayapman va har doim maydonga tushishga tayyor bo‘lib turibman. Hamma narsa bo‘lishi mumkin, shuning uchun sport formamni saqlab kelyapman.
«Nazarimda, mavsum yakunida «Lokomotiv»dan ketaman»
- O‘zimning fikrim bo‘yicha ham bu yil asosiy tarkibda maydonga tusharman deb o‘ylagandim. Lekin kimni maydonga tushirish – bu murabbiyning tanlovi. Ushbu mavsum oldidan esa iqtidorli yosh posbon Javohir Ilyosovni taklif qilishdi. Uning kelajakda yanada yaxshi posbonga aylanishiga umid qilib, u bilan bejizga uch yilga shartnoma tuzishmagan. Nazarimda, murabbiylar menga ishonch bildirishmadi. Albatta, meni ham o‘ynagim keladi, xadeb zaxirada qolib ketaverish kimga ham yoqardi. Menga esa deyarli imkoniyat ham berilgani yo‘q. Ammo shunga qaramasdan, hamon imkoniyatimni kutib o‘tiribman. To‘g‘risi, zaxiraga o‘tirishdan charchaganim uchun bu yil jamoamni almashtirmoqchi edim. Keyin Ignatiy Nesterov ketganidan so‘ng «Lokomotiv»da yana qolib ketdim. Yanglishmasam, bu yil mening «Lokomotiv»dagi oxirgi mavsumim bo‘lsa kerak. Lekin doim peshonamizga yozilganini ko‘ramiz. Biroq katta ehtimol bilan ketsam kerak. Axir meni ham o‘ynagim keladi.
«Vaqtimni kutaverib charchadim»
- Vaqtim kelishini kutishdan charchadimmi? Nima ham qilardim, bu – hayot. Albatta, kutaverib charchadim. Ko‘rib, bilib turibmanki, bu erda menga imkoniyat berishmaydi. Xudo ko‘rsatmasin-u, asosiy posbon jarohat olib qolsa yoki boshqa bir jiddiy sabab bo‘lsa shundagina meni maydonga tushirishlari mumkin xolos. Keyingi yilga boshqa klublardan variantlar bo‘lsa, ko‘rib chiqaman.
«Yana bemalol 2-3 yil yuqori saviyada o‘ynay olaman»
- Yuqorida aytganimdek, mashg‘ulotlarda qattiq ishlab, yoshlarga o‘rnak bo‘lishga harakat qilyapman va har doim maydonga tushishga tayyor bo‘lib kelyapman. Shuning uchun faqat sabr qilyapman. Axir sabr tagi oltin deb bejizga aytishmaydi. Besh yildan beri asosiy tarkib mashg‘ulotlarda qanday ishlasa, men ham ular bilan bir xil ravishda shug‘ullanib kelyapman. Chunki men kuchimga ishonaman. Yana bemalol 2-3 yil yuqori saviyada o‘ynay olaman. Faqat menga ishonch bildirishsa bo‘ldi.
«Yosh darvozabonlar orasida yaxshilarini ko‘rmayapman»
- To‘g‘ri, hozirda yosh darvozabonlarga ko‘proq e’tibor qaratilyapti. Lekin mening fikrim shundayki, yoshlarning orasidan yaxshi darvozabonlar chiqayotgani yo‘q. Men yoshlarning ichidan yaxshi darvozabonlar ko‘zga tashlanayoganini ko‘rmayapman. Ilgari esa bizning yoshdagi posbonlar orasida 7-8 nafar mahoratlilari bo‘lardi. Balki mening yoshimga ham qarab, unchalik qiziqishmayotgandir. Ammo bunday yoshdagilarda tajriba katta bo‘ladi. Misol uchun mendan bir yosh kichik bo‘lgan Ignatiy Nesterov hozirgi holatida ham istalgan jamoani kuchaytira oladi. U boshqa yoshlardan bir bosh kuchli. Agar bizga ishonch bildirishsa, boshqa jamoalarda yillar davomida to‘plagan tajribamiz yordamida o‘ynay olamiz. Agar biz o‘yinchi bo‘lganimizda tushunardik, shu yoshda maydon bo‘ylab yugurishimiz oson bo‘lmasdi. Biroq darvozabonlarga jismoniy kuch u qadar ta’sir ko‘rsatmaydi. Afsuski, hozirgi yoshlarning ko‘pchiligida ruhiyati kuchsiz. Shuning uchun ham saviyali darvozabonlar kam. Ayrimlari Osiyo chempionatlarida o‘ynab, kerak bo‘lsa jahon chempionatida qatnashib qaytishgach, boshqa klublarga o‘tishadi va shu bilan ular bo‘ldi, men maqsadimga erishdim deb o‘ylashadi. Ammo darvozabon hech qachon yarim yo‘lda to‘xtab qolmasligi kerak. U yana oldinga qarab o‘sishda davom etaverishi kerak. Aynan shu narsada yoshlarimiz oqsab qolishyapti. Biror-bir jamoaga o‘tishda yaxshi oylik va mukofot puliga ega bo‘lsa yoki yaxshigina ko‘tarma pulini olsa, maqsadim ushaldi deb xato o‘ylashyapti. Aslida bu faqat darvozabonlarga emas, o‘yinchilarga ham tegishli. Bizning paytimizda esa bunday emasdi, hech nimaga qaramasdan kirishib ketaverardik, faqat o‘sish haqida o‘ylardik. Futboldan boshqa narsa haqda o‘ylamasdik. Hozirgi yoshlar esa…hayot ham o‘zgarib ketdi. Bizning davrimizda internet unchalik ommalashmagandi. Bekor vaqtimiz bo‘lmasdi, bo‘sh qolsak mashg‘ulotga chopardik. Vaqtimiz futbol bilan o‘tardi. Yoshlar esa internetga berilib, xayollari bo‘linyapti.
«Loko»dagi shuncha yillarim bekorga ketmadi»
- Albatta, «Lokomotiv»da shuncha yildan beri bekorga vaqtim o‘tmayapti. Uch marta O‘zbekiston chempioni, ikki marta O‘zbekiston Kubogi sohibi, bir marta esa Superkubok egasiga aylandim. Shuning uchun bu erga kelib garchi o‘ynamayotgan bo‘lsam-da, afsuslanmayman. Chunki jamoa a’zosi sifatida bir qator sovrinlarni qo‘lga kiritdim. Xudoga shukr, barcha sovrinlarga erishdik. Endi o‘ynashim kerak. Umid qilamanki, kelasi yili etarli darajada o‘yin amaliyotiga ega bo‘laman.
«Ivankov bilan Nesterov eng yaxshisi»
- O‘zbekistonda darvozabonlar bo‘yicha eng yaxshi murabbiy deb Denis Ivankovni aytgan bo‘lardim. U bejizga milliy terma jamoada ham ishlayotgani yo‘q. Men uchun esa baribir Ignatiy Nesterov birinchi raqamli posbon. U hozirgi holatida ham maydonga chiqadigan bo‘lsa, boshqalardan yaxshi qo‘riqlay oladi. Nesterov birinchi davradan keyin yana «Lokomotiv» bilan shartnoma tuzgan. 13 oktyabrdan unga yana maydonga tushishga ruxsat beriladi.
Fikrlar